Sho‘x va bir oz hazilomuz qo‘shiqlari bilan tanilgan Jahongir Poziljonov hayotda faqat ijobiy tuyg‘ulardan ilhom oladi, atrofdagilarga ham xush kayfiyat ulashishga harakat qiladi. Ammo u tanqidlarga ham butunlay befarq emas…
— Ayni paytda ko‘proq TV bilan ovora bo‘lib qolayotganga o‘xshaysiz. Muxlislar endilikda qaysi bir faoliyatingizni ko‘proq tilga olishyapti — xonandaligingiznimi yoki teleboshlovchiligingiznimi?
— Chindan ham bugun televideniyedagi faoliyatim haqida ko‘proq gapirishyapti. Xonandalikda tilga olinadigan ijod qila olganim yo‘q, to‘g‘risi. Oxirgi qo‘shig‘imiz ham bir yarim-ikki yil oldin kuylangan “Guli” qo‘shig‘i bo‘ldi. Undan keyin xit tarona kuylamadik. Ko‘proq TVga vaqt ajratilyapti. Bu o‘zimga ham sezila boshladi.
— O‘zingizga yoqyaptimi shu jarayon? TVning talablari boshqacha bo‘lsa kerak…
— Albatta, televideniye ijodkorning dunyoqarashini kengaytiradi, chunki qo‘shiqchilikda bir xil yo‘nalishda ijod qilsangiz, televideniyeda o‘zingizni har xil yo‘nalishda sinab ko‘rasiz. Har kuni yangilik qilish uchun harakat qilasiz, boshlovchilikda ham, rejissyorlikda ham dunyoqarashingiz o‘sib boradi.
Ayni paytda o‘n xil yo‘nalishda ishlayapmiz. Yon-atrofimda “Bojalar” guruhidagi yigitlar doim birga — Otabek Mirzaxolov, Ahmad Temurov, Javlon Shodmonov, Dilshod Mirzamurodov, “Dizayn” guruhi, “QVZ” yigitlari… Umuman, jamoada har bir ijodkorning o‘z o‘rni bor.
— Qaysi faoliyatingiz haqida bildirilayotgan e’tiroflar sizga ko‘proq zavq beryapti?
— Har ikki faoliyatim haqidagi fikr ham, agar ijobiy bo‘lsa, albatta, zavq beradi. Chunki qilgan mehnatingizni kimdir e’tirof etsa, qadrlashsa, bu — yoqimli. Lekin yaxshi fikr bildiradiganlar bilan bir qatorda “yoqmadi” deydigan, hatto “Bitta boshlovchilik qolgandi qilmaganing…” deydiganlar ham bor. “Instagram”da yozishadi-da, shunday fikrlarni ham. Bekitmayman, bunday toifadagi odamlarga “Yoqmasa, ko‘rmang” deyman. Chunki biron taomni ham yoqmasa yemaysiz-ku, ko‘rsatuvni ham aslida yoqtirmagan odam ko‘rmaydi. Ko‘rmagan odam esa uni “yoqmadi” deyishga ham xijolat bo‘ladi. Kamchiligimizni bilyaptimi, demak, bu odam ko‘rsatuvimizni ko‘ryapti. Faqat bunaqa odamlar shunchaki ishimizdan kamchilik qidirishni yaxshi ko‘radiganlar, deb bilaman. Bu toifadagilar aslida ko‘p emas, ammo aynan ular o‘zlarining o‘rinli-o‘rinsiz tanqidlari bilan asabingizni o‘ynatib, mazza qilishadi.
— Tanqidlarga qanday qaraysiz o‘zi?
— Tanqidlarni eshitib mazza qilaman, xursand bo‘laman. Tanqidchilar gapirmay qo‘yishsa, nega kamchiligimni aytishmayapti, deb xavotirga tushaman. O‘ylab qarasak, tanqid qilayotgan odam ham ijodkorga o‘z xatosini ko‘rishiga, to‘g‘rilashiga beminnat yordam beradi. Lekin tan olaman, hech qachon tanqidlarga javob bermaganman, ular bilan tortishib ham o‘tirmayman.
