18:43 / 28.03.2022
1 109

Markaziy Osiyoda shakllanayotgan boshqaruv tizimlari haqida ekspert bilan suhbat

Markaziy Osiyoda shakllanayotgan boshqaruv tizimlari haqida ekspert bilan suhbat
Gurbanguli Berdimuhamedovning “yoshlarga yo‘l berishi” ortidan 12 mart kuni Turkmanistonda muddatidan avval prezidentlik saylovi chaqirildi. Unda sobiq prezidentning o‘g‘li Serdar Berdimuhamedov g‘olib bo‘ldi.

Kun.uz Turkmanistonda o‘tgan saylov, prezidentlikning otadan bolaga o‘tishi bo‘yicha Markaziy Osiyoda shakllanayotgan yangi tizim va bu an’ananing mintaqa davlatlari kelajagiga ta’siri borasida siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov bilan intervyu uyushtirdi.

— Biz so‘nggi bir necha yil davomida Gurbanguli Berdimuhamedovning prezidentlik vakolatini o‘g‘li Serdarga topshirishga tayyorgarlik ko‘rayotganini bilardik, lekin savol tug‘iladi: nega buncha tez?
— O‘ylashimcha, bu postsovet mintaqasidagi geosiyosiy vaziyat bilan bog‘liq. Shu yilning yanvar oyida Qozog‘istonda bo‘lgan voqealardan mintaqaning ba’zi liderlari jiddiy xulosalar qildi.

Birinchidan, ular o‘rindoshlar qanchalik ishonchli shaxs bo‘lmasin, oiladan tashqari, begonalarga hokimiyatni berish xavfli ekanini tushunishdi.
Ikkinchidan, keyingi yillarda koronavirus tufayli dunyodagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat anchayin chigallashdi.

Pandemiya dunyodagi iqtisodiy holatni taranglashtirgan fonda ijtimoiy kayfiyat ham yomonlashdi. Biz Qozog‘istondagi ijtimoiy kayfiyatni ko‘rdik, lekin mintaqaning boshqa davlatlarida ham mana shunday kayfiyat shakllanib boryapti deyishga asoslar yetarli.

Mana shunday sabablar Turkmaniston prezidentining hokimiyatni o‘z o‘g‘liga berish jarayonini tezlashtirdi. U yana bir necha yil kutishdan ko‘ra, o‘g‘lini hokimiyatga olib kelish va uning hokimiyatini mustahkamlashni ma’qul ko‘rdi.

— Gurbanguli Berdimuhamedovning sog‘lig‘idagi muammolar-chi? Ko‘pchilik ekspertlar ayni shu omilni eng muhimi deya hisoblashmoqda.
— Bu to‘g‘risida aniq va ishonchli ma’lumotlar mavjud emas. O‘ylashimcha, katta Berdimuhamedovning hokimiyatda qolish uchun jismoniy imkoniyatlari hali yana bir necha yilga yetar edi. Bu o‘rinda asosiy motiv uning sog‘lig‘i emas, mintaqa va Turkmaniston ichidagi ijtimoiy muhit bilan bog‘liq deb o‘ylayman.

Bundan tashqari, keyingi yillarda Turkmaniston juda og‘ir iqtisodiy muammolar bilan to‘qnashmoqda.

— Serdar Berdimuhamedovning prezidentlikka kelishi Turkmaniston uchun nimani bildiradi? Mamlakatda boshqaruv modeli respublikadan monarxiyaga o‘tyapti, deya hisoblash mumkinmi?
— Odatda respublika boshqaruvidan birdaniga monarxiyaga o‘tish holatlari kam kuzatiladi. Lekin monarxiya va oilaviy dinastiya tipiga o‘tishning uzoq jarayonlari bor. Masalan, Shimoliy Koreya bamisoli respublika, lekin hozirgacha mamlakatni bir oilaning uchinchi vakili boshqarib kelyapti.

