
Rossiya Federatsiyasi parlamentining yuqori qanoti – Federatsiya Kengashi raisi Valentina Matviyenko mamlakat ayollarini 18 yoshdanoq farzand ko‘rishga murojaat qildi. Uning fikricha, demografiya sohasidagi eng asosiy vazifa dunyoqarashni o‘zgartirishdan iborat bo‘lishi kerak.
"Muvaffaqiyat – katta oilada"
Matviyenko, hozirgidek 28-29 yoshda emas, balki ayol voyaga yetgandayoq tug‘ishi me’yorga aylanishi zarurligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «Durust, ahil-inoq, katta va mustahkam oilaga ega kishigina muvaffaqiyatga erishgan deb hisoblanishi kerak».
Parlament spikeri ayollarni tug‘ishni kechiktirmasligi lozimligidan ogohlantirdi, chunki keyinchalik tibbiy yoki boshqa sabablarga ko‘ra farzand ko‘rish imkoni bo‘lmasligi mumkin.
Inqirozning dahshatli raqamlari
Bunday keskin chaqiriq zamirida Rossiyadagi chuqur demografik inqiroz yotibdi. Tahlillarga ko‘ra, Rossiya aholisi yil sayin qisqarib bormoqda. 2024 yilga nisbatan 0,08 foizga kamaygan aholi soni 2045 yilga borib 138,8 milliongacha qisqarishi mumkin. Ba’zi olimlar esa 2100 yilga borib bu ko‘rsatkich 74 milliongacha tushishini bashorat qilmoqda. Demografik tanglik mamlakat uchun katta ijtimoiy va iqtisodiy tangliklarni yuzaga keltirishi aniq.
Shu bois, so‘nggi yillarda Rossiya rahbariyati aholini ko‘proq va erta-roq farzand ko‘rishga faol rag‘batlantirmoqda. Prezident Vladimir Putin ham yoshlarni o‘qish yoki kar’yera vaжидан farzand ko‘rishni orqaga surmaslikka chaqirgan. Uning farmoniga ko‘ra, tug‘ilishning umumiy koeffitsiyenti 2030 yilga borib 1,6 nafarga, 2036 yilda esa 1,8 nafarga yetishi lozim.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.