Shoxruh Xamdamov: "Dabdabali va hashamatli to‘ylarga qarshiman"

Aktyor Shoxruh Xamdamov "Mirsodiqova bilan" ko‘rsatuvida mehmon bo‘lib, dabdabali va ortiqcha hashamatga boy to‘ylar masalasiga o‘z munosabatini ochiq bildirib o‘tdi.
Aktyorning ta’kidlashicha, to‘y masalasida eng muhim narsa — imkoniyatni to‘g‘ri baholash va ortiqcha isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik: “Bir ishni boshlasangiz, Ollohning o‘zi barakasini beradi. Menda ham shunday bo‘lgan — to‘yga ham, uyga ham yetkazgan. Shuning uchun to‘yni tavakkal qilib boshlash kerak, lekin bir sharti bor: ko‘rpaga qarab oyoq uzatish lozim.”
U dabdabali to‘ylarning salbiy oqibatlari haqida ham misol keltirdi: “Bir ukam mashhur qizga uylangan. O‘zi oddiy oiladan edi, lekin kelin tomon oldida uyalib qolmaslik uchun 40 ming dollarlik to‘y qildi. Natijada, to‘ydan keyin uch yil o‘ziga kelolmadi. Shunaqa hayot kerakmi?”
Aktyor fikricha, katta to‘ylar vaqtinchalik taassurot qoldiradi, xolos: “To‘y o‘tgach, baribir hamma unutadi. Ammo qarz va kredit esa odamning yelkasida qoladi. Men bunday odamlarni tushunmayman. Hatto ba’zan 'undan ko‘ra to‘y qilmaganing yaxshi', degim keladi.”
Shoxruh Xamdamov o‘zining bo'lib o'tgan to'yi haqida ham gapirib o‘tdi: “Aslida men to‘y qilishga ham qarshi edim. Ixchamgina, uyda 10 kishilik oddiy to‘y qilishni niyat qilardim.”
Mazkur fikrlar ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinib, ko‘plab kuzatuvchilar aktyorning qarashlarini qo‘llab-quvvatlashdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!