21:43 / 09.12.2021
5 065

Kelinga atalgan tosh ovqat yoki kanniballar...

Kelinga atalgan tosh ovqat yoki kanniballar...
Odamxo‘rlar kimlar?
Odamlar och — na o‘simlik, na hayvon mavjud bo‘lmagan dunyoda kannibalizm kuchaygan. Bir to‘da irkit, kir-chir odamlar to‘dasi yolg‘iz va kuchsiz odamlarni tutib yegan. Ortganini xuddi baliqning quritilganidek, ya’ni qoq qilib zaxiraga olib qo‘yishgan. Bunda tutqunlikdagi zanjirlangan odam o‘z ajali bilan ochlikdan, suvsizlikdan vafot etadi. Qoqsuyakka aylangan bu odamlarga kannibal odamxo‘rlarning rahmi kelmaydi. Ular ochlikdan o‘z jonini asrab qolishni o‘ylaydi.

Bugungi kanniballar
Ijtimoiy tarmoqlar orqali ikki xil voqeaning guvohi bo‘ldim. Qizini o‘z do‘stining o‘g‘liga uzatgan otaning hikoyasi. Unda aytilishicha, sog‘lom, durkun qizi kelin bo‘lib tushgan xonadonida 42 kilogacha ozib ketgan. Sabab kelindan ovqatni qizg‘anisharkan. Hamma narsa o‘lchog‘lik, qulf kalitlik. Bog‘da pishgan gilosdan yegani uchun qaynona kelinni yumma talagan, eriga urdirgan.

Oilada qaynona, qaynota va o‘g‘illarga alohida go‘shtli qozon osilgan, kelinlarga esa shiltir sho‘rva, go‘shtsiz. Tonna-tonna sabzavot, meva sotgan xonadonda kelinlarning meva yeyishga haqqi bo‘lmagan. Kelin qizlik oilasiga bildirmagan och qolishini. Oxiri 6 oylik homila bilan kamqonlikka chalingan qizni hushidan ketib qolgach, kasalxonadan ota-onasi uyiga olib ketadi.

Ikkinchi voqea — yuqoridagi hodisadan keyin yozilgan yana bir dard. «Izohlarni o‘qib dardim yangilandi. Men ham kelinidan ovqat yashiradigan qaynonalar haqida yozmoqchiman. O‘ziga to‘q oilaga, uzoq qarindoshimizga kelin bo‘lganman. Qaynotam amaldor, qaynanam bo‘lsa bir tashkilotda oshpaz edi. Biz umumman oziq-ovqat sotib olmasdik. Hamma mahsulotlar ikkita davlat tashkilotidan oqib kelardi. Qaynonam butun mahallaga mahsulot sotardi. Lekin menga kelganda oshxonaga qulf solingan yoki oshxonada hech narsa bo‘lmasdi. Ikkiqatligimda ta’tilga chiqqanimda och qolganman.

Hech esimdan chiqmaydi, bir kuni oshxonada pishgan dumbul (makkajo‘xori) turgan ekan, rosa yegim keladi, lekin olishga qo‘rqaman, chunki katta janjal bo‘lishi mumkin. Dumbulni har o‘tgan qaytganimda hidlayman, lekin yeyishga yurak betlamaydi. Har kuni 10-15 kg kartoshkani, pomidorlarni sanab qo‘yadigan odamni ko‘rganmisiz, mabodo kamaysa, uyda katta janjal. Erga farqi yo‘q. Onasi va qaytib kelgan opalarining aytganidan chiqmaydi. Mahsulotlarni mita bosib, go‘shtlar qurtlab ketardi, lekin men ovqatga zor edim, ajrashib qutuldim».

Bir dona jo‘xori, yarimta olma, qotgan non
Ushbu ikki voqeaga yozilgan izohlar undanda alamli.
«Ha, bor shunaqa oilalar, bobo, buvi, o‘g‘illarga alohida go‘shtli ovqat, kelin va bolalarga oddiy ovqat. Bechora bolalar raxit, kamqon bo‘lib tinmay kasallanib o‘sdilar».

«Mening ham boshimdan o‘tdi shu kunlar, qaysi birini aytay, bittagina qizimni qarindoshlik rishtasi uzilmasin deb amakimni nevarasiga berdim, qizim ochlikdan ozib, qandaydir dovdirga o‘xshab koldi, maktabda a’lo baholarga bitirgan qizim, na kiyim kiyadigan, na o‘ziga qaraydigan — hech narsaga qiziqmaydigan bo‘lib qoldi, kiyimlarini sotib ovqat, sut olar ekan. Uyidagilar o‘zlari ovqatlanib bo‘lishgach, hovli yumushlaridan qaytgan kelinga, ya’ni qizimga boring ovkatlaning derkan. Qizim chillasi chiqmagan bolasi bilan borib qozonni ochsa ovqat o‘rnida tosh...».

