19:03 / 14.01.2018
7 497

«Navoiyning yangi g‘azalini eshitdik». Nima uchun xalq Sherali Jo‘rayevni yaxshi ko‘radi?

«Navoiyning yangi g‘azalini eshitdik». Nima uchun xalq Sherali Jo‘rayevni yaxshi ko‘radi?
Bu yil xalqimiz buyuk san’atkor Komiljon Otaniyozovning 100 yillik yubileyini katta tantana bilan nishonladi. Uning o‘zbek qo‘shiqchilik va musiqa san’atiga qo‘shgan ulkan hissasi ehtirom bilan yodga olindi. So‘zga chiqqanlardan aksariyati bunday buyuk san’atkor 100 yilda bir dunyoga kelishini qayta-qayta ta’kidladilar.

Biz keyingi uch yilda san’atimiz, madaniyatimiz va ma’naviyatimizning uch buyuk namoyandasidan ajraldikki, bu yo‘qotishlar hali uzoq vaqt madaniy va ma’naviy hayotimizda o‘zlarini yaqqol bildirib turadi. Men Shayx Muhammadsodiq Muhammad Yusuf hazratni, shoirlar Erkin Vohidov va Abdulla Oripovlar (Yaratgan ularni o‘z rahmatiga olgan bo‘lsin) haqida yozayotganligimni hammangiz sezib turganingizga hech bir shubham yo‘q. Biz ularni hayotligida hurmat qildik, ulardan o‘rgandik, ulardek bo‘lishga intildik. Lekin biz ularga ko‘rsatishmiz kerak bo‘lgan ehtiromning yuzdan birini ham ko‘rsatganimiz yo‘q. Biz hali ham bu buyuk insonlarning xalqimiz uchun qilgan hizmatlarini to‘lig‘icha anglab yetmadik.

Anglaganimizda edi, ko‘zimizdan yosh uzilmasligi, ular vafoti munosabati bilan boshlangan motam tugamasligi kerak edi. Albatta, bu insonlarning mehnatlari, qoldirgan ma’naviy meroslari hali chuqur tahlil qilinadi.

Mening maqolam bu insonlar amalga oshirgan ulkan ishlarni eslash haqida emas. Balki bunday buyuklardan yana bormi? Agar bor bo‘lsa, biz ularning qilgan ishlarini chuqur anglab yetamizmi? Shunga yarasha ehtirom ko‘rsata olyapmizmi? Shu kabi savollarga javob berishga qo‘limdan kelganicha harakat qilishdir. Yuqorida qo‘yilgan uch savolning birinchisiga men «ha» deb, qolgan ikkitasiga esa «yo‘q» deb javob bergan bo‘lar edim.

Biz yo‘qotgan uch buyukdan keyin yana bir buyuk ijodkor inson qoldi va unga uzoq umr tilab qolamiz. U O‘zbekiston xalq artisti, Alisher Navoiy nomidagi davlat mukofoti sohibi, xalqimizning buyuk hofizi Sherali Jo‘rayevdir!

Yuqorida qo‘yilgan — «Bu buyuk insoning qilgan ishlarini chuqur anglab yetayapmizmi? degan savolga «yo‘q» deb javob berishimning o‘ziga yarasha sabablari bor. Men san’atkorlar qatnashgan turli davralarda ikki marta «Sherali Jo‘rayev san’atiga qanday baho berasiz?» degan savolga bir xil — ya’ni «U kishining takrorlanmas ovozi bor, lekin san’atkor sifatida mening o‘rganadigan hech narsam yo‘q» degan javobni eshitganman. Bunday javob bergan har ikki san’atkor ham O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar edi. Demak, shundoq unvonli san’atkorlar hofizning muvaffaqiyati, o‘lmas san’ati sirlarini anglamagan ekan, oddiy xalq buni anglab yetishi qiyinligi turgan gap. Men sozanda ham, xonanda ham emasman. Lekin oddiy bir san’atsevar inson sifatida hofizning buyuklik sirlarini izohlashga harakat qilaman.

1. Biror mumtoz qo‘shiqni, masalan «Qaro ko‘zim»ni diqqat bilan tinglang. Qo‘shiqdagi musiqaga alohida e’tibor bering. Kuy bir maromda o‘zgarmasdan davom etaveradi. Ya’ni musiqa san’atkorlar tili bilan aytganda faqat «usul» beryapti xolos. Zamonaviy estrada qo‘shiqchilarida ham xuddi shunday hol — ya’ni kuy aytilayotgan «so‘z»ga jo‘r bo‘ladi. Bu narsa, ayniqsa Xorazm qo‘shiqlarida yaqqolroq seziladi. Hofiz esa qushiq — bu dildan otilib chiqayotgan nola ekanligini birinchi bo‘lib anglab yetdi. Shu sababli bu nolani boshqa qalblarga yetkazish uchun «so‘z»ni birinchi o‘ringa qo‘ydi. Qo‘shiqdagi har bir so‘zning mazmuniga mos ovoz, intonatsiya tanlandi. Kuy esa qo‘shiq ruhiyatini aks etadigan qilib tanlanadi. Qo‘shiqdagi so‘z tinglovchiga aniq yetib borishi uchun «So‘z» ketayotganda kuy pauza paytidagi ovozning «choragi»dan ham pastroq yangraydigan qilib tanlanadi.

