19:08 / 07.10.2021
1 780

«Hukumat ixcham bo‘lishi kerak» — Ruslanbek Davletov

«Hukumat ixcham bo‘lishi kerak» — Ruslanbek Davletov
Adliya vaziri Ruslanbek Davletov 5 oktabr kuni o‘tkazilgan «O‘zbekiston: besh yil ichidagi jadal islohotlar» nomli konferensiyada mamlakatda davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish haqida gapirdi, deb yozmoqda «Gazeta.uz».

2017—2021 yillarda davlat apparati samaradorligini oshirishga qaratilgan ma’muriy islohotlar doirasida 110 ta samarasiz idoralararo organlar tugatildi, shu bilan birga, 10 ta yangi vazirlik va idoralar tuzildi. Adliya vaziri hukumat ixcham bo‘lishi kerak, deb hisoblaydi.

«Birinchidan, hukumat ixcham bo‘lishi kerak. O‘zbekistonga yirik davlat apparati to‘g‘ri kelmaydi. Bu ko‘p xarajat talab etadi. Undan ko‘ra iqtisodiyotni rivojlantirishga e’tibor qaratishimiz lozim. Davlat organi qancha ko‘p bo‘lsa, iqtisodiyotni yurg‘izish, tadbirkorning faoliyat yuritishi shuncha qiyin bo‘ladi», — degan u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, davlat organi byurokratiya, shuningdek, qo‘shimcha vakolat va boshqaruv funksiyasi bo‘lishini nazarda tutadi.

«Shuning uchun bu borada byurokratiya tufayli korrupsiyaga botib ketgan qo‘llarimizni qaytarib olishimiz kerak. Salbiy faktorlarni yo‘qotishimiz kerak. Buni birinchi o‘ringa qo‘yishimiz lozim», — degan Ruslanbek Davletov.

Vazir, shuningdek, detsentralizatsiya jarayonini tezlashtirish kerakligini ta’kidlagan.

«Hamma narsa uchun Toshkentga kelaverish shart emas. Hozir veterinariya va SЕS sohasida xulosalarni olish uchun chegaradan o‘tish kerak bo‘lsa, zarur hollarda Toshkentga kelishadi. O‘zi kelmasa ham hujjati keladi. Bu juda noto‘g‘ri jarayon. Shuning uchun bularni maqbullashtirib, odamlarga qulay, yengil tizimni yaratishimiz kerak», — degan u.

Adliya vaziri davlatning oltita funksiyasini xususiy sektorga berish haqida ham to‘xtalib o‘tdi.

«Biz buni davom ettirishimiz kerak. Ko‘p holatlarda xususiy sektor davlatga qaraganda yaxshi ishlaydi. Masalan, [xususiy] notariuslar masalasida bunga qarshi chiqqanlar ko‘p edi. Ishlab ketdi, kamchiliklari bor, ‘tyuning‘ qilyapmiz, ustida turib boshqaryapmiz. Lekin bu samara bermoqda. Boshqacha qilib aytganda, notariuslar katta huquqiy ahamiyatga ega bo‘lgan va yuridik oqibatlarga olib keladigan harakatlarni davlat nomidan tasdiqlab beryapti», — dedi vazir.

Uning so‘zlariga ko‘ra, davlat shunday og‘ir funksiyalarni notariusga bera olgan bo‘lsa, demak, boshqa sohalarni ham bera oladi.

«Davlat xizmatlari sohasida ham bera olamiz. Ko‘pchilik davlatlarda, hattoki qamoqxonalar ham xususiy sektorga berilgan. Men buni taklif qilmayapman, boshqacha o‘ylamang. Aytmoqchimanki, xususiy sektor bilan dadil ishlash kerak», — deb ta’kidlagan vazir.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2018 yilning dekabr oyi oxirida parlamentga yo‘llagan murojaatida mamlakatga «ixcham» Vazirlar Mahkamasi kerakligini aytgandi. O‘shanda hukumat tarkibida 163 ta idora va tashkilot bor edi (hozir — 24 ta vazirlik, 9 ta davlat qo‘mitasi va 5 ta qo‘mita, 3 ta davlat inspeksiyasi va 4 ta inspeksiya, 14 ta agentlik, 6 ta markaz, 2 ta muassasa), bosh vazirlarning turli sohalarda 8 nafar o‘rinbosari bo‘lgan (hozir — 6 nafar).

«Biz ijro etuvchi hokimiyat tizimini optimallashtirishimiz, ma’muriy islohotlarni davom ettirishimiz va davlat boshqaruvida menejmentning zamonaviy usullarini keng qo‘llashimiz lozim», — deb qayd etgan u.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Hukumat ixcham bo‘lishi kerak» — Ruslanbek Davletov