Beth Mead Arsenal bilan xayrlashmoqda

Angliya ayollar futboli yulduzi Beth Mead yozgi transfer oynasida Arsenal jamoasini tark etishi rasman eʼlon qilindi. Toʻqqiz yillik faoliyati davomida u klub tarixidagi eng muhim oʻyinchilardan biriga aylandi va jamoa bilan oltita yirik sovrinni, jumladan Chempionlar ligasi gʻolibligini qoʻlga kiritdi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Mead 2017-yildan buyon London klubi sharafini himoya qilib, 258 ta uchrashuvda maydonga tushdi va 83 ta gol urdi. U shuningdek, Ayollar Superligasi (WSL) tarixidagi eng koʻp golli uzatmani amalga oshirgan futbolchi hisoblanadi. Garchi klub rahbariyati u bilan shartnomani uzaytirishga uringan boʻlsa-da, futbolchi faoliyatini boshqa joyda davom ettirishga qaror qildi.
Arsenal direktori Clare Wheatley oʻz bayonotida Meadning klub tarixidagi oʻrni beqiyos ekanligini taʼkidlab, unga kelgusi faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi. OAV xabarlariga koʻra, tajribali hujumchiga Manchester Siti jamoasi jiddiy qiziqish bildirmoqda.
Joriy mavsum yakunida Arsenal safini tark etadigan futbolchilar faqat Mead bilan cheklanib qolmaydi. Klub, shuningdek, Laia Codina va Victoria Pelova bilan xayrlashishini maʼlum qildi. Pelova 2023-yilda jamoaga kelib qoʻshilgan boʻlsa-da, jiddiy jarohat sababli asosiy tarkibdagi oʻrnini tiklashda qiyinchiliklarga duch keldi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!