Yoki Ozarboyjonda ham oilaviy dinastik boshqaruv joriy qilib bo‘lingan. Odamlarning ijtimoiy tafakkuri ham buni siyosiy o‘yin qoidasi sifatida qabul qilib bo‘ldi.

Xuddi shunday urinishlar Turkmanistonda ham boshlandi. Bunda bevosita konstitutsiya o‘zgartirilmaydi yoki respublika shakli monarxiyaga aylantirilmaydi.

Bilamizki, Turkmanistonda fuqarolik jamiyati deyarli mavjud emas. Fuqarolik va vatandoshlik jamiyatlari faollarining barchasi xorijda yoki qamoqxonalarda. Turkmaniston ichida esa mana shu boshqaruvga e’tiroz bildira oladigan aholi qatlami mavjud emas.

Albatta, jamiyatning dinastik boshqaruvdan norozi bo‘lish ehtimoli yuqori lekin aholining qancha qismi boshqaruv shakliga ongli qarshilik ko‘rsatishga moyil, degan savolga javob yo‘q. Chunki turkman jamiyatining bugun siyosiy tafakkuri shu qadar og‘ir ahvoldaki, odamlarda davlatning boshqaruvi haqida biror fikr berish imkoniyati mavjud emas.

— Kichik Berdimuhamedovning potensiali haqida nimalar deyish mumkin? U mamlakatda qandaydir o‘zgarishlar qilishi mumkinmi?
— Mamlakatda avtoritar boshqaruv saqlanib qolar ekan, Serdar Berdimuhamedov bu boshqaruv shaklini o‘zgartirmaydi. Ya’ni qattiq avtoritarizm saqlanib qolaveradi.

Buning birinchi sababi mamlakatda siyosiy muhit shakllanib bo‘lgan. Uni Serdar Berdimuhamedov o‘zgartira olmaydi va o‘zgartirish uning manfaatlariga ham to‘g‘ri kelmaydi.

Jamiyatda raqobat, siyosiy plyuralizm bo‘lmas va demokratik institutlar ishlamas ekan, hokimiyatning kuch ishlatish va majburlash mexanizmlari qoladi xolos. Serdar Berdimuhamedov ham o‘z hokimiyatini ana shu vositalar orqaligina ushlab turadi. Chunki yangi va hokimiyatga egalik qiluvchi oiladan bo‘lmagan hamda oz bo‘lsa-da, siyosiy raqobatlar orqali hokimiyatga kelgan rahbarlar biroz populist bo‘ladi. Ular xalqqa yoqish uchun jiddiy islohotlar qiladi yoki qilishga intiladi. Lekin oilaviy avtoritar boshqaruv modelida mana shunday islohotlar o‘tkazish imkoniyati cheklangan bo‘ladi. Sababi o‘g‘il otasi yoki bobosi tomonidan qurilgan siyosiy boshqaruv modeliga qarshi chiqolmaydi.

— Bugun Turkmanistonda aholi uchun iste’mol mahsulotlari, jumladan, non, un, yog‘ va boshqa mahsulotlar yetishmasligi, ular uchun oxiri ko‘rinmaydigan navbatlar kuzatilayotgani aytiladi. Bu borada holat sovet ittifoqi qulashi oldidan kuzatilgan holatga qiyoslanmoqda.
Xo‘sh, gaz manbalari bo‘yicha dunyoda to‘rtinchi o‘rinda turuvchi davlat nega bunday og‘ir iqtisodiy inqiroz yoqasiga kelib qoldi?

— Sababi oddiy. Avtoritar boshqaruvda insonlar intellekt, ya’ni jamiyat muammosini anglash va ularga malakali yechim izlash orqali raqobatlasha olmaydi.

Avtoritarizmda asosiy o‘yin qoidasi – mahrum qilish va kuch ishlatish orqali ushlab turish hisoblanadi. Avtoritarizm bilan korrupsiya, korrupsiya bilan malakasizlik bir-birini shartlovchi holatlardir.

