23:40 / 19.12.2021
2 173

Millatni savodsizlantirish fitnasi

Millatni savodsizlantirish fitnasi
O‘zbekistonda so‘nggi bir asrda necha marta alifbo almashganini bilasizmi? Avvalo qisqacha tarixga nazar tashlaymiz, keyin asosiy mavzuga qaytamiz.

Oxirgi bir asr ichida O‘zbekistonda 3 marta alifbo almashib ulgurgan. Birinchi harakat o‘tgan asrning 1929 yilida boshlangan. O‘shanda o‘zbek jamiyati arab yozuvidan lotin yozuviga o‘tgan edi (suratga qarang).

Foto: Vikipediya
Lekin bu yozuv uzoq turmagan va 5 yildan keyin kichik o‘zgarish kiritilgan. Lotin yozuvining birinchi hayotiga shu tariqa 1940 yilda xotima yasalgan va shu yildan to mustaqil O‘zbekiston davriga qadar kirill yozuvi amalda bo‘lgan (suratlarga qarang).

Foto: Vikipediya

Foto: Vikipediya
Mustaqil O‘zbekistonda yana lotin yozuviga qaytish ishlari boshlangan. Lekin qariyb 30 yildan beri na to‘liq lotinga o‘tildi, na to‘liq kirilga. Oqibatda biri ikkinchisini rad etayotgan ikki xil avlod paydo bo‘lyapti.

Foto: Vikipediya

Foto: Vikipediya
Chor Rossiyasi bosqini paytida Farg‘ona general gubernatori Mixail Skobelevning shunday gapi bor edi: «Millatni yo‘q qilish uchun uni qirish shart emas, uning madaniyati, san’ati, tilini yo‘q qilsang bas, tez orada o‘zi adoyi tamom bo‘ladi...».

O‘zbek tili va o‘zbek yozuvini yo‘q qilish fitnasi qariyb bir asr oldin boshlangan deyish mumkin. Faqat orada (1940-1991 yillarda) sobiq ittifoq kirill alifbosi orqali o‘zbeklarni ancha savodli millatga aylantirayotgan edi. Ammo 90-yillardan keyin bir-birini inkor etuvchi 2-3 xil avlod paydo bo‘lib ulgurdi: kirilda o‘qigan, kirill-lotinni baravar o‘qigan va lotinda o‘qigan avlodlar...

Eng dahshatlisi, alifbo masalasida hamon bir to‘xtamga kelingani yo‘q, biror qat’iy qaror yo‘q, qoida yo‘q. Hamma o‘z bilganicha ishlatib yuribdi. Til departamenti biror ishni qoyillatib qo‘ygani yo‘q, shuning uchundir balki ayni paytda rahbarsiz qoldi. Bu mavzu juda uzoq muhokama qilindi, alifbo almashsa, katta pul sarflanishigacha hisoblab chiqildi.

Aslida 2021 yil avgustdan to‘liq lotin alifbosiga o‘tishimiz kerak edi, ammo bu yana amalga oshmadi. Chunki ayrim shaxslar yozuvni o‘zgartirishni istab qoldi: sh, ch harf birikmalarini turkchadek bitta harfga aylantirish taklif qilindi. Hozir shu masala ustida bosh qotirilyapti.

Yana kimdir ng, x va h harflarini ham ixchamlashtirishni ilgari surdi. Bu hozircha quruq muhobasa xolos, lekin shamol bo‘lmasa, daraxtning uchi qimirlamaydi. Chunki fitna nazariyasi yaxshi ishlab turibdi. Hamma lotindagi o‘zgarishlar bilan ovora bo‘lib turgan bir paytda esa Din ishlari bo‘yicha qo‘mita mas’uli Abror Muxtor Ali dabdurustdan kirill yozuviga qaytish haqida bong urib chiqdi.

Endi kelajakda nima bo‘lishini tasavvur qilib ko‘ring: boyagi 3 xil avlod bir yozuvni o‘zlari uchun aniqlab olishlariga kamida 10-15 yil ketadi. SSSR qariyb 50 yil davomida kirill yozuviga asoslangan o‘zbek tili orqali millatni savodli qilib bergandi. Ya’ni qaysi yozuvga o‘tishdan qat’i nazar, bu ishni tezroq va qat’iyroq amalga oshirish kerak. Lekin afsuski, endi kech qoldik. Bu 3 xil avlod o‘zaro kelishib olishi uchun yana kamida shuncha vaqt ketadi.

Agar o‘zbek tili va alifbosining kelajagini o‘ylaydigan amaldor bo‘lsa va ular haqiqatanam til rivojini, obro‘sini o‘ylasa, yaqin 10-15 yil ichida vaziyatni ijobiy tomonga o‘zgartirish imkoni bor. Faqat buning uchun haqiqiy ma’rifatparvar ziyoli qatlam vakillaridan komissiya tuzilib, til va yozuv qoidalari bo‘yicha yaxlit qonuniyatlar ishlab chiqilishi va tasdiqlanishi kerak.

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari yana norozi bo‘lishi mumkin, ammo ularning ishi shu, norozilik bildirib o‘tirish, chunki ko‘pchiligi trollardir. Bizga til va yozuv qoidalarini yaxlitlaydigan haqiqiy olimlar kerak, ular bor, faqat imkon beraylik. Agar rostdanam kelajagimiz bizni o‘ylantirsa, qayg‘uga solsa, albatta.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Millatni savodsizlantirish fitnasi