Shu tufayli kuy usul beribgina qolmay, balki she’rda aks etmay qolgan holatlarni ham his etishga yordam bera boshlaydi. Buning natijasida qo‘shiq so‘zlari tinglovchi qalbiga bir tinglashning o‘zida muhrlanib qoladigan darajaga yetadi. So‘zimning isboti sifatida «Meni kutgil» qo‘shig‘ini tinglashni tavsiya etaman.

2. Maktabdagi musiqa darslari davridan bilamizki, kompozitorlar she’rga kuy bastalaganlarida she’rni musiqiy qolipga joylaydilar, qolip odatda, dastlabki to‘rt satr uchun va naqorat uchun yaratiladi. Qolgan to‘rtliklar ham shu qolip asosida kuylanaveradi, deb hisoblanadi. Hofiz o‘z qo‘shiqlari xalq diliga yaxshiroq yetib berishi uchun bu «qolip» dan boshqacharoq foydalana boshladi. Ya’ni ayrim to‘rtliklar uchun yangi «qolip» yaratiladi. Chunki bu to‘rtlikning mohiyatini xalqqa yetkazish uchun tanlangan ovoz va kuy avvalgi kolipga tushmas edi. Turli xil musiqiy qoliplarga solingan qo‘shiqlardan biri «Muqaddas ayolni» tinglasangiz, yuqoridagi fikrning to‘g‘riligiga amin bo‘lasiz.

3. She’rning ruhiyatini, undagi bor hissiyotlarni tinglovchiga to‘liq yetkaza oladigan qo‘shiqlar yaratgani tufayli Hofiz Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Omon Matjon, Halima Xudoyberdiyeva, To‘ra Sulaymon, Sirojiddin Sayyid va boshqa shoirlarni nafaqat elga yaxshiroq tanitdi, balki xalq qalbida ularning ijodiga ulkan qiziqish va muhabbat uyg‘otdi. Bu borada men bilan bahslashmang: yuqoridagi shoirlarning na o‘zini, na kitobini ko‘rgan, ammo ularning o‘nlab, yigirmalab she’rini yod aytib beradigan tanishlarim bor, hammasi Sherali Jo‘rayevdan eshitib yodlagan.

Xuddi shunday Alisher Navoiy, Bobur, Mashrab, Maxtumquli, Voqif, Rumiy va boshqa klassik shoirlarning she’rlari asosida shunday buyuk qo‘shiqlar yaratildiki, xalq uni hech bir tarjima yoki izohlarsiz tushundilar va shu orqali bu buyuklarga yaqinroq bo‘ldilar. Bu o‘rinda germaniyalik bir jurnalistning fikrining keltirishni o‘rinli deb bildim. U shunday degan edi:

«Odamlarga Navoiy asarlarini izohlash yoki tarjima orqali yetkazmoqchi bo‘lishyapti. Navoiyni xalq anglashi uchun Sherali Jo‘rayevning Navoiy g‘azalallari bilan aytiladigan ashulalarni eshittirish eng yaxshi samara berishini anglash vaqti yetdi».

Qizig‘i shundaki, «Ey xush ulkim» singari qo‘shiqlarni kuylaganda «Navoiyning yangi g‘azalini eshitdik», deb yuborgan odamlarni ko‘rganman.

4. Sherali Jo‘rayev ijodiy faoliyatini boshlagan paytda sahnada Komiljon Otaniyozov, Faxriddin Umarov, Tavakkal Qodirov kabi zabardast san’atkorlar faoliyat yuritardilar. Hofiz ularni o‘zining ustozi deb bildi va ularning san’atidagi eng yaxshi jihatlaridan o‘z faoliyatida foydalandi. Lekin u o‘z yo‘lini yaratdi. Bu yo‘ldan adashmay, olg‘a intildi. Eng avvalo, Alloh in’om etgan betakror ovozdan o‘rinli foydalandi.

Yuqorida ta’kidlaganimdek, hofiz qo‘shiqda «So‘z»ni birinchi o‘ringa qo‘yadi. Shu tufayli u yaratgan qo‘shiqlar she’rlari badiiy jihatdan mukammal, mazmunan teran, mantiqiy puxta, tarbiyaviy jihatdan eng ilg‘or bo‘lib, yuksak g‘oyalarni ilgari suradi.

Turli sabablarga ko‘ra, hofiz deyarli 20 yil katta sahnadan chetda turdi. Lekin uning qo‘shiqlari xalqimiz qalbida chuqur ildiz otgani uchun hofiz doimo el ardog‘ida bo‘ldi. So‘nggi paytlarda hofizning turli yirik tadbirlarda ishtirok eta boshlagani elimiz tomonidan katta mamnuniyat bilan kutib olindi.

Mana, nihoyat, hofiz yurtning eng katta sahnasida o‘z konsertini o‘tkazadigan bo‘ldi.

Xalqim!

Seni bu ulkan bayram bilan tabriklayman! Buyuk san’atkorni xalqimizga qaytarib bergan Prezidentimiz doimo el ardog‘ida bo‘lishini tilab qolaman!
Olimjon Zohidov

Manba: Xabar.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » «Navoiyning yangi g‘azalini eshitdik». Nima uchun xalq Sherali Jo‘rayevni yaxshi ko‘radi?