date

O‘zbekiston milliy terma jamoasida yangi homiy paydo bo‘ldi

O‘zbekiston milliy terma jamoasida yangi homiy paydo bo‘ldi

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi matbuot xizmati ma’lumot berishicha, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan “Uzum” milliy raqamli ekotizimi O‘FA bilan hamkorlik doirasida jahon chempionatiga tayyorlanayotgan milliy terma jamoani va umuman futbolning rivojini qo‘llab-quvvatlash tashabbusi bilan chiqdi.

Ma’lum qilinishicha, “Uzum”ning bevosita ko‘magi orqali assotsiatsiya sport infratuzilmasini yanada mustahkamlaydi, yoshlar uchun turli dasturlar hajmini kengaytiradi, eng muhimi, milliy terma jamoaga 2026 yilgi jahon chempionatiga tayyorgarlik jarayonida yangi imkoniyatlar yaratiladi. Shundan tashqari, milliy jamoa futbolchilari O‘FA va raqamli ekotizim hamkorligidagi qo‘shma loyihalarda qatnashib, o‘z shaxsiy namunasi orqali yosh avlodni ruhlantiradi.

Hozirgi kunda O‘FA tarkibida 14 ta hududiy assotsiatsiya faoliyat ko‘rsatmoqda, shuningdek, 12 mingdan ziyod bolalar va o‘smirlar turli jamoalarda muntazam mashg‘ulot olib borishmoqda. Milliy terma jamoa esa Osiyo kubogi, jahon chempionati va Olimpiada saralash bosqichlarida yurtimiz sharafini munosib himoya qilib kelmoqda.

O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov bu hamkorlikni mamlakatimizda futbol taraqqiyotida yangi bosqich sifatida baholadi:

— “Uzum” bilan qo‘shma loyihalar futbolning kelajagiga muhim investitsiyadir. Yaqin yillarda milliy terma jamoalar, bolalar va ayollar futboli yo‘nalishida ham qator sa’y-harakatlarni amalga oshirish niyatimiz bor”, – dedi u.

“Uzum” asoschisi va bosh direktori Jasur Jumayev ham bu hamkorlikning ahamiyatiga urg‘u berdi:

— “Biz uchun nafaqat sportga ko‘mak berish, balki iqtidorli yoshlar o‘sishi, mavjud chempionlar esa yangi g‘alabalar uchun zarur resurslarga ega bo‘lishi juda muhim. Futbol insonlarni birlashtiradi, ularning kuchiga ishonch uyg‘otadi. O‘FA bilan hamkorlikda o‘zbek sporti kelajagiga hissa qo‘shishimizdan faxrlanamiz”, – dedi u.

“Uzum Bank” kuzatuv kengashi raisi Rasuljon G‘ulomov esa qo‘shimcha qildi:

— “Futbolni qo‘llab-quvvatlash – bu kelajakka yo‘naltirilgan sarmoya. Sport infratuzilmasini rivojlantirish, futbolchilar va muxlislar uchun yangi imkoniyatlar yaratish orqali biz futbolning millionlab o‘zbekistonliklarning kundalik hayotiga aylanishini xohlaymiz. Ishonchim komil, assotsiatsiya bilan hamkorlikda yangi g‘alabalar va yorqin sport tarixiga zamin yaratamiz”.

Shu tariqa, yangi hamkorlik nafaqat milliy terma jamoaga, balki butun mamlakatda futbolning har tomonlama rivojlanishiga katta turtki berishi kutilyapti.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » O‘zbekiston milliy terma jamoasida yangi homiy paydo bo‘ldi