
FIFA rahbari Janni Infantino ijtimoiy tarmoqlarda o‘zining Livan fuqaroligini qo‘lga kiritganini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, bu unga katta sharaf va muhimi — yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.
Infantino Bayrutga tashrifi chog‘ida Livan prezidenti Jozef Aun bilan uchrashib, mamlakat fuqaroligini qabul qilish marosimida qatnashgan. Uning qayd etishicha, FIFA va Livan o‘rtasida futbolni rivojlantirish, sport orqali tinchlikka hissa qo‘shish, yoshlar va ta’lim sohasida yangi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik masalalari muhokama qilingan.
“Rasman livanlik ekanligimdan juda mamnunman. Biz futbolni faqat o‘yin sifatida emas, tinchlik, ta’lim va imkoniyatlar quroli sifatida ham rivojlantirishda davom etamiz”, — deya ta’kidladi Infantino.
Shu o‘rinda qayd etish kerakki, 55 yoshli futbol rahbari Shveysariya va Italiya fuqaroligini ham saqlab qolgan. Uning turmush o‘rtog‘i — Livanlik Lina Al-Ashkar.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.