20:56 / 17.11.2021
6 300

Davlat ramzi hisoblangan bayroqning xalqaro ahamiyati

Davlat ramzi hisoblangan bayroqning xalqaro ahamiyati
Suveren davlatning rasmiy ramzlari hisoblanuvchi bayroq, madhiya va gerb mamlakatning xalqaro huquq sub’ektlari bilan aloqalarni o‘rnatishida, xalqaro munosabatlarda ishtirok etishida muhim siyosiy ahamiyatga ega milliy timsol hamda e’tirof belgisidir. Halqaro odat an’analariga ko‘ra davlatning siyosiy mustaqillikka erishishini, xalqaro miqyosda o‘z o‘rniga ega bo‘lishini ushbu ramzlarsiz tasavvur qilish mushkul albatta.

Ma’lumki, davlatimiz mustaqillikka erishgan ilk kunlardanoq O‘zbekiston Respublikasining milliy davlat ramzlarini ishlab chiqishga va ularning huquqiy asoslarini yaratishga bo‘lgan ehtiyoj yuzaga keldi. Ko‘plab say-harakatlar natijasida 1991 yilning 18-noyabr sanasida “O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risidagi qonuni qabul qilinib, mamlakatimizning mustaqilligi timsoli bayrog‘imiz tasdiqlandi.

Aytish joizki, xalqaro munosabatlarda davlat bayrog‘i har qanday mamlakatning milliy ramzi sifatida e’tirof etilishi bilan birga, xalqaro protokol va etiket qoidalarining ajralmas qismi sanaladi. Diplomatik protokol hamda xalqaro muloqotda davlatga va uning rasmiy vakillariga nisbatan hurmat, e’tirof, odob-axloqqa asoslangan “xalqaro hushmomilalik” tamoyillariga amal qilish talab etiladi. Xalqaro protokol amaliyotida asosiy davlat ramzlaridan foydalanishda muayyan odob-axloq normalari ishlab chiqilgan bo‘lib, davlatning suveren ramzlaridan biri bo‘lmish bayroqqa nisbatan aniq protokol munosabatida bo‘lish odat tusiga aylangan.

1961 yilgi “Diplomatik aloqalar to‘g‘risidagi Vena Konvensiyasi”ning 20-moddasiga binoan: “Diplomatik missiyasi va uning rahbarlari vakolatxona binosida, jumladan vakolatxona rahbarining qarorgohida, transport vositalarida yuboruvchi davlat bayrog‘i va gerbidan foydalanish huquqiga egadirlar”.

Diplomatik vakolatxonalar tomonidan davlat bayroqlaridan foydalanish qoidalari yuboruvchi davlatning o‘zi tomonidan belgilanishi mumkin, ammo qabul qiluvchi davlat bayrog‘ini yuboruvchi davlatning bayrog‘i bilan bir qatorda qo‘llash tartibi diplomatik protokol qoidalarini shakllanishiga sabab bo‘lgan.

Xalqaro protokol qoidalariga ko‘ra asosiy davlat ramzlaridan foydalanish odob-axloq normalarining asosi bayroq va gerbning qonun bilan tasdiqlangan tavsifiga qat’iy muvofiqligidadir. Bayroq va gerb tasviri tushirilgan buyumlar, rasmiy muhr bilan muhrlangan hujjatlar alohida ahamiyat kasb etadi. Rasmiy davlat ramzlaridan tovar brendi ko‘rinishida foydalanish qat’iyan man etiladi. Rasmiy davlat belgilariga nisbatan qanday munosabatda bo‘lish qoiadalari xalqaro shartnomalarda mustahkamlanadi.

Xalqaro protokol amaliyotida bayroqqa nisbatan quyidagi etiket qoidalari ishlab chiqilgan:
- ikkita bayroq orasini kesib o‘tishda bayroq tomondan qaralganda faxriy joy o‘ng tomondir;
- bayroqlar bir vaqtning o‘zida ko‘tarilganda bayroq tomonidan qaralganda faxriy joy bayroqning o‘ng tomoni yoki markazidadir;
- bayroq yerga yoki polga tegib turishi mumkin emas;
- bayroq ustunning yuqori qismi bilan bir tekisda ko‘tariladi;
- bayroq quyosh chiqqan vaqtda ko‘tariladi va quyosh botgan vaqtda tushiriladi(bayroq kun-u tun ko‘tarilishi lozim hollarda tun vaqtida ularga yorug‘lik tushiriladi);
- motam vaqtida bayroq ustunning yarmiga qadar tushiriladi;
- bayroq tezlik bilan ko‘tarilib, sekinlik bilan tushiriladi;
- bayroq stol ustida o‘tirgan odamning o‘ng tomonidagi maxsus stenda joylashtiriladi;
- stendlardagi bayroqlar bir xil balandlikda va bir xil o‘lchamda bo‘lishi darkor va boshqalar.

