“Qishloq yigitiga ham turmushga chiqishim mumkin” — Luiza Rasulova

Oʻzbek shou-biznesi vakillari orasida eng koʻp muhokamalarga sabab boʻlayotgan aktrisa Luiza Rasulova 24 aprel kuni 31 yoshni qarshi oldi. U 14 yoshida ilk bor klipda rol ijro etib, sanʼat olamiga kirib kelgan. Bolaligida bozorda kiyim sotgan, Ukrainada taʼlim olgan, erkak hamkasbidan haqorat eshitgan, bugungi kunda esa toʻy va marosimlarda boshlovchilik qilib kelayotgan Luiza Rasulovaning tavallud sanasi munosabati bilan uning hayot yoʻli va ijodiy faoliyatiga nazar tashlaymiz.
“Dadam vafotidan keyin bozorda savdo qilganman”
1995 yil 24 aprel kuni Chirchiq shahrida dunyoga kelgan. U bolalik xotiralarini eslar ekan, bozorda kiyim-kechak sotgani, onasi esa roʻzgʻor tebratish uchun qarindoshlarining uylarini tozalaganini aytadi.
— Bolaligimdan aktrisa boʻlishni orzu qilmaganman, lekin bu sohada iqtidorim bor edi. Bogʻcha va maktabdagi sahna chiqishlarida faol ishtirok etardim, rollarim yaxshi chiqardi. Shuning uchun rahmatli dadam “aktrisa qizim” deb erkalardi. Biroq sanʼat sohasida oʻqish uchun alohida kurslarga qatnamaganman. Dadam vafot etganlaridan keyin uning orzusini amalga oshirish maqsadida aktrisa boʻlishga qaror qilganman. Otamning vafotidan keyin qiyin ahvolga tushganmiz. Ham oʻqib, ham ishlagan davrlarim boʻlgan. Bozorda kiyim sotganman.
Oʻsha vaqtlarda akam bilan ishlab, onamni ishlatmaslikka harakat qilganmiz. Chunki onam yurak xastaligi bilan ogʻrigan, otamning vafotidan keyin ahvoli yana ogʻirlashgan edi. Xudoga shukr, bugungacha ishlatmadik. Ammo ayrim paytlarda non topish uchun onam boshqalarning, hatto qarindoshlarimiz uylarini tozalab kelgan, deya eslaydi aktrisa.
“Birinchi avtomobilimni 19 yoshimda olganman”

Luiza Rasulovaning kinodagi ilk roli 15 yoshida “Yondiradi, kuydiradi” filmida namoyon boʻlgan. U 16 yoshida “O, Maryam, Maryam” filmida ishtirok etgan, undan avval esa “Xazina” filmida bosh qahramon obrazini muvaffaqiyatli ijro etgan. Koʻplab filmlarda qatnashgan aktrisa oʻzining eng muvaffaqiyatli rolini aynan “O, Maryam, Maryam” filmidagi ijrosi deb biladi.
— Maktab paytlari Chirchiqdan Toshkentga, “Oʻzbekfilm”ga qatnar edim. Meni avvaldan taniydigan rejissyorga qoʻngʻiroq qilib, “Iltimos, meni qabul qiling, bir marta imkoniyat bering” deb tinmay murojaat qilardim. Oxiri meni qabul qilishdi.
Ilk rolim Farrux Xamrayevning klipida ishtirok etish bilan boshlangan. Kinodagi debyutim 15 yoshimda mashhur aktyorlar ishtirokidagi “Yondiradi, kuydiradi” filmida boʻlgan. Avval Estrada-sirk kollejida oʻqidim, keyin oʻqishim tugallanmadi va Ukraina, Kiyevdagi sanʼat oliygohida tahsil oldim. Oliy maʼlumotga egaman, ammo baʼzi sanʼatkorlar tomonidan “oʻqimagan qiz” degan gaplarni ham eshitganman.
19 yoshimda birinchi shaxsiy avtomobilni sotib oldim. Keyin 2019 yilda toʻy xizmatlari, syomka va reklama ishlaridan topgan daromadimga Toshkentdan yangi uy xarid qildim. Bu xonadon hech qanday reklama evaziga emas, oʻz mehnatim bilan olingan, deydi u.
“Meni ‘Muhtasham yuz yil’ serialiga chaqirishgan”