Tanqidlarning ham foydalisini olib qolish kerak. Har bir odam o‘z kamchiligini biladi, lekin o‘sha kamchilikni gapirishsa, ba’zilarning jahli chiqadi. Men o‘zimdagi kamchilikni aytishsa, to‘g‘risini aytib, buni tan olaman. Misol uchun ko‘pchilik meni jonli ijroda kuylamaydi, doim fonogrammada aytadi, deb tanqid qiladi. To‘g‘ri, men qo‘shiqni jonli aytmayman, buni yashirmayman ham. Jonli ijroda 3-4ta qo‘shig‘imni kuylashim mumkin, lekin bir-bir yarim soat jonli ijroga ovozim, kuchim yetmay qoladi.
— Ko‘rsatuvlarda tomoshabinlar ancha jiddiylashganingizni sezmay qolishmayapti. Bu o‘zingizga tanlagan yangi imijingizmi yoki ulg‘ayganingiz ta’sirimi?
— Xudo bergan umrni yashaymiz-u, nasib qilsa, oltmish, sakson yoshlarga kirganimda ham o‘zimni yosh deb his etib, sho‘x-quvnoq bo‘lib yuraveraman. Chunki otam doim “Odam qanchalik quvnoq, xushchaqchaq bo‘lsa, muammolarni ham asabiylashmay, kulib yengsa, yaxshi umr kechiradi. Kul va yoningdagilarni ham kuldirib yasha, yonidagilarga kulgi ulashgan inson doim o‘z hayotidan mamnun bo‘ladi”, derdilar. Bu gapni men ham bugun o‘z farzandlarimga aytaman.
Hozirgi jiddiyligimni bir imij, obraz desak ham bo‘ladi, chunki ko‘rsatuvlarimni komedik tarzda olib borsam, ularning o‘z yo‘li, nafasi yo‘qolib qolgan bo‘lardi. Qaysi kasb egasi bo‘lishidan qat’i nazar, har bir inson odamgarchilik yuzasidan o‘z kamchiliklarini tan olsa, kelgusida ularni to‘g‘rilab, yutuqqa erishishi mumkin, deb o‘ylayman. Men ham kamchiligimni hech qachon bekitmaganman — menda boshqa boshlovchilarga o‘xshab so‘z boyligi yoki mahorat juda kuchli emas. Boshlovchilikka da’vogar ham emasman. Lekin o‘z fikrimdan kelib chiqib, boshlovchilikda ham odamlarga jiddiyroq yo‘l bilan kulgi ulashishga harakat qilaman, xolos.
— Demak, doim ortga qarab, o‘z kamchiliklaringizni ko‘rib, ularni tuzatishga harakat qilasiz….
— Albatta, “kamchiligim yo‘q” degan odamning o‘zi yo‘q. Qaysidir sohalarda “men zo‘rman” deyish yaxshi. Lekin san’atkorning “men zo‘rman” deyishi — uning uchun zinapoya tugadi, degani.