«Sizni men 100 foiz tushunaman, chunki men shunday oilaga kelin bo‘lganman, non ham qaynonamning uyida turardi, beso‘roq non ham yeyish mumkinmas edi (so‘rasak baloga qolardik). Bir yosh qizim kechasi non yeyman deb yig‘lardi, erimga bir bo‘lak non olib chiqing, desam onasidan ko‘rqardi, o‘zim sekin chiqib qo‘rqa-pisa bir bo‘lak non olib chiqardim, o‘lchab qo‘yarmidi nonni bilmiyman, ertasiga «ha kechasi bilan non yeb chikmay o‘lgur juvonmarglar», deb rosa qarg‘ardi, shundayam 20 yil sabr qildim...».

«Ha, buni tushunish mumkin. Men bir oilani bilardim. Uyda qand-qurs qulflog‘lik, non-idish qaynonani yotoqxonasida turadi. Ovqatni kelin sho‘rlik bir-ikki qoshiq yeydi. Ochligidan kamqon, ozib ketgandi.

Kelinga bor ovqat suzib kel, deb oshni kelin choy damlab kelaman, degunicha yeb qo‘yishganini o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman, kelin bir chekkada choy ichib o‘tirdi, chunki ovqat qolmagandi
».

«Onam menga homilador bo‘lganida buvim shunaqa qilgan. Onam qotgan non yegan ekan. Juda oriq tug‘ilgansan deydi menga, chunki buving bermasdi yeyishga hech narsa. Birinchi homilasida oyim ishlagani uchun yaxshi yeb yurgan. Ikkinchisi homilasi men bo‘lganman — uyda o‘tirib qolgan paytlari ekan. Menda qiynalgan ekanlar, seni qotgan non yeb tuqqanman deydilar».

«Ishonish qiyin, lekin haqiqat. Kichik singlimni bergan joyimiz ham shunaqa edi, nonni qulflab qo‘yisharkan, kamiga kelin ovqatni pishirib suzib kirgizib, to o‘zi kelguncha yeb bo‘lib «sizga qolmadiya», deya xoxolab kulisharkan, undanam yomoni kelin dasturxonga hamma qatori o‘tirsa, «sen pastga tushib o‘tir», deb tapchandan tushirib yuborarkan».

«Qizim ham uyga kelsa menga ovqatni go‘shtli qilib suzinglar derdi. Bolalari ham och bo‘lardi. Har kuni qaynagan makaron yegan ekan. Ajrashgandan keyin bolalariga ovqat tanlamalaring, yaqinda yuruvdik qaynagan makaron yeb deganida bildim. Ungacha aytmagan».

«Jiyanim shunaqa xonadonga tushgan edi. Muzlatkichini qulflab qo‘yarkan, changyutgich bo‘la turib supurgida supurtirarkan elektrni tejab. Bir kuni oshxonada yarimta olma turganakan jiyanim yegisi kelib olgan. Ertalab qaynonasi shuniyam yeb qo‘ydingmi, deb javrabdi».

«Mendayam shu ahvol bo‘lgan, bir qoshiq shakar qizg‘anardi qaynotam, bir qop shakar tursayam, ovqatniku gapirmasayam bo‘ladi. Muzlatkich to‘la, lekin yeyish menga mumkinmas. Emizikli edim, rosa qiynalganman, taom pishirasiz, lekin yeyish mumkinmas. Judayam achinarli holat. Gemoglobin 50 ga tushib ketgan, oxirgi nonniyam ishga ko‘tarib ketardi, sen qotgan nondan yeyaver deb. 1 dona tuxum uchun janjal qilgan, vaholanki men yemagandim, uydan nima yo‘qolsa men o‘g‘irlagan bo‘lardim, lekin topilib qolsa indashmasdi... Alohida yashab qutuldim».

«Ovsinimning qizi shunaqa joyga tushgan. Tuqqanida faqat grechkani suvga qaynatib yedirgan, «senga boshqa narsa mumkinmas» deb, oxiri hushidan ketib qoldi. Shunda ham ota-onasini chaqirib qizlaring kasalmand ekan, hushidan ketib qolayapti degan. Lekin chidab yashayapti...».

Yuragida quyoshi bor odamlar
Yuqorida kannibalizm haqida bejizga eslamadik. Amerikaning 2009 yilda ishlab chiqarilgan «Yo‘l» degan kinosida ana shunday kichik bir epizod bor.

