21:53 / 24.07.2021
5 197

"Majburiy emlanishdan asossiz bosh tortgan 14 toifadagi xodimlarga qanday jazo qo‘llanishi ko‘rib chiqilmoqda"


Respublika maxsus komissiyasi tomonidan majburiy vaksinatsiya qilinuvchi shaxslar asossiz emlanishni rad etgan taqdirda, qanday jazo qo‘llashni ko‘rib chiqish Adliya vazirligi zimmasiga yuklatilgan. Bu haqda, 23 iyul kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Nurmat Otabekov aytib o‘tdi, deya xabar bermoqda «Daryo».

Respublika maxsus komissiyasining 17 iyul kuni bo‘lib o‘tgan kengaytirilgan yig‘ilishida aholi bilan muloqotga kiruvchi 14 toifadagi ishchi-xodimlarni 1 sentabrdan 1 noyabrgacha 3 dozada vaksinalar bilan ommaviy emlanishi (salomatligi bo‘yicha qarshi ko‘rsatma bo‘lgan hollar bundan mustasno) shartligi belgilangan edi. Lekin ommaga oshkor etilgan xabarda 14 toifaga kiruvchi shaxslar majburiy emlanishni asossiz rad etgan taqdirda, ularga qanday chora ko‘rilishi qayd etilmagan.

«Daryo» muxbiri AOKAda bo‘lib o‘tgan anjumanda majburiy emlashni asossiz rad etgan shaxslarga qanday chora ko‘rilishi haqida mas’ullarga savol bilan murojaat qildi. Savolga Nurmat Otabekov javob berar ekan, ushbu masalaga qonuniy baho berish Adliya vazirligi zimmasiga yuklatilganini aytib o‘tdi.

«Respublika komissiyasining oxirgi bayonnomasida aynan mana shu masala bo‘yicha Adliya vazirligiga topshiriq berilgan. Javobgarlik nuqtai nazaridan bu masalaga oydinlik kiritiladi va omma e’tiboriga yetkaziladi», – dedi mutaxassis.

Uning alohida ta’kidlashicha, emlanishi shart bo‘lgan toifadagi xodimlar vaksina olmasa, atrofdagilarga xavf tug‘diradi va boshqalarga kasallikni yuqtirishi mumkin.

«Bizni qiziqtiradigan narsa shuki, men emlansam va emlangandan keyin hosil bo‘lgan immunitetim juda yuqori bo‘lmasa, nega mening atrofimdagilar umuman emlanmasdan meni xavf ostiga qo‘yishi kerak? Shu nuqtai nazardan biz emlanishi shart deyapmizmi, agar u emlanmasa, aholi bilan muloqotda bo‘lib, boshqalarga xavf tug‘dirish ehtimolidan mahrum qilinadi. Demak u kishi, aytaylik, shu oshxonada ishlamaydi, sartaroshxonada ishlamaydi. Dam olib uyida kutib o‘tiradi, qachonki epidemiologik barqarorlik yuzaga kelganidan keyin o‘z faoliyatini davom ettiraveradi. Ularning oshpazlik, yoki ustalik kasbini hech kim olib qo‘ymaydi», – dedi Otabekov.

IIV matbuot xizmati rahbari Shoxrux G‘iyosov ushbu masala yuzasidan «Daryo» so‘roviga bergan javobida hukumat qarorini bajarmaslik ma’muriy javobgarlikni keltirib chiqarishini asos qilgan holda, emlanishni asossiz rad etish Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ko‘ra jazo qo‘llashga olib kelishi haqida ma’lumot bergan edi.

«Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 54-moddasida ‘karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishining yoki tarqalishining oldini olish maqsadida belgilangan majburiy qoidalarni buzish... yoki boshqa qonuniy talablarni uzrli sabablarsiz bajarmaslik’, deyilgan. Xulosa, maxsus komissiyaning qarorlarini bajarmaslik ma’muriy javobgarlikni keltirib chiqaradi», — dedi IIV mas’ul xodimi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 54-moddasi 2-qismida ko‘rsatilgan tartibni buzgan fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravari (4 million 900 ming so‘m), mansabdor shaxslarga esa o‘ttiz baravari (7 million 350 ming so‘m) miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Ma’lumot uchun, Qozog‘istonda ba’zi sohalar xodimlari uchun majburiy vaksinatsiya joriy etilgan,  emlanishdan bosh tortgan xizmat ko‘rsatish sohasi xodimlari jarimaga tortiladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » "Majburiy emlanishdan asossiz bosh tortgan 14 toifadagi xodimlarga qanday jazo qo‘llanishi ko‘rib chiqilmoqda"