— Ko‘rsatuvlaringiz haqida ijobiy fikrlar bilan birga tanqidiy fikrlar ham ko‘p bo‘lyapti. Tomoshabinlar bu ko‘rsatuvlarning ayrimlarida iste’dod, ijodkorlik bor-u, ammo yaxshi ssenariy yoki yaxshi rejissyor, umuman, shu ko‘rsatuvni to‘g‘ri yo‘naltira oladigan maslahatchi yetishmayotganini, ba’zan faqat improvizatsiyaga tayanib qolinayotganini aytishmoqda…
— To‘g‘ri, improvizatsiyaga tayanaman. O‘zim madaniyat kollejida ham, O‘zbekiston davlat san’at institutida ham rejissyorlik bo‘yicha tahsil olganman. Rejissurani ikki xil yo‘nalishda o‘qiganman, bu borada tushuncham yaxshi. Shu bilan birga aktyorlikdan ham dars olganmiz, shu tahsil davomida improvizatsiyaga ko‘proq yondashishim kerakligini anglaganman. Bunga sabab, talabaligimda sahnada yodlagan so‘zim esimdan chiqib qolib, hayajondan gapira olmay, kulgiga qolganman…
Aslida o‘shanda kichkinagina epizodni o‘ynashim kerak edi. Partnyorim improvizatsiyaga o‘tib ketgan, buni kutmaganim uchun gapira olmay qolganman. Shunda tushunganmanki, aktyor doim improvizatsiyaga tayyor bo‘lishi zarur. Boshqa ijodkorlar bilan gaplashganimda, ular aktyor rolini baribir ssenariy bo‘yicha ijro etishi kerak, deyishadi. Balki bu gapimdan boshqa aktyorlar, ustozlar, rejissyorlar xafa bo‘lishar, ulardan uzr so‘rayman. Ammo yigirma yillik tajribamda improvizatsiyaga tayanishim doim menga omadli bo‘ldi.
San’atkorga olqishlar ilhom beradi. Ssenariy tugagan taqdirda ham, odamlarning olqishidan improvizatsiya yanada avj oladi. Ammo ko‘rsatuvda keladigan mehmoningiz siz o‘ylagan ssenariy bo‘yicha gapirishi qiyin, chunki ko‘rsatuv uchun repetitsiya qilinmaydi. U ssenariy asosida olinsa ham, jonli chiqmaydi, Shu sabab, ko‘rsatuvlarimizda ssenariysiz jonli suhbatlar qilishni afzal ko‘ramiz.
“Bolaligimni ko‘p eslayman, tushlarimda ham ko‘p ko‘raman. Yodimda, kichkinaligimda yozda buvimnikiga ko‘p borardik. Onam, otam har ikki kunda shirinliklar ko‘tarib bizni ko‘rgani kelishardi. Hovlida xontaxtamiz bo‘lardi, uning atrofida jam bo‘lib o‘tirardik. Uyimizda ham esimni taniganimdan beri xontaxta bo‘lgan. Otam uni “Samarqanddan olib keltirganman”, derdilar. Ota-onam yorug‘ olamni tark etishdi, bugun o‘sha xontaxta atrofida hamma yaqinlarimiz bilan o‘tirgan damlarimizni, ota-onamni sog‘inaman. Xontaxta atrofida o‘tirsam, ular bilan birga o‘tirgandek bo‘laman. “Xontaxta” nomli ko‘rsatuvning dunyoga kelishiga mana shu sog‘inchlarim sabab bo‘lgan. Shu ko‘rsatuv tufayli beg‘am, betashvish bolalik yillarini odamlarning yodiga solsam, g‘am-tashvishlarini unutishsa kerak, degan fikr tug‘ilgan. Chunki kimdir o‘sha xontaxta atrofida bir paytlar birga o‘tirgan otasini, kimdir onasini, kimdir buvisini yo‘qotgan. Bu xotiralar hammaga qadrdon va tanish, nazarimda. Ayni paytda ko‘rsatuvni ko‘pchilik ko‘ryapti, uni ko‘rayotganlar o‘z bolaligini eslashsa, tashvishlarini unutishsa, yutug‘imiz — shu”.
— Yangi film suratga olayotganingizdan xabarimiz bor. Unda o‘zingiz ham ishtirok etasizmi?
— Yangi “Sayl” nomli filmni suratga olish ishlarini yakunladik. To‘g‘rirog‘i, film o‘tgan yili tasvirga olingan, bu yil uning ikkinchi qismi ishlandi. Film lavhalari AQSh, Malayziya, Tailandning ikki shahrida, Turkiyada ham tasvirga tushirildi. Unda chet elda ishlayotgan yoshlarimiz haqida ham hikoya qilinadi. Myuzikl ko‘rinishidagi ushbu filmdan musiqali kliplar ham o‘rin oladi. Film uchun ko‘proq aynan retro qo‘shiqlarni tanladik. Masalan, kuylanganiga o‘ttiz-o‘ttiz besh yil bo‘lgan, afsonaviy qo‘shiqlar safidan joy olgan taronalarni o‘z ijrochilari va yosh xonandalar ishtirokida estrada yo‘nalishida qayta jonlantirishga harakat qildik.