Aktrisa mashhur turk seriali kastingida ishtirok etgan, ammo roldan voz kechgan.
— “Muhtasham yuz yil” seriali uchun Ukrainada kasting boʻlgan. Men malika Izabella roli uchun sinov topshirganman. Turk rejissyorlari videoqoʻngʻiroq orqali ham kasting oʻtkazishgan. Serialda ochiq sahnalar borligini bilganim uchun bu rol menga mos emasligini tushunganman va rad etganman. Oʻsha paytda juda yosh edim, hatto pasportim ham yoʻq edi. Keyin serialni koʻrib, ishtirok etmaganimdan biroz afsuslanganman.
“Syomkaga hech qachon yolgʻiz bormayman”
Odatda sanʼat sohasidagi ayollar oilasida turli qarshiliklar boʻladi. Luiza bu borada qiyinchiliklarga duch kelganmi?
— Oilamdagilar mening xarakterimni yaxshi biladi. Sanʼatga kirib, notoʻgʻri yoʻlga kirmasligimga ishonishgan. Meni yaxshi taniydiganlar biladi — hech qachon yolgʻiz yurmayman. Doim akam bilan birgaman. Hech qaysi toʻy, syomka yoki koʻrsatuvga yolgʻiz bormaganman. Shuning uchun ham ular xotirjam. Umuman, oilamda sanʼatimga qarshi chiqqanlar boʻlmagan.
“Ochiq va tor kiyinaman, lekin meʼyor doirasida”

Aktrisaga eng koʻp beriladigan savol uning Instagram’dagi obrazlari va kiyinish uslubi haqida. Ayni paytda uning sahifasida 5,5 million obunachi mavjud.
— Instagram sahifamni 77 foiz erkaklar, 33 foiz ayollar kuzatadi. Faqat Oʻzbekiston emas, balki MDH davlatlari — Rossiya, Qozogʻiston, Qirgʻizistonda ham meni taniydiganlar koʻp. Toʻgʻri, baʼzan tor yoki ochiq kiyinaman. Lekin meʼyordan chiqmayman. 21-asrda yashayapmiz. Koʻchadagi qizlar ham shunday kiyinadi. Faqat sanʼatkor boʻlganing uchun senga koʻproq eʼtibor qaratiladi.
“Hamkasbimdan ogʻir SMS olganman”
Luiza 18-19 yoshidan beri toʻy va tadbirlarda boshlovchilik qilib keladi. Uning aytishicha, sanʼat yoʻli oson emas.
— Agar imkonim boʻlsa, 20 yil orqaga qaytib, sanʼatni tanlamasdim. Chunki ayol kishi uchun bu sohada oʻz oʻrnini saqlab qolish juda qiyin. Ilk faoliyatimda hamkasblarim meni yaxshi qabul qilgan. Ammo keyinchalik koʻplab salbiy munosabatlarga duch keldim.
Bir kuni tungi soat 2 da bir erkak boshlovchidan SMS oldim. Unda “odamning koʻnglini aynityapsan, oʻzingni reklama qilyapsan, oʻqimagansan” kabi gaplar yozilgan edi. Bu men uchun kutilmagan holat boʻlgan. U inson bilan avval yaxshi munosabatda boʻlganman, nega bunday yozganini tushunmadim, deydi aktrisa.
“Qishloq yigitiga ham turmushga chiqishim mumkin”

Aktrisa shaxsiy hayoti haqida ham fikr bildirdi.
— Oddiy qishloq yigitiga ham turmushga chiqishim mumkin. Lekin kimdir kelib “sanʼatni tashla” desa, darrov rozi boʻlmayman. Chunki katta mehnat bilan shu darajaga yetdim. Agar sanʼatni tark etganimdan keyin ham zerikmasligim uchun sharoit yaratib bersa, nega yoʻq? Bu yerda gap faqat pulda emas, deydi Luiza Rasulova.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!