Ushbu kino rejissyor Jon Xillkout tomonidan ishlangan. Bosh rolda Vingo Manterson. Tabiiy ofatdan keyin butun dunyoda nafaqat sivilizatsiya, balki o‘simlik va hayvonot dunyosi yo‘qlikka mahkum bo‘ladi. Ya’ni, yer yuzidan quyosh yo‘qoladi. Hamma yoqni kuyib kul bo‘lgan daraxtlar tutuni qurshab oladi. Tirik qolgan kuchli odamlar kuchsizlarni yeyishni boshlaydi. Odam yeydiganlardan qochib qutulganlarni hali tiriklik mavjud bo‘lganda ishlab chiqarilgan konservalargina qutqaradi. Bosh roldagi ota va bola o‘sha to‘dalardan yashirinib hayotlarini saqlab qoladi.

Kino ota va o‘g‘il munosabati — haqiqiy otaning o‘g‘ilga qalqon bo‘lishi, uni nafaqat yomon odamlardan asrash, balki har qanday holatda ham odam bo‘lib qolishi haqida. U o‘g‘liga aytadi: «Qalbingda o‘ting bor ekan, yuraging urib turibdi ekan, nima bo‘lishidan qat’i nazar biz odam bo‘lib qolishimiz kerak».

Ota oxirgi lahzalargacha yomon odamlar va yaxshi odamlar bilan o‘g‘lini tanishtirib boradi. Tug‘ilganidanoq otasidan boshqa kimsani, sovuq, zulmat, ochlikdan boshqa narsani ko‘rmagan bolaning qalbiga ezgulik urug‘ini ekadi. Bola bilan otasi yo‘l-yo‘lakay har xil odamlarni uchratadi. Yaxshilariga yordam qo‘lini cho‘zadi, yomonlaridan o‘zlarini asraydi. Qayerdandir topib olgan oxirgi banka shirin suvli ichimlikni bolakay 90 yoshli ojiz odamga berishga otasini ko‘ndiradi. Tasavvur qilayapsizmi, bolakayga ko‘pikchalari bor bu shirin suv juda yoqqan edi, o‘sha yoqimli ta’mli suvni qariya bilan bo‘lishmoqchi.

Otasi «oxirgi yemagingni begonaga berib o‘zing ochingdan o‘lishing mumkin», degan paytida o‘g‘li aytadi: «yuragim urib turibdi, qalbimda o‘tim bor, men har qanday vaziyatdayam odam bo‘lib qolishim kerak».

Nihoyat bolaning otasi uzoq davom etgan kasallikdan o‘ladi. Bolakay o‘sha payt sohilda uni kuzatib turgan bir erkakni ko‘rib otasi aytganidek yomonmi yoki yaxshi odamligini bilolmay sergak turadi. Begona odam unga oilasiga qo‘shilishni taklif qiladi. Bolakay sal nariroqda u ishora qilgan oilani ko‘radi. Uning oilasi — xotini, ikki nafar farzandi va kuchukdan iborat bo‘ladi. U shu oilaga qo‘shiladi. Odamlar bir-birini yeb turgan bir paytda, ovqat eng katta muammoga aylanganda bu oilada kuchukning ham rizqi topilgani bolaning otasi aytganidek, yuragida alangasi yonib turgan odamlar ekanligidan darak edi.

Kanniballar qanday paydo bo‘ladi, nima sabab bo‘ladi, degan savolga shu kinoni ko‘rib javob topgandek bo‘ldim. Yuqorida biz sizlarga misol keltirgan odamlar agar shunday ofat boshlansa, mana shu zolim qaynonalar, zolim qaynotalar kannibalga aylanadilar, ishonavering, bir-birining go‘shtini yeydigan odamxo‘rlarga aylanadilar. Chunki bular to‘qchilik zamonida o‘zlarining zurriyotlarining qonini ichgan, ovqat qizg‘angan ochko‘z, berahm odamlar. Ular ovqat qizg‘angani uchun ba’zi bolalar nimjon tug‘ilgan, oila parokanda bo‘lgan, hatto kelinlar ochlikdan vafot etgan. Xo‘sh aytingchi, to‘qlik zamonida och qoldirilgan jabrdiydalarga qilingan zulm odamxo‘rlikdan nimasi bilan farq qiladi? Bunday yovuzlarning boshiga ozroq tashvish tushsa, ochlik bilan yuzma-yuz kelsa, kanniballardek ish tutmasligiga ishonasizmi?

Biz esa bugungi kunda kelinlarini o‘z qizidek ko‘rayotgan, xo‘rlamayotgan, avlodimning davomchisini dunyoga keltiradi, deb sog‘lig‘ini birinchi o‘ringa qo‘ygan qalbida chirog‘i, quyoshi bor odamlar ko‘payishini istab qolamiz. Chunki qalbimizda, yuragimizda chiroq bor ekan, har qanday vaziyatdayam, nima bo‘lgandayam, nima bo‘lishidan qat’i nazar odam bo‘lib qolishimiz kerak.

Barno Sultonova

Manba: Xabar.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Kelinga atalgan tosh ovqat yoki kanniballar...