Turkmanistondagi avtoritarizm dunyodagi eng malakasiz, primitiv va tajribasiz bo‘lgan avtoritar rejimlardan biri.

To‘g‘ri, Xitoy ham avtoritar modelda boshqariladi. U yerda ham demokratiya yoki liberal boshqaruv modeli mavjud emas, lekin bir avtoritarizm ikkinchi avtoritarizmga o‘xshamaydi. Ba’zi bir avtoritar davlatlarda ratsionallik, ya’ni aqliy yechim izlash orqali hokimiyatni ushlab turishga intilish kuzatiladi. Nazarimda, postsovet davlatlaridagi eng primitiv boshqaruv aynan Turkmanistonda. Mamlakatda ayrim masalalarda hatto totalitar rejim amal qiladi. Albatta, Turkmanistonda xususiy mulkchilik mavjud va qandaydir mafkura umummilliy davlat mafkurasi sifatida o‘rnatilmagan. Agar shunday bo‘lganda, uni to‘la totalitar davlat desak bo‘lardi.

Turkmanistondagi bu qadar nochorlik sababi yuqorida aytganimdek, boshqaruv modeli malakasizligi, korrupsiya nihoyatda kuchliligi.

— Markaziy Osiyodagi yana bir respublika Tojikiston haqida so‘ramoqchiman. Xo‘sh, oilaviy avtoritarizm an’anasiga o‘tish navbati endi Tojikistonga kelyaptimi?
— Bu allaqachon boshlangan jarayon. Prezident Imomali Rahmonning o‘z o‘g‘li Rustam Rahmonni hokimiyatga tayyorlash jarayoni ancha yillar avval boshlangan. Mana necha yildirki, Rustam Rahmon oliy hokimiyatga kelish uchun hokimiyat pillapoyalaridan yuqorilab boryapti.

Bugungi kunda u bir vaqtda qonunchilik palatasi raisi, harbiy unvonlarga ega bo‘lgan shaxs va Dushanbe shahri hokimi hisoblanadi. Ya’ni u bir vaqtning o‘zida hokimiyatning ikki tarmog‘ida yuqori mansablarni egallab kelmoqda.

Tojikistondagi oilaviy boshqaruvni ancha avval joriy qilingandi deyish mumkin. Chunki 1990-yillar o‘rtalarida hokimiyatga kelgan Rahmon sulolasi hokimiyatning barcha bo‘g‘inlarida o‘z ishtirokini ta’minlab kelmoqda.

Tojikiston hozir mintaqadagi oilaviy-dinastik boshqaruv e’lon qilinishi ehtimoli yuqori bo‘lgan ikkinchi davlat.

To‘g‘ri, Imomali Rahmon hozircha hokimiyatdan ketmoqchi emas, lekin o‘ziga o‘rindosh sifatida o‘g‘lini tayyorlayotgani hammaga ochiq-oydin ma’lum.

Agar ikkisini solishtirish kerak bo‘lsa, Turkmaniston va Tojikiston jamiyatlaridagi ijtimoiy kayfiyatda jiddiy farq bor, degan bo‘lardim. Masalan, bugun Tojikistonning ichkarisida ham, tashqarisida ham muxolif kayfiyat va muxolifat salmog‘i yuqori.

Turkmanistonga qarshi axborot oqimini ishlab chiqaruvchi kuchlar esa bugun deyarli mavjud emas.

Demak, Tojikistonda ham prezident o‘z o‘g‘lini siyosiy o‘rinbosari sifatida tayyorlab bormoqda, lekin vaziyatning murakkablik darajasi juda yuqori.

— Qozog‘iston-chi, u boshqaruvda qay tomondan ketmoqda? Har holda Qosim-Jo‘mart To‘qayevning 16 mart kuni xalqqa qilgan murojaatida demokratik boshqaruv tomon juda katta o‘zgarishlarga va’da berildi.
— To‘qayev davrida demokratik islohotlar amalga oshirilish imkoniyati baribir yuqori. Bunga bir nechta sabab bor. Birinchidan, To‘qayevning katta oilasi mavjud emas. Ikkinchidan, uning o‘zi yaqinda xalqqa qilgan murojaatida bir qancha loyihalarni oldinga surdi.

