Bolangizni jazolayotganda bu ishni uning xatosini anglatish uchun emas, aslida hech kimdan ololmagan alamzadaligingizdan qutulish uchun qilayotganingizni anglaysizmi? Ishingiz yurishmasligi, o‘zingizdan qoniqmaslik, turmushdagi yetishmovchiliklar... barcha hislar sig‘gan sabr kosangizga bolangizning birgina erkaligi, sho‘xligi sig‘maydimi?
«Azizim, Po‘rtaxol» asarini o‘qir ekansiz, beixtiyor farzandingiz bilan munosabatingizni taftish qilishni boshlaysiz. Asar qahramoni Zeze timsolida gavdalangan kichkintoyingizning sho‘xliklari aslida sizning e’tiboringizni tortish, mehringizni qozonish uchun qilinayotgan harakatlar ekanini anglab yetasiz.
Azizim, Po‘rtaxol (portugalcha: Meu Pé da Laranja Lima) — Joze Mauro de Vaskonselosning romani. Kitob birinchi marta 1968 yilda nashr etilgan va Braziliyadagi boshlang‘ich maktablar uchun adabiyot darslarida ishlatilgan. U AQSh, Yevropa va Osiyoda ham tarjima qilingan va nashr etilgan.
O‘zbek tiliga ilk marotaba Mirzohid Muzaffar tarjima qilgan bo‘lib, 2021 yilda «Faktor books» nashriyoti tomonidan nashr etilgan.
Mazkur asarga yozuvchi o‘zining hayoti, qashshoqlikda o‘tgan bolalik yillarini singdirib yuborgan. Qalbining tubida naq 20 yil saqlagan asarini yozuvchi 12 kunda qog‘ozga tushirgan (roman 224-betdan iborat).
Syujyet
Zeze — Rio-de-Janeyroning Bangu shahrida kambag‘al oilada yashaydigan yosh bola. Uyidagi hamma ro‘zg‘orga pul topish uchun band bo‘lgani sababli, Zeze odatda ukasi Luis bilan yolg‘iz qoladi. O‘zining xayolot dunyosidagi hayvonot bog‘i, gapiruvchi ko‘rshapalak va hindu do‘stlari bilan xayolan o‘yinlar o‘ynaydi.
Yoqimtoygina besh yoshli bolakayning sho‘xliklari, kattalar e’tiborini tortish uchun qilgan harakatlari ota-onasi va aka-ukalarining g‘azabini qo‘zg‘atadi, ular qilgan ishi uchun uni ayovsiz kaltaklashadi (tasavvur qilyapsizmi, besh yoshli mittigina bolakayni).
Zezening otasi ishdan bo‘shatilgandan so‘ng, butun oila nisbatan kichikroq uyga ko‘chib o‘tadi va u yerda aka-ukalarning har biri o‘zi uchun daraxt tanlaydi. Bog‘dagi barcha daraxtlar egallangach, Zeze xafa bo‘ladi. Lekin uning opalaridan biri Gloriya hovlining orqa tomonidagi kichik apelsin daraxtini tanlashni tavsiya qiladi.
Ukasining ko‘nglini ko‘tarish uchun opa hali navnihol bo‘lgan apelsin daraxtini maqtaydi. Dastlab, Zeze o‘z daraxtini yoqtirmaydi, lekin u daraxt bilan gaplasha boshlagach hammasi o‘zgaradi. Unga nom beradi va ikkalasi eng yaxshi do‘st bo‘lishadi.
Hali kichik bo‘lishiga qaramay o‘qishni o‘rganib olgan bolakay maktabga chiqadi. Uni qabul qilishlari uchun yoshini oltida deb yolg‘on gapirishadi. Yerga ursa ko‘kka sapchiydigan, bezoriliklari bilan odamlarni bezor qilgan bolakay maktabda shunday aqlli, sipo o‘quvchiga aylanadiki, birov u haqida yomon gapirsa, o‘qituvchisi ishonmaydi. Zezeni maqtaydi, unga ishonch bildiradi.
O‘qituvchisining mehridan quvongan Zeze maktabda aslo bezorilik qilmaydi. Hatto o‘qituvchisiga bog‘dan gul o‘g‘irlab keltiradi. Har tong o‘quvchisi keltirayotgan gullar o‘g‘irlangan ekanini bilgach, ustozi uni urmaydi, ota-onasi kabi baqirib haqoratlamaydi.
Aksincha, barcha o‘quvchilar ketganidan so‘ng, uni oldiga olib gaplashadi. Bunday qilmasligini so‘rab yig‘laydi. Kaltaklar ta’sir qilmaydigan bolakayga ko‘z yoshlar shu qadar ta’sir qiladiki, u qaytib o‘g‘irlik qilmaslikka so‘z beradi va va’dasining ustidan chiqadi.
U oila a’zolarini shu qadar yaxshi ko‘radiki, ularga tinimsiz mehr beradi. Akasining iltimosi sabab, o‘zidan katta bolalar bilan olishib, o‘lar holatga keladi. Mushtlashgani uchun uyda otasidan ham kaltak yeydi. Otasini xursand qilish uchun ertadan kechgacha o‘zidan katta qutisini ko‘tarib odamlarning oyoq kiyimini tozalaydi. Topgan puliga otasi uchun sigara oladi.