— Qaysi kasb egalariga chin dildan havas qilasiz, kimlarga o‘xshashni xohlagan bo‘lardingiz? Umuman, sizga oilada va hayotda chinakam o‘rnak bo‘lgan insoningiz kim?
— Hayotda men chinakam o‘rnak bo‘lgan inson — otam. Otam — G‘ayratjon Poziljonov butun umr oshpazlik qilganlar. Ular bir umr shug‘ullangan shu kasb egalariga doim havas qilaman.
Maktabda o‘qib yurgan paytimizda otam bo‘sh vaqtimizdan unumli foydalanishimiz uchun meni rubob bo‘yicha, akamni doira chalish bo‘yicha to‘garaklarga berganlar. Ya’ni musiqaga bolalikdan ko‘ngil berganman, lekin otamning kasbini olish ham orzuim bo‘lgan. Sababi, kichkinaligimizdan otamning yonlarida aka-ukalar birga shogird bo‘lib yurganmiz.
Maktabni tugatgach, Oqtepadagi 55-hunar texnika bilim yurtiga o‘qishga kirib, oshpazlik kasbiga o‘qidim. O‘qishni bitirib, ancha payt oshpaz bo‘lib ham ishlaganman. Keyinchalik san’at sohasiga o‘tib ketgan bo‘lsam ham, bu hunarimni unutmaganman. Hozirgi kunda ko‘pincha ovqatni o‘zim tayyorlayman. Ustozlarimiz “Ta’m yaratishni bilgan oshpaz har doim zo‘r taom tayyorlaydi”, deb o‘rgatishgan. Men ham ta’m yaratish bo‘yicha yangiliklar qila olaman.
Bugungi kunda dunyoga tanilgan xonandalar o‘z qiziqishlariga ham vaqt topishyapti. Oshxona yoki kichik burgerxonalar ochib, muxlislarga aynan o‘zlari xizmat ko‘rsatayotganlari bor, ularga havas qilaman. Men ham o‘z oshxonamni ochsammikin, deb, o‘ylayapman…
— Jahongir oilada qanday ota va oila boshlig‘i? Bu borada o‘zingizga xolis baho bera olasizmi?
— Hamma ham “yaxshi otaman” deydi. Chunki har bir ota farzandini yaxshi ko‘radi, axir “bolam-chaqam” degan xalqmiz.
Oilada o‘rnimni yaxshi deb bilaman, sababi, bolalarim, oilam meni yaxshi ko‘rishadi. Beshta farzandim bor. Katta o‘g‘limga otamning ismlarini, ikkinchi o‘g‘limga rahmatli hamkasbim Mo‘minning ismini qo‘yganman. Ularda ham san’atga qiziqish bor, qo‘shiqlar ham aytishdi, lekin ular san’atkor bo‘laman, deyishmaydi. Kelajakda kim bo‘lishlarini vaqt ko‘rsatadi, lekin qaysi kasbni tanlaymiz deyishsa, qarshilik yo‘q. Chunki odam o‘zi qiziqqan narsasiga erishishi osonroq bo‘ladi, eng muhimi, to‘g‘ri yo‘l, to‘g‘ri kasb, yaxshi ishni tanlashsa, shuning o‘zi kifoya.
Farzandi san’atkor bo‘laman desa, ko‘pchilik qarshilik bildiradi, lekin men bu kasbda aybli biron nima ko‘rmaganman. Bola qaysi kasbga qiziqsa, tushuncha bo‘lsa, shu sohaga ozgina turtki, yordam berilsa, u yaxshi eplab ketadi, deb o‘ylayman.
— Ularga ko‘proq nima sovg‘a qilasiz?
