
Financial Times ma’lumotiga ko‘ra, Hindistonning yirik sanoat va moliyaviy imperiyasi — Hinduja Grup konglomeratining rahbari Gopichand Hinduja London shahridagi shifoxonalardan birida uzoq davom etgan kasallik tufayli vafot etdi. Uning yoshi 84da edi.
Joriy yilning may oyida The Sunday Times nashri tomonidan e’lon qilingan Britaniyaning eng boy insonlari ro‘yxatida Hinduja avlodlari yana birinchi o‘rinni egalladi. Nashr hisob-kitoblariga ko‘ra, Gopichand Hinduja va uning oilasi mulki 35,3 milliard funt sterling (taxminan 45 milliard dollar) deb baholangan.
Gopichand Hinduja oilaviy biznesga 1959-yilda qo‘shilgan. Uning karerasi davomida qabul qilgan bir qator strategik qarorlar kompaniya taqdirini tubdan o‘zgartirgan. Xususan, 1984-yilda Gulf Oil — amerikalik yirik neft kompaniyasini sotib olishi va 1987-yilda moliyaviy inqirozga uchragan Ashok Leyland — Hindistonning tijorat transport vositalari hamda qishloq xo‘jaligi texnikasi ishlab chiqaruvchisini qo‘lga kiritishi hal qiluvchi qadamlar bo‘ldi.
Bu ikki kelishuv Hinduja Grupning kelajakdagi o‘sishiga zamin yaratdi. Kompaniya avval Hindiston va Eron bozorlariga yo‘naltirilgan kichik savdo tashkiloti sifatida faoliyat boshlagan bo‘lsa, keyinchalik energetika, moliya, avtomobilsozlik va axborot texnologiyalari sohalarini qamrab olgan yirik xalqaro sanoat konglomeratiga aylandi.
Gopichand Hinduja nafaqat biznes dunyosida, balki xayr-ehson faoliyatida ham faol bo‘lgan. U vafotidan avval ham ta’lim, sog‘liqni saqlash va jamoatchilik loyihalariga katta mablag‘ yo‘naltirib kelgan.
Uning vafoti haqidagi xabar nafaqat Hindiston, balki butun dunyo biznes doiralarida chuqur qayg‘u bilan qarshi olindi. Ko‘pchilik uni “Hind biznesining global yuzi” sifatida esga olmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!