date

Rossiyada ayollarga 18 yoshdanoq farzand ko‘rish tavsiya qilindi

Rossiyada ayollarga 18 yoshdanoq farzand ko‘rish tavsiya qilindi

Rossiya Federatsiyasi parlamentining yuqori palatasi — Federatsiya kengashi raisi Valentina Matviyenko mamlakat ayollarini 18 yoshdanoq farzand ko‘rishga chaqirdi. Bu haqda u “Moskovskiy komsomoles” gazetasiga bergan intervyusida bayonot berdi.

“Demografiya sohasidagi asosiy vazifa mentalitetni o‘zgartirishdir. Inoq, katta va barqaror oilaga ega insongina muvaffaqiyatli hisoblanmog‘i lozim. Farzand ko‘rish urfga aylansin, ayollar 28–29 yoshda emas, balki voyaga yetgach darrov tug‘ishni odat qilishi kerak”, — dedi u.

Matviyenkoning fikricha, ayollar farzand ko‘rishni ortga surmasligi kerak, chunki keyinchalik tibbiy yoki boshqa sabablarga ko‘ra bu imkoniyat yo‘qolishi mumkin.

Ma’lumot uchun, 76 yoshli Matviyenko o‘zi bitta farzand — Sergey Matviyenkoni voyaga yetkazgan. U farzandini 1973 yilda, 24 yoshida dunyoga keltirgan.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya aholisi yil sayin kamayib bormoqda. 2025-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, mamlakat aholisi 146 million 28 ming 325 kishini tashkil etdi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 0,08 foizga kam.

Hisob-kitoblarga qaraganda, 2045-yilga kelib Rossiya aholisi 138,8 milliondan 130,6 milliongacha kamayishi mumkin. Bunda urushdagi insoniy yo‘qotishlar hisobga olinmagan.

Ba’zi demograflarning prognoziga ko‘ra, 2100-yilga borib Rossiya aholisi 74 milliondan 112 milliongacha tushib ketishi mumkin. Bu esa ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni kuchaytiradi.

Shu sababli Rossiya rahbariyati so‘nggi yillarda aholiga erta farzand ko‘rishni tavsiya qilmoqda. Bu masala Demografiya va oila siyosati kengashi yig‘ilishlarida doimiy muhokama qilinmoqda.

Prezident Vladimir Putin ham onalik va otalikni “baxt” deb atab, yoshlarni bu baxtni ortga surmaslikka undagan. U o‘qish yoki karyerani sabab qilib, farzand ko‘rishni kechiktirishni tanqid qilgan.

Putinning 2024-yildagi farmonida 2030-yilga kelib tug‘ilish koeffitsiyentini 1,6 nafarga, 2036-yilda esa 1,8 nafarga yetkazish vazifasi qo‘yilgan edi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Dunyo » Rossiyada ayollarga 18 yoshdanoq farzand ko‘rish tavsiya qilindi