18:18 / 22.03.2024
1 411

G‘ulomjon Yoqubovning sozandasiga ko‘ngil qo‘ygan Gulsanam Mamazoitova 43 yoshda (foto)

G‘ulomjon Yoqubovning sozandasiga ko‘ngil qo‘ygan Gulsanam Mamazoitova 43 yoshda (foto)
O‘zbekiston xalq artisti Gulsanam Mamazoitovaga, aslida, Navro‘zoy deb ism qo‘yilishi kerak edi. Chunki u 22 mart sanasida dunyoga kelgan. Bu yil 43 yoshni qarshilaydigan xonanda ijodda ham, hayotda ham muvaffaqiyatga erishgani bilan ko‘pchilikka o‘rnak bo‘ladi. Xo‘sh, sevimli xonanda muvaffaqiyatga erishish uchun qanday qiyinchiliklarni yengib o‘tgan?

“Onam bizni yolg‘iz katta qilgan”

Foto: Gulsanam Mamazoitova arxividan
Gulsanam Mamazoitovaning san’atkor bo‘lishiga hech kim shubha qilmasdi. Chunki u farg‘onalik hofiz Mamadali Mamazoitov xonadonida dunyoga kelgan. U oilaning kenja farzandi bo‘lib, Otabek ismli akasi va Go‘zalxon ismli opasi bor. Gulsanam otasi haqida intervyularida deyarli gapirmaydi. Buning boisi uning bolalik yillari ota mehridan ayro o‘tganligida bo‘lsa kerak. Gulsanam Mamazoitovaning onasi o‘z davrining eng talabchan rahbarlaridan biri bo‘lgan. Xonanda san’atga qiziqishiga aynan onasining rahbar bo‘lgani ham sabab bo‘lgani haqida so‘zlab bergan:

Foto: Gulsanam Mamazoitova arxividan
Rahbar insonning ishi ko‘p bo‘ladi. Shuning uchun singillarga qarash vazifasi akamga yuklatilgandi. U paytlarda akam musiqa maktabiga ham qatnardi. Ko‘pincha meni o‘zi bilan maktabga olib ketardi. U yerdagi muhit menga ham ta’sir etib, san’atga mehrim yanada ortgan. Ilk ustozim akam bo‘lgan. U ovozimdagi o‘ziga xoslikni aniqlab, qo‘shiq aytishga mehr uyg‘otgan.

Foto: Gulsanam Mamazoitova arxividan
Bizni onamizning yolg‘iz o‘zi o‘stirib, katta qilgan. Ota mehrini deyarli ko‘rmaganmiz. Lekin, shunday bo‘lsa ham, onam bizni kam qilmagan. Qo‘ldan kelgancha tarbiya qilib, o‘qitib, kerak bo‘lsa, ko‘chada erkak, uyda ayol bo‘lib o‘stirgan. Shu narsaning ta’siri bor. Onamning lafzi kuchli, “Bolam, bir narsani kuching yetsa, qilaman degin. Kuching yetmagan narsaga va’da berma!” deb, haligacha o‘rgatadi Tarbiyamda shu narsa bor. Men yillar o‘tib shakllanmaganman, bu narsa qon-qonimga singib ketgan, — deydi xonanda Gulsanam Mamazoitova.

“Qo‘shiq aytmay, raqs bilan shug‘ullanganman”

Gulsanam Mamazoitova bir muddat professional raqs bilan ham shug‘ullangan. U O‘zbekiston xalq artisti Ma’mura Ergasheva va Sug‘diyona Isroilovaga shogirdlikka tushib, keyinchalik o‘z ansamblini ham tashkil etgan.

Foto: Gulsanam Mamazoitova arxividan
Qo‘shiq kuylashni erta boshlaganim uchun o‘smirlikka o‘tish vaqtida ovoz o‘zgarishi — mutatsiya vaqti bo‘lgan. Bu davrda vaqtincha qo‘shiq kuylamaslik kerak. “Bo‘sh qolmasin”, degan maqsadda onam meni raqs to‘garagiga berganlar. Uch-to‘rt yil raqs bilan shug‘ullandim, ustoz ko‘rdim. Raqs bilan professional shug‘ullanish istagi bo‘lmagan, bo‘sh vaqtni to‘ldirish uchun xizmat qilgan, xolos, — deydi xonanda.

Gulsanamga akasi qanday shart qo‘ygan?

Gulsanam Mamazoitovaning san’atkor bo‘lishiga onasi qarshi bo‘lmagan. Ammo akasi Otabek Muhammadzohid unga bir nechta jiddiy cheklovlarni qo‘ygani ko‘pchilikka sir emas. Xususan, Otabek Muhammadzohidning o‘zi intervyusida cheklovlar haqida quyidagilarni ma’lum qilgan.

Foto: Gulsanam Mamazoitova arxividan
Avvalo, singlimning milliy qo‘shiqlar ijro etishini so‘raganman. Chunki o‘sha paytda san’atda har tomonga yo‘rg‘alash, “ohangi tushsa, qo‘shiq bo‘ladi-da”, qabilida ish qilish urfga aylangandi. Keyin liboslariga e’tiborli bo‘lishini tayinlaganman. Bu mening ham akalik, ham ustozlik talabim edi, — deydi xonanda Otabek Muhammadzohid.

Tanlovlarsiz tasavvur etib bo‘lmaydigan biografiyasi

Gulsanam Mamazoitova 2000 yili O‘zbekiston davlat konservatoriyasining “Sharq musiqasi” fakultetiga o‘qishga kiradi. 2006 yili esa magistrlik darajasini yoqlab, shundan keyin bor e’tiborini ijodga qaratadi.

