
Bugun Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi tashabbusi bilan tashkil etilgan “Iqtidorli murabbiylar” konferensiyasi o‘z ishini boshladi. Murabbiylar malakasini oshirish, iqtidorli yosh futbolchilarni tayyorlash tizimini modernizatsiya qilish va ta’lim sifatini yaxshilash maqsadida tashkil etilgan tadbirda seleksiya jarayonlarini ilmiy asosda takomillashtirish bo‘yicha ham muhim yo‘nalishlar muhokama qilindi.
Konferensiyaning ochilish marosimida O‘FA rahbariyati va Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi, bu esa ushbu sohadagi yangi qadamlarning boshlanishi sifatida ta’kidlandi.
Tadbirda respublika bo‘ylab kelgan bolalar futboli murabbiylari, professional klublar vakillari ishtirok etdi. Konferensiyaning ma’ruzachilari, o‘zbek futboli afsonasi Mirjalol Qosimov, O‘zbekiston U-17 terma jamoasi murabbiyi Islom Ismoilov, shu bilan birga, belaruslik mutaxassis Sergey Kubarev o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashib, ishtirokchilarning savollariga javob berishdi.
Mutaxassislar bolalar, o‘smirlar va yoshlar futbolida qo‘llanilayotgan zamonaviy metodlar, yangi murabbiylik yo‘nalishlari va ilg‘or yondashuvlar haqida o‘z fikrlarini bildirishdi. Bu konferensiya o‘zbek futbolining kelajagi uchun muhim qadam bo‘lib, murabbiylarning malakasini oshirish va o‘yin jarayonini yanada takomillashtirishda katta ahamiyatga ega.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.