17:48 / 27.11.2021
2 758

Homilador o‘quvchi qiz voqeasida kimlarga chora ko‘rilyapti?

Homilador o‘quvchi qiz voqeasida kimlarga chora ko‘rilyapti?
Tasavvur qiling: biror viloyat, shahar yoki tuman hokimligi, yo biror prokuratura organida biror xodim pora olayotganida jinoyat ustida qo‘lga tushdi. Hokim yoki prokuror ishdan olinadimi?

Albatta, ularga nisbatan bu nohaqlik bo‘lar edi. Unda nega Samarqandda jinsiy zo‘rovonlikka uchragan va homilador bo‘lib qolgan maktab o‘quvchisi voqeasida maktabning direktori, uning ikki o‘rinbosari, yoshlar yetakchisi, psixolog, sinf rahbari – jami 6 kishini ishdan olish uchun arizalar yozdirildi?

13 yoshli o‘quvchi qiz maktabdagi muhit yomonligi tufayli jinoyatga qo‘l urgani yo‘q. Yoki qizning nomusiga maktabda, o‘qish chog‘ida tegilmagan. Qizaloq o‘z uyida, onasining jazmani tomonidan tahqirlangan.

O‘quvchi qizning homilasi 23-24 haftalik deyilyapti. Tibbiyot nuqtayi nazaridan, unga nisbatan tajovuz kamida iyun oylarida sodir bo‘lganini anglatadi. Qo‘pol bo‘lsa ham aytish kerak: o‘zining hikoya qilib berishicha, bu ish onasi va akasi yotgan xonada tunlari muttasil ro‘y bergan.

Xo‘p, nega unda maktab mutasaddilari jazolanmoqda? Maktabdagi o‘qituvchilar yozgi ta’til chog‘ida 2200 dan ziyod o‘quvchining qay birini ketidan kuzatib yura oladi? Yo o‘qituvchilar tunda har bir o‘quvchisining tepasida o‘tirishi kerakmi?

Kecha men samarqandlik adib va mustaqil jurnalist Karimberdi To‘ramurodov bilan 63-maktabda bo‘lganimda viloyat xalq ta’limi boshqarmasi va shahar xalq ta’limi bo‘limi mutasaddilari tomonidan uch o‘qituvchiga ariza yozdirilayotganining ustidan chiqdik.

Aytishlaricha, biz mahallaga ketganimizdan so‘ng direktor ham ishdan bo‘shash uchun ariza yozishga majburlangan.

Iye, bu qanaqasi bo‘ldi? Bu adolatdanmi? Ishdan olishdan oldin “hayfsan” yoinki jarima qo‘llash kabi intizomiy jazolar ham bor edi, shekilli.

Azaldan paxta tergan ham, ko‘cha supurgan ham, qurilishlarda ishlatilgan ham, turli kerak-nokerak tadbirlarda bel bog‘lagan o‘qituvchi bo‘lib kelgan edi. Eng oson va eng qulay jazolanadigan kasb egalari o‘qituvchilar, chunki har doim “yomonning kuchi yapaloqqa yetgan”.

Voqea qay tarzda yuz bergani barchaga ayon bo‘lib bo‘ldi – nima ish bo‘lgan bo‘lsa, bolaning uyida, uning oila-a’zolari ko‘z o‘ngida sodir bo‘lgan. Shunday ekan, aslida maktabdan ko‘ra mahallaning mas’uliyati ko‘proq emasmi bu masalada? Ichki ishlar idoralari nosog‘lom oilada tarbiya topayotgan bolalarning xavfsizligini ta’minlash uchun mas’ul emasmi?

Qizning onasi ichkilikku ruju qo‘ygani rost. Oila nobop. Mahalladagilar buni bilgan. Mahalla raisi va profilaktika inspektorining ham hammasidan xabari bo‘lgan. Ular turli dalolatnomalar tuzishgan, voyaga yetmaganlar bilan ishlash komissiyasiga arizalar yozishgan.

O‘quvchi qiz esa maktabda ham, ko‘cha-ko‘yda ham xulqida tarbiyasizlik namoyon etmagan. Umuman, biror nojo‘ya qilig‘i bilan tengdoshlari orasidan ko‘zga tashlanmagan. Darslarga o‘z vaqtida qatnagan. O‘rtacha o‘qigan.

Endi o‘ylang: bu holda maktab jamoasi nima qilishi kerak edi? Toki qizning o‘zi shunday zo‘ravonlikka duchor bo‘lganini hech kimga aytmagan bo‘lsa. Ularning nima aybi bor? Oilada tarbiya va farzandining salomatligi uchun ota-ona (bu holatda o‘sha piyonista ona) mas’ul emasmi?

Sodir bo‘lgan ish – so‘zsiz jinoyat. Jinoyatchi ushlangan. Ya’ni bu masalada aybdor aniq va u qonunda belgilangan jazosini oladi. Nega o‘quvchilarga faqat ta’lim berishgagina mas’ul bo‘lgan o‘qituvchilar ham ayni masalada keskin jazoga mubtalo bo‘lishi kerak? Nima, ularning bilim berishdan boshqa tashvishlari yo‘qmi?

Ro‘y bergan voqeada xalq ta’limi boshqarmasi mutasaddilari o‘qituvchilarni himoya qilish, ularni turli ta’na-dashnomlardan to‘sish o‘rniga yugurib borib, birinchi navbatda ulardan ishdan bo‘shash to‘g‘risida ariza olib, chora ko‘rayotganlari chindan ham hayratlanarli!

Bundan maqsad nima? Maktab jamoasining aybi aynan nimada? Bu sharmandalikni yopish uchun o‘ylab topilgan “yechim”mi bu?

Ayni paytda maktabga ommaviy axborot vositalari xodimlari kamera va mikrofonlar bilan yopirilib borishdi. Barcha aybdorni maktabdan izlayapti, bilasizmi, nega?

Sababi oddiy – homilador bo‘lib qolgan qiz maktab o‘quvchisi, yana ham aniqroq aytadigan bo‘lsa, Samarqanddagi 63-maktab o‘quvchisi! Tamom. Maktab jamoasining esa bu ishlarga boshqa aloqadorligi yo‘q.

Aslida “yuqoridagi”lar aybdorlarni maktabdan emas, jinoyatning oldini olishi mumkin bo‘lgan shahar hokimligi va Samarqand shahar IIO FMBdan izlasalar maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Albatta, bu masalada Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati o‘z rasmiy munosabatini bildiradi, degan umiddamiz. O‘qituvchilar nohaq jazolanishining oldi olinadi, deb ishonamiz.

Shuhrat Shokirjonov, jurnalist

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Homilador o‘quvchi qiz voqeasida kimlarga chora ko‘rilyapti?