17:41 / 27.10.2021
956

Namanganda shifokorni ayovsiz kaltaklagan aka-ukalarga sud jazo tayinladi

Namanganda shifokorni ayovsiz kaltaklagan aka-ukalarga sud jazo tayinladi
Foto: Telegram
Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan shahar sudida oilaviy poliklinika shifokorini ayovsiz kaltaklagan aka-ukalar bilan bog‘liq jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. Bu haqda Namangan viloyat sudi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Joriy yil 28 iyul kuni Namangan shahar 10-sonli oilaviy poliklinikasiga 22 yashar yigit murojaat qilib, o‘zidan uch yosh katta akasining harorati ko‘tarilayotganini bildirgan va navbatchi shifokordan uni ko‘rib qo‘yishni so‘ragan.

Navbatchi shifokor akaning haroratini o‘lchab, holati yaxshi ekani, tana harorati 36,6 chiqqanini aytadi. Aka-ukalar esa «noto‘g‘ri o‘lchading, holati yaxshi emas» deb qaytadan o‘lchashni talab qilgan. Shifokor xavotirga o‘rin yo‘qligini yana bir bor tushuntirgan. Biroq aka uning javobidan qoniqmay, noto‘g‘ri tashxis qo‘yishda ayblab, shifokor bilan janjallashadi va uni haqorat qilib, yuziga musht uradi. Uka esa shifokorni yotqizib olib, kaltaklaydi. Ichkaridagi shovqinni eshitib, poliklinika qorovuli va tez yordam haydovchisi kelib, ularni ajratadi.

Bu payt shifokor hushini yo‘qotgandi. Uni tez yordam mashinasiga solib, Respublika shoshilinch tez yordam ilmiy markazi viloyat bo‘limiga olib boriladi. Bu yerda shifokorga yengil tan jarohati yetganligi ma’lum bo‘ladi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan shahar sudining ochiq sud majlisida mazkur jinoyat ishi batafsil ko‘rib chiqildi. Unda aka-uka qilmishlaridan pushaymon ekanliklari va shifokordan kechirim so‘raganliklarini bildirishdi.

Aka-ukalar bu hatti-harakatlari bilan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi «b» bandida nazarda tutilgan jinoyat sodir etishgan. Sudlanuvchilarning sodir etgan jinoiy harakatlari ularning aybiga iqrorliklaridan tashqari sud majlisida ishtirok etgan guvohlarning ko‘rsatmalari, sudga oid tibbiy ekspertiza xulosasi hamda jinoyat ishidagi boshqa dalillar yig‘indisi bilan tasdig‘ini topdi, — deydi Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan shahar sudining sudyasi Nodirbek Raimqulov.

Foto: Namangan viloyat sudi matbuot xizmati
Sud ukani Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi «b» bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybdor deb topib, unga nisbatan 2 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinladi.

Sudlanuvchi akaga esa 360 soat majburiy jamoat ishlari jazosi tayinlandi. Jinoyat kodeksining 62-moddasi tartibida uning qamoqda saqlangan bir kuni majburiy jamoat ishlari jazosining 4 soatiga tenglashtirilib, tayinlangan jazodan 144 soat majburiy jamoat ishlari jazosi qoldirildi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Jamiyat » Namanganda shifokorni ayovsiz kaltaklagan aka-ukalarga sud jazo tayinladi