Foto: Gulsanam Mamazoitova arxividan
Gulsanam Mamazoitova deganda ko‘z oldimizda davlat tadbirlarida faol va turli ko‘rik-tanlovlarda ishtirok etadigan xonanda keladi. Haqiqatan ham, uning biografiyasini tanlovlarsiz tasavvur etish qiyin. U ilk g‘alabasini kollejda o‘qib yurgan kezlari qo‘lga kiritgan. Ya’ni 1999 yil o‘tkazilgan Yunus Rajabiy nomidagi ko‘rik-tanlovda ishtirok etib, ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan. “Nihol” mukofotini esa O‘zbekiston davlat konservatoriyasining 4-bosqichida o‘qiyotganida olgan.

To‘ydagi sozandaga qo‘yilgan ko‘ngil

Foto: Gulsanam Mamazoitova arxividan
Gulsanam Mamazoitova sozanda Sanjar Ahmedov bilan oila qurgan. Sanjar Ahmedov O‘zbekiston xalq artisti G‘ulomjon Yoqubov bilan to‘y-xizmatlari va konsertlarida qatnashardi. U to‘yda Gulsanam bilan tanishgach, bir oliygohda o‘qishlarini bilishgan.

Sanjar Ahmedov O‘zbekiston davlat konservatoriyasining zarbli cholg‘ular fakultetida tahsil olgan. U bir muddat ijod bilan shug‘ullangan, xonanda bilan oila qurgach, bor e’tiborini uning ijodiga qaratgan. U ayni kunda turmush o‘rtog‘ining ish boshqaruvchisi hisoblanadi.

“Qiyinchiliklar hammada bor”

Bir qarashda Gulsanam Mamazoitova hammasiga osonlik bilan erishgandek tuyuladi. Ammo u ham ko‘plab qiyinchiliklarni boshidan o‘tkazgan. Jumladan, ikki yosh oila qurgach, moddiy jihatdan qiynalishgan. Chunki o‘sha vaqtda ikkisi ham talaba edi.

Foto: Gulsanam Mamazoitova arxividan
Hammada ham bunday qiyinchiliklar bo‘ladi. Balki hayot shunisi bilan ham qiziqdir. Muhimi, ko‘ngil xotirjam bo‘lsa bo‘ldi. Biror ishni boshlayotgan inson moddiy ehtiyojini birlamchi deb hisoblamasligi kerak. Agar shunday deb bilsa, u maqsadidan chalg‘iydi, — deydi xonanda.

“20 kunlik chaqalog‘im bilan konsertga borganman”

Xonandaning Mohijahonbegim va Abdug‘affor ismli farzandlari bor. Ammo uning ilk homilasi nobud bo‘lgan va bundan ruhiy tushkunlikka tushgan. Gulsanam Mamazoitova ikki farzandini dunyoga keltirgandan keyin ham tezda sahnaga qaytishga majbur bo‘lgan. Xususan, o‘g‘li Abdug‘affor bilan chillalik davridan boshlab gastrol safarlariga borganini kulib eslaydi.

Foto: Gulsanam Mamazoitova arxividan
O‘g‘lim 20 kunlik chaqaloqlik paytida “Universiada” sport musobaqalari o‘tkaziladigan bo‘ldi. Tashkilotchilar bolam kichikligini inobatga olib, shifokor, hamshira va haydovchilarni tayyorlab qo‘yishgan. Xullas, bolalarim juda kichikligidan boshlab menga hamroh bo‘lishgan, — deydi xonanda intervyularining birida.

“Allani aytolmay, yig‘laganman”

Gulsanam Mamazoitovaga omad olib kelgan qo‘shiqlar ko‘p. Ammo uni ruhiy tushkunlikka tushirganlari ham yo‘q emas. Xonanda bu borada quyidagilarni ma’lum qilgan.

Foto: Gulsanam Mamazoitova arxividan
“Alla” qo‘shig‘imning yozilish jarayoni juda og‘ir kechgan. Chunki bu qo‘shiqda farzandini yakka o‘zi o‘stirgan yolg‘iz ayol dardini kuylash kerak bo‘lgan. Bu dard o‘z hayotimga begona emasdi. O‘sha dardni ko‘nglimdan o‘tkazib kuylaganman. Holatimni ko‘rib, ovoz operatorimiz ham yig‘lab yuborgan. Yig‘lasangiz, ovozingiz o‘zingizga bo‘ysunmaydi, hattoki gapirolmay qolasiz. Qiyinchilik bilan yaratilgan qo‘shiq ko‘pchilikka ma’qul kelgan, — deydi xonanda.

“Men omadliman”

Ko‘pchilik bu xonandani faqatgina davlat tadbirlari uchun ijod qiladigan xonanda deya tanqid qiladi. Bunday tanqidlarga xonanda o‘z munosabatini bildirdi.

Foto: Gulsanam Mamazoitova arxividan
Tanqid o‘rinli bo‘lsa, e’tibor beraman. Davlat tadbirlarida ishtirok etish baxt. To‘y xizmatlariga ham boraman. Ammo ijodimning asosini konsertlar tashkil etadi. Bu baxt hamma xonandaga ham nasib etmaydi. Demak, men omadliman, — deydi xonanda.

Gulsanam unvon olish borasida hamkasblaridan ancha o‘zib ketgan. U 2006 yili O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, 2013 yilda O‘zbekiston xalq artisti unvonlarini qo‘lga kiritgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » G‘ulomjon Yoqubovning sozandasiga ko‘ngil qo‘ygan Gulsanam Mamazoitova 43 yoshda (foto)