Kunar universitetiga qilingan hujum keskinlikni yanada kuchaytirdi...

Afgʻonistondagi xavfsizlik vaziyati yanada taranglashmoqda. Mamlakat hukumati Pokistonni Kunar viloyatida joylashgan universitetga qilingan ommaviy oʻqqa tutishda ayblamoqda. Xalqaro ommaviy axborot vositalari tarqatgan maʼlumotlarga koʻra, hujum oqibatida kamida 7 nafar inson halok boʻlgan, 70 dan ortiq kishi turli darajada jarohat olgan.
Fojia 26 aprel kuni Kunar universiteti hududida sodir boʻlgan. Guvohlar va mahalliy rasmiylarning taʼkidlashicha, zarbalar minomyot va raketa qurilmalari orqali amalga oshirilgan. Ayrim manbalar esa havodan hujum — dronlar va aviatsiya qoʻllanilganini ham istisno qilmayapti.
Eng achinarlisi, jabrlanganlar orasida talabalar va oʻqituvchilar ham bor. Universitet professorlaridan biri portlashlar juda kuchli boʻlganini, ular toʻgʻridan-toʻgʻri kampus hududida yuz berganini bildirdi. Bu esa taʼlim muassasasi toʻliq xavf ostida qolganini koʻrsatadi.
Ayblovlarga javoban Pokiston tomoni barcha daʼvolarni qatʼiy rad etdi. Rasmiy bayonotlarda bu ayblovlar «asossiz va uydirma» ekani taʼkidlanmoqda.
Bu voqea avvalgi mojarolar fonida yuz bermoqda. Xususan, bir necha hafta avval Kobuldagi giyohvandlikka qarshi reabilitatsiya markaziga qilingan zarba katta yoʻqotishlarga sabab boʻlgan edi. BMT maʼlumotlariga koʻra, oʻsha hodisada 269 nafar inson halok boʻlgan.
Afgʻoniston va Pokiston oʻrtasidagi chegara hududlaridagi vaziyat esa hali-hamon keskin. 2021 yilda «Tolibon» hokimiyatga kelganidan soʻng ikki davlat munosabatlaridagi ziddiyatlar yanada chuqurlashdi.
Qisqacha aytganda, bu hodisa oddiy insident emas — mintaqadagi vaziyat yanada xavfli ssenariyga kirib bormoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!