Denovdagi kurash musobaqasi vaqtida polvon pichoqlab o‘ldirildi
![]() | ||
|---|---|---|
Surxondaryo viloyatining Denov tumanida o‘tkazilgan milliy kurash musobaqasi ayanchli hodisa bilan yakun topdi. Sport bayrami vaqtida yuz bergan janjal oqibatida taniqli polvon hayotdan ko‘z yumdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, voqea 9 may kuni Abu Ali ibn Sino nomidagi tibbiyot texnikumi sport maydonida bo‘lib o‘tgan ommaviy kurash tadbiri paytida sodir bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarda aytilishicha, musobaqada mag‘lub bo‘lgan ishtirokchining akasi qattiq asabiylashib, raqib tomon vakillariga tashlangan. Gumonlanuvchi sifatida tilga olinayotgan Doston Jabborov ukasi bellashuvda yutqazganidan so‘ng, raqib polvonning otasi Nizomiddin Cho‘tboyev bilan janjallashgan. Oqibatda u o‘zi bilan olib kelgan oshxona pichog‘i bilan erkakning tanasiga bir necha bor zarba bergan. Aytilishicha, jabrlanuvchi shifoxonaga zudlik bilan yetkazilgan. Biroq shifokorlarning sa’y-harakatlariga qaramay, uning hayotini saqlab qolishning iloji bo‘lmagan. Dastlabki sud-tibbiy ekspertiza xulosasida marhumning ko‘krak, bel va dumba qismiga yetkazilgan og‘ir tan jarohatlari o‘limga sabab bo‘lgani qayd etilgan. Ma’lumot uchun, Nizomiddin Cho‘tboyev Denov hududida taniqli polvon sifatida tanilgan. Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchi huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ushlangan bo‘lib, tergov harakatlari olib borilmoqda. |