— Shuningdek, yanvar oyidagi voqealar ham uni islohotlar sari yurishga majbur qiladi.
— Bir tomondan bu ham, lekin undan avval ham menda shunday tasavvur bor ediki, To‘qayev – idealistik islohotchi prezident.

To‘qayev taklif qilgan g‘oyalaridan biriga qarang. U o‘zining qarindoshlari na ijroiya hokimiyatida va na biznesdagi katta loyihalarda ishtirok etmasligini aytdi. Bu tashabbus shuni ko‘rsatadiki, Qozog‘istonda Nazarboyevlar sulolasidan keyin oilaviy boshqaruvga barham berildi.

Mintaqada bir tomondan milliy boyligi va bo‘layotgan ishlardagi ulushiga ko‘ra, eng ko‘p ildamlab borayotgan davlat baribir Qozog‘iston bo‘lib qolmoqda.

O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida mintaqa yetakchiligi uchun har doim raqobat bo‘lib kelgan, lekin To‘qayevning oxirgi islohotlar tashabbusi tashqi dunyo e’tibori yana Qozog‘istonga qaratilishiga sabab bo‘ladi.

Qozog‘iston haqida gapirganda yana bir narsani e’tiborga olish kerak, hozir To‘qayevning vaziyati juda chigal. U bir tomondan ichki siyosatda o‘z hokimiyatini mustahkamlashi kerak. Buning uchun esa ijtimoiy qo‘llab-quvvatlovga erishishi kerak. Chunki yanvar oyidagi voqealar To‘qayevning tarixiy reputatsiyasiga jiddiy dog‘lar tushirdi. Bunda u bir tomondan namoyishchilarga qarshi kuch ishlatishga majbur bo‘ldi. Ikkinchi tomondan esa KXSHT kuchlarini mamlakatga kiritishga majbur bo‘ldi. Bu orqali esa yaqin yillarda Kreml bilan jiddiy hisoblashishga majbur bo‘ladi.

O‘ylaymanki, To‘qayev ilgari surgan katta tashabbuslar, albatta davom etadi. Taklif qilinayotgan g‘oyalarni to‘laqonli demokratiyaga o‘tish bo‘lmasa-da, shu tizimga o‘tish uchun ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy platforma tayyorlash sifatida baholash mumkin.

Masalan, parlamentga saylov tizimi o‘zgarmoqda. Yangi partiya tashkil qilish yo‘lidagi qator to‘siqlar olib tashlanmoqda. Fikrimcha, bu tashabbuslar amaliyotga ko‘chsa, Qozog‘istondagi islohotlar anchayin jadallashadi.

— Qirg‘izistonda so‘nggi vaqtlarda prezident Sadir Japarov qilishga urinayotgan o‘zgarishlarni qaysi tomonga solingan yo‘l deb hisoblaysiz?
— Qirg‘izistonni 1990 yillardan boshlab “demokratiya orolchasi” deya atashadi. Mamlakat o‘z davlatchiligi uchun har doim optimal yechimlar izlab kelgan.

Qirg‘izistonni mintaqada hududi bo‘yicha eng kichik, lekin siyosiy jarayonlar nuqtayi nazaridan eng dinamik davlat deyish mumkin. Ya’ni shu paytga qadar mamlakatda bir qancha rangli inqiloblar amalga oshirildi, hokimiyatlar ag‘darildi.

Qirg‘iziston davlatchiligining asosiy muammosi – davlatda o‘zining barcha hududlarini konsolidatsiya (birlashtirish) qilish va markaziy hokimiyatning irodasini amalga oshirish imkoniyati anchagina cheklangan. Shu tufayli uni yiqilayotgan davlatchilik deb atash ham mumkin.