U tinimsiz mehr beradi, ammo o‘z tashvishi bilan band bo‘lgan kattalar buni sezmaydi. Unga mehr berish esa xayollariga ham kelmaydi. Hatto oyog‘ini shisha bo‘lagi ikki qarich kesib yuborganda ham uydagilariga aytishga qo‘rqadi. Bu uchun ham kaltak yeyishini sezadi.
O‘lar holda sudralib maktabga ketayotganida unga butunlay begona, bir hafta oldin mashinasining orqasiga osilmoqchi bo‘lganida ushlab olib hammaning ichida izza qilgan portugaliyalik Manuel Valadares ismli kishi yordam beradi.
Avvaliga Zeze bu portugaliyalikning mashinasiga o‘tirishni istamaydi. Chunki kamsitilgani uchun Zeze undan qasos olishga hammaning oldida va’da bergan edi. Biroq Valadares Zezening munosabatini uning bolaligi bilan bog‘laydi va bolani dast ko‘tarib mashinaga o‘tirg‘izib, doktorga olib ketadi. Bu munosabat bilan Zeze haqiqiy mehr nima ekanini bilib oladi.
Ularning ikkalasi yaxshi do‘st sifatida ko‘plab xotiralarni baham ko‘rishadi, lekin afsuski, Valadares poyezd halokatida vafot etadi. Bundan Zeze jiddiy ruhiy jarohatlanadi. Shokka tushadi. Chunki bu voqeaga qadar uning oilasidan, otasidan batamom ko‘ngli sovigan, qalbida ularni o‘ldirib bo‘lgan edi.
Opasi, akasi va otasidan yegan kaltak natijasida ikki hafta to‘shakdan turolmay qolgan bolakay nafaqat jismoniy, balki ruhiy shikastlangan, ruhi singan edi. Otasini xursand qilish maqsadida aytgan qo‘shig‘i sabab shu qadar kaltaklanadiki, alaloqibat onasini quchib, «oyi, men tug‘ilmasligim kerak edi», deyishgacha borib yetadi.
Bu kaltaklardan qolgan izni ko‘rgan portugaliyalik do‘sti dahshatga tushadi:
«Indamadi. Lekin ko‘zlari dahshat va isyonga to‘lgan edi. Men yegan kaltaklardan qolgan izlar, yaralar, kesiklar va ko‘karib shishgan joylarini ko‘rishini hech istamasdim...»
Bolakay o‘zini oilasi uchun shu qadar keraksiz his qiladiki, hatto Valadaresdan o‘zini asrab olishini so‘raydi:
«Meni ololsang, biznikilarning bari xursand bo‘lganidan yig‘lab yuborardi. Bu bilan ularga juda katta yordam qilgan bo‘lasan.Meni berishni istashmasa, sotib olishing ham mumkin. Dadamga pul kerak. Meni sotishi aniq...»
O‘zini Valadaresning o‘g‘lidek his qilib yurgan bir paytda esa, poyezd halokati uning uchun qattiq ruhiy zarba bo‘ladi. Hayotda uni ushlab qoladigan rishta qolmagandek edi go‘yo. To‘shakka mixlanadi. Oxir-oqibat, Zeze xastalikni yengadi, lekin apelsin daraxti bilan gaplashish qobiliyatini yo‘qotadi.
Otasidan yangi ishga kirgani, hayotlari yaxshilanishi haqidagi xabarni eshitadi. Biroq Zeze otasini unga qilgan shafqatsizligi uchun xayolida o‘ldirganini his qilayotganini tan oladi: «men odamlarni ko‘p o‘ldiraman, shunchaki, ularni unutib, yaxshi ko‘rishdan to‘xtayman va ular shu ko‘yi o‘lib ketaveradi». «Haqiqiy» otasi Manuel Valadaresni yo‘qotganidan qayg‘uradi.
Filmga moslashtirish
2012 yilda mazkur asar asosida film suratga olinadi. Fransiya, Germaniya va Janubiy Koreya kabi bir necha mamlakatlarda ekran yuzini ko‘radi. Filmda rejissyor Zezening haqiqiy do‘sti sifatida hayotdagi muhim shaxsiga aylangan Portugani (portugaliyalik do‘stini u shunday ataydi) keyinchalik filmda Zezening yozuvchi bo‘lishiga bevosita ta’sir qilgan shaxs sifatida ko‘rsatadi.
«Mening shirin apelsin daraxtim» filmi chiqqanidan beri ko‘plab milliy shuningdek, xalqaro kinofestivallarda ishtirok etgan. 2010, 2012 va 2013 yillarda Kann, 2014 yilda Cinema Brazil Grand Prize, 2013 yilda Zlin xalqaro bolalar va o‘smirlar kinofestivalida bolalar uchun eng yaxshi badiiy film g‘olibi bo‘ldi. Shuningdek, 2012 yilda 7-Rim kinofestivalida Elis mukofotini ham olgan.
Mazkur asarda kichikkina vujudida ulkan g‘amni ko‘tarib yurgan, qashshoqlik sabab ota-onasi tomonidan bolaligi yo‘q qilingan bolalar hayotiga ko‘zgu tutiladi. Uni har bir ota-ona oila davrsida o‘qib chiqishi kerak.
Charos Mannonova tayyorladi.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring