date

Rossiyada o‘zbekistonliklarga hujum qilgan o‘smirlarga jinoyat ishi ochildi

Rossiyada o‘zbekistonliklarga hujum qilgan o‘smirlarga jinoyat ishi ochildi

Rossiya Federatsiyasining Primorsk o‘lkasida sodir bo‘lgan voqea jamoatchilik orasida katta shov-shuvga sabab bo‘ldi. Tergov qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, Vladivostok shahrining Xabarovskaya ko‘chasida o‘zbekistonlik ekani aytilgan migrantlarga hujum qilgan o‘smirlar guruhiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Ma’lum qilinishicha, 10 sentyabr kuni kechasi 15 yoshli o‘smir va uning sheriklari mast holda turli bezorilik harakatlari sodir etgan. Ular sababsiz turib to‘xtab turgan avtomashinaga zarar yetkazib, salonga aerozol sepishgan. Keyin esa yuk mashinasi haydovchisiga hujum qilishgan.

Shu bilan birga, ayblanuvchilar shahardagi 24 soatlik do‘konga kirib, xaridorlar va sotuvchilar ko‘z o‘ngida taksi haydovchisi va uning yo‘lovchisiga tajovuz qilishgan. Ko‘chada ham ular baland ovozda baqirib, tosh va qo‘lbola buyumlarni qurol sifatida ishlatgan holda odamlarga hujum qilgani qayd etilmoqda.

Tergov qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, hozirgacha ayblanuvchilarning shaxsi to‘liq aniqlangan. Ulardan biri qo‘lga olingan bo‘lsa, yana ikki nafari qidiruvga berilgan. Ma’lum bo‘lishicha, gumonlanuvchilar avval ham huquqni muhofaza qilish idoralari e’tiboriga tushgan. Ulardan biri hatto oldingi jinoyat ishi doirasida sud jarayonida ishtirok etmoqda.

“Gumonlanuvchilar salbiy xarakterga ega va ularning qilmishlari oldindan ma’lum edi. Ayni vaqtda tergovchilar voqeaning barcha holatlarini o‘rganmoqda, Primorsk o‘lkasi Ichki ishlar vazirligi xodimlari esa tezkor yordam ko‘rsatmoqda”, — deyiladi Tergov qo‘mitasi ma’lumotida.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonning Vladivostokdagi Bosh konsulxonasi voqeadan so‘ng jabrlangan fuqarolar bilan aloqa o‘rnatgan va ularga huquqiy yordam ko‘rsatgan edi. Shuningdek, o‘zbekistonliklar tomonidan shahar Ichki ishlar boshqarmasiga rasmiy ariza topshirildi. Rossiya TIVning Vladivostokdagi vakolatxonasi hamda Primorsk o‘lkasi prokuraturasiga notalar yo‘llanib, tegishli choralar ko‘rish talab qilindi.

Mazkur ish hozirda O‘zbekistonning Vladivostokdagi Bosh konsulxonasi va Rossiya huquq-tartibot idoralari tomonidan alohida nazorat ostida. Mutaxassislar ta’kidlashicha, bu kabi holatlarga keskin chora ko‘rilishi kelgusida bunday holatlarning oldini olishda muhim ahamiyatga ega.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Rossiyada o‘zbekistonliklarga hujum qilgan o‘smirlarga jinoyat ishi ochildi