Buning yana bir ko‘rinishi millatchilar namoyish bilan ko‘chaga chiqqanida hokimiyat bu ziddiyatlarni qonun doirasida bartaraf qilolmaydi. Bu shunday o‘yin qoidasiki, xalq ko‘chaga chiqqanida hokimiyat jim turishi kerak. Bunda ba’zan hokimiyat yiqitiladi, ba’zan hokimiyat jamiyatga moslashadi.

Qirg‘iziston, albatta, demokratik davlat. Lekin unda insonlarning eng oliy qadriyati – yashash huquqi va barqarorligini ta’minlay oladigan markaziy hokimiyat hali shakllanib ulgurmadi. Qirg‘izistonning bu yo‘ldagi eng asosiy muammosi ijtimoiy va iqtisodiy muammolar deyish mumkin.

Mintaqa shimolidagi davlatlar Qozog‘iston va Qirg‘iziston demokratik islohotlar jihatidan anchayin ildamlab ketdi. Janubdagi Turkmaniston va Tojikistonni esa qattiq avtoritar deyish mumkin.

— Mintaqa davlatlari boshqaruv tizimida “shimol” va “janub” modeli shakllanar ekan, O‘zbekiston qay yo‘ldan yuradi yoki yuryapti?
— O‘zbekistonning birinchi ma’muriyat davrini ham demokratik islohotlar va liberal boshqaruv nuqtayi nazaridan bir necha tarkibiy qismlarga bo‘lish mumkin. Bunda masalan, 1990-yillarda O‘zbekiston demokratik islohotlarga imkon qadar yo‘l izladi, jiddiy eksperimentlar qilindi. Masalan, qisqa muddatda so‘z erkinligini ta’minlashga, ichkarida muxolifat yaratishga harakat qilindi. Bu harakatlar taxminan 2004 yilga qadar davom etdi.

2005 yildan boshlab esa O‘zbekiston siyosiy tizimi to‘laqonli yopildi. Bunda 2005 yildan 2016 yilga qadar O‘zbekiston siyosiy tizimiga tashqi dunyoda o‘ta salbiy munosabatlar paydo bo‘ldi. Shu tufayli O‘zbekiston inson huquqlari va erkinliklari bo‘yicha dunyodagi barcha reytinglarda so‘nggi o‘rinlarga tushib qoldi.

2016 yilda oliy hokimiyat o‘zgarar ekan, O‘zbekistonda dinamik o‘zgarishlar boshlandi. Shu davrdan boshlab, postsovet mintaqasidagi eng yaxshi xabarlar ham O‘zbekistondan tarqala boshladi.

2017-18 yillarda O‘zbekistonda boshlangan dinamik islohotlar soni va salmog‘i yaqin uch-to‘rt yilga nisbatan anchagina yuqori bo‘ldi. Keyingi uch-to‘rt yilda esa siyosiy tizim barqarorlashdi.

O‘zbekiston siyosiy doiralarida bugun siyosiy ratsionalizm yuqori. Shuningdek, islohotlar borasida ehtiyotkorlik ham.

O‘zbekiston hokimiyati tomonidan hokimlarni saylash, parlamentni isloh qilish, fuqarolik va vatandoshlik jamiyatini barpo qilish borasida qator islohotlar taklif qilingan.

Bugun O‘zbekistonda inson potensialini ishlatmasdan turib barqarorlikka erishib bo‘lmasligini hamma tushunadi. Buning ustiga postsovet hududidagi geosiyosiy vaziyat juda tarang. Mana shular fonida O‘zbekiston islohotlar orqali bir tomondan hokimiyat legitimligini oshirishi, ikkinchi tomondan hokimiyat atrofida jamiyat jipsligini mustahkamlashi mumkin.

Bugun O‘zbekiston boshqaruvi qattiq avtoritar emas, lekin ayni paytda bugun mintaqada tom ma’nodagi demokratik davlat ham yo‘q.

O‘zbekistondagi boshqaruv tizimi “shimol” va “janub” o‘rtasidagi modeldir. Ya’ni O‘zbekiston o‘tgan ma’muriyat davrida qattiq avtoritarizm yo‘lidan bordi va o‘z oldiga qo‘ygan vazifalarini bajarolmadi. Global reputatsiyasi o‘ta salbiylashdi. Ijtimoiy iqtisodiy masalalarni yechish samaradorligi juda past bo‘ldi.

O‘zbekistonning bugungi boshqaruv modelini esa avtoritar deyish mumkin, lekin u ratsional avtoritarizm. Chunki O‘zbekistonda hali demokratik institutlar va demokratik o‘yin qoidalari shakllangani yo‘q, lekin shunga qarab ketilyapti, deya aytish mumkin.

— Mintaqada shakllanayotgan ikki xil boshqaruv tizimi mintaqa iqtisodiy farovonligi, barqarorligi va geosiyosiy mustaqilligiga qanday ta’sir qiladi?
— O‘ylashimcha, oilaviy dinastiya modeli to‘la shakllanib ulgurishi uchun hali juda katta siyosiy imtihonlardan o‘tish kerak. Bu eksperimentni Turkmaniston va Tojikiston boshlayapti. Lekin globallashayotgan dunyoda jamiyatlar dinastik boshqaruvni qabul qiladimi, yo‘qmi, buni vaqt ko‘rsatadi.

Fikrimcha, bu boshqaruvning taqdiri ikki davlatda ham murakkab kechadi. Shuning uchun ularda klassik monarxiya shakllanadi, deya o‘ylashga asos yo‘q.

Yuqorida aytganimizdek, hozir Turkmaniston iqtisodiy muammolar bilan to‘qnashyapti va bu kabi davlatlarda ijtimoiy portlashlar ham kutilmaganda amalga oshadi.

Shunday qilib, Serdar Berdimuhamedov o‘z hokimiyatini mustahkamlashga ulgurgan taqdirda ham, otasining vafotidan keyin uning atrofidagilarni qanday boshqara oladi, buni aytish qiyin. Chunki hokimiyat ichida shakllangan kishilarning keyinchalik hokimiyatni saqlab qolish darajasi anchagina mo‘rt bo‘ladi.

Xulosa sifatida aytish mumkinki, mintaqa davlatlari bir vaqtning o‘zida ikki katta yo‘ldan ketmoqda. Bunda shimoliy davlatlar: Qozog‘iston va Qirg‘iziston inson huquqlari ta’minlangan, normal demokratik davlat qurishni o‘zi uchun yo‘l sifatida tanlab bo‘lgan. Faqat ular bu yo‘lda biroz tezlashishi yoki sekinlashishi mumkin.

Geosiyosiy bosimlar esa mintaqamizga asosan ikki davlat – Rossiya va Xitoydan bo‘lishi mumkin. Mintaqaning birinchi va ikkinchi savdo iqtisodiy hamkorlari.

Bu davlatlar bilan mintaqa davlatlarining bog‘liqligi borgan sari oshib boraveradi va ayni paytda bu aloqalar geosiyosiy qaramligimizni ham parvarishlab boradi.

Bunday sharoitda davlatlarning o‘z geosiyosiy mustaqilligini oshirib borishida yagona yo‘l bu – huquqiy davlatchilik va vatandoshlik jamiyati barpo qilishdir. Chunki axborot mustaqilligi, geosiyosiy va siyosiy plyuralizm orqali hokimiyatlarni muttasil almashtirib turish va hokimiyat legitimligi orqali tashqi kuchlarga qarshilik ko‘rsata olish aynan demokratik boshqaruvlarda amalga oshadi. Avtoritar boshqaruvlarda esa tashqi dunyo hokimiyatdagi markaziy shaxslarga bosim qiladi hamda butun jamiyat ana shu bosim ostiga tushib qoladi.

Ilyos Safarov suhbatlashdi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Markaziy Osiyoda shakllanayotgan boshqaruv tizimlari haqida ekspert bilan suhbat