Davlat bayrog‘ining bino oldidagi yoki imorat ustidagi maxsus bayroq ustunlarida ko‘tarilishi bir qator talablardan iborat bo‘lib, bunda bayroqning ko‘tarilishida bayroq hamda ustun o‘lchamlari bir–biriga mosligining optimal nisbati 1:6 ga tengdir. Kichkina bayroqning baland ustunda, aksincha uncha baland bo‘lmagan ustunda katta hajmdagi bayroqning ko‘tarilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Shuningdek, bir vaqtning o‘zida bir nechta davlat bayroqlari ko‘tarilishida, har bir bayroq alohida bayroq ustunida bir xil balandlikda va bir xil o‘lchamdagi bayroqlardan iborat bo‘lishi, bir-birining ustini qoplamasligi kerak. Bir nechta davlat bayroqlarining ko‘tarilishi davlatlar nomining alifbodagi harflari ketma-ketligiga monand ravishda qo‘yiladi.

Bundan tashqari, bayroqlar yuqori darajadagi xorijiy delegatsiyalar tashrifi mobaynida xususan, xalqaro kongresslar, konferensiyalar, simpozyumlar, festivallar, sport musobaqalari, ko‘rgazmalar va davlat organlari tomonidan o‘tkaziladigan boshqa rasmiy marosimlar, bayramlarda namoyish etiladi. Ikki davlat bayrog‘ini osib qo‘yishda xorijiy davlat bayrog‘i mezbon davlat bayrog‘ining o‘ng tomonidan (bayroq tomonidan qaralganda) o‘rin oladi. Xalqaro tadbir o‘z bayrog‘iga ega bo‘lgan jamoat tashkiloti tomonidan o‘tkazilayotgan hollarda ushbu tashkilotning bayrog‘i davlat bayrog‘ining chap tomonidan o‘rin egallaydi.

Shuning bilan birga, rasmiy davlat tashriflari, xorijiy delegatsiya vakillarini aeroportlarda kutib olish marosimlarida ham mehmon davlat bayrog‘i qad ko‘tarilishi lozim. Rasmiy tartibda esdalik sovg‘alari va gullar tanlashda ham kutib olinayotgan davlat bayrog‘i ranglari inobatga olinishi xalqaro huquqda yuksak e’tirof va hurmat belgisidir. Xalqaro doiradagi tadbirlarni tashkil etishda bayroqlarning maqomiga mos holda joylashtirish amaliyoti qo‘llaniladi. Bayroqlarning maqomi (yuqoridan quyiga qarab) quyidagi tartibda aniqlanadi:
Birinchi o‘rinda, xalqaro tashkilot bayrog‘i;
Ikkinchi o‘rinda, davlatlar bayroqlari;
Uchinchi o‘rinda, qabul qiluvchi mamlakatlarning ijro organlari bayrog‘i;
To‘rtinchi o‘rinda, qabul qiluvchi davlatdagi tashkilot, muassasa va korxonalarga tegishli bayroqlar.

Bayroqlarning maqomi ularni ketma-ketlikda joylashtirishda ahamiyatga ega bo‘lib, bayroqlarning o‘lchami va balandligiga ta’sir ko‘rsatmasligi, doimo bir xilda bo‘lishi lozim.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, bayroqning qadr-qimmati mamlakat ichkarisida ham tashqarisida ham himoya qilinadi va ulug‘lanadi. Zero, xalqaro amaliyotda davlat ramzlarni haqorat qilish, millat va davlatni haqorat qilishga tenglashtirilgan. Davlat ramzlaridan foydalanishni tartibga soluvchi miliy nortmativ-huquqiy hujjatlar xalqaro huquq, protokol an’analaridan kelib chiqib ishlab chiqilishi milliy va davlat an’analarining hamohang uyg‘unlashuviga olib keladi.

Farangiz Nurboboyeva,
Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot
instituti mas’ul xodimi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Davlat ramzi hisoblangan bayroqning xalqaro ahamiyati