— Farzandlarim ko‘pincha menga xat yozib, qanday sovg‘a xohlashini aytishadi va har doim kitob so‘rashadi. O‘zim bolalikda erisha olmagan narsalarim ularda amalga oshayotganini ko‘rib, bajonu dil ularning qiziqishlarini qo‘llashga harakat qilaman. Men ingliz tilini bilmayman, lekin besh yashar qizim ingliz tilini yaxshi biladi. Katta qizim chet ellarga safarga borganimizda menga tarjimonlik qilib beradi, hatto do‘konlarda bemalol chet tilida savdolashadi. Har kuni ishdan borganimda, ular menga rus va ingliz tilida she’rlar yodlab berishadi, bu men uchun eng katta sovg‘a! Ularning til bilishlariga o‘zimning havasim keladi, buni maqtanish uchun aytmayapman, balki men o‘rgana olmagan narsalar ularda bo‘layotganidan xursandman. Shuning uchun ular qiziqib so‘ragan barcha narsa — kitoblar, til o‘rganish bo‘yicha disklar, qo‘llanmalarni doim olib beraman. Ularning repetitori — onasi, ayolim ham ingliz tilini yaxshi biladi va bolalarim bilan o‘zi shug‘ullanadi.
O‘zim bolaligimda juda sho‘x bo‘lganman. Lekin to‘g‘ri yo‘lni tanlashimga va o‘zim uchun to‘g‘ri xulosa chiqarishimga otam sababchi bo‘lganlar. Men ham otamdan o‘rnak olib, farzandlarimga doim to‘g‘ri yo‘nalish berishga, ularga har tomonlama ibrat bo‘lishga harakat qilaman.
— Sizningcha, bugunning qahramonlari kimlar?
— Yaxshi ishga qo‘l urayotganlarning barchasi bugungi kunning qahramonlari, deb bilaman. Yaxshi ishga qo‘l urgan odam rivojlanishga hissa qo‘shadi. Biron korxona ochib, ellikta odamga ish o‘rni yaratayotgan odam ham, ikkita odamni ish bilan ta’minlayotgan odam ham bugunning chinakam qahramoni. Chunki ularning har ikkisi o‘z imkoniyatidan kelib chiqib foydali ish qilyapti.
Chet ellarga safarga borganimizda bir holatni ko‘rib, hayratda qoldim. Oshpazlik bilan shug‘ullanib yurgan hamyurtlarimiz xorijliklarni o‘z oshxonasiga o‘rgatish uchun dastlab ularning tadbirlari, tug‘ilgan kunlarida pishirgan taomlarini hadya tarzida olib borishibdi. Keyin bizda odamlar tadbirga quruq bormasligini, mehnat qilib, mehrini qo‘shib, biron taomni pishirib olib borishini va buning uchun pul olinmasligini tushuntirishibdi. Bundan hayratga tushgan xorijliklar taomlarimizni juda yoqtirib qolishibdi. Quvonarlisi, mana shu odatimizga havas qilishib, takrorlaydigan bo‘lishibdi. Nafaqat taomlarimiz, balki insoniy odatlarimizni ham targ‘ib qilayotgan bu hamyurtlarimizning ishi ham chinakam qahramonlik emasmi? Umuman, qaysi kasb egasi bo‘lishidan qat’i nazar, kimningdir qalbiga iliqlik solgan, ta’sirlantirgan inson borki, ularning barchasi men uchun bugungi kun qahramonidir.
“Meni katta sahnaga olib chiqqan, xalqqa tanilishimga yordam bergan ustozim O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Tohir Sodiqov bo‘ladilar. Katta sahnagacha institutda ustozim Baxtiyor Sayfullayevdan, rejissyor Shermat akadan, aktyorlikdan Komiljon aka, madaniyat kollejida aktyorlikdan Ahad akadan, rejissyorlikdan rahmatli Jumanazar akadan dars olganman. Bugungi erishgan, erishayotgan yutuqlarim uchun ustozlarimdan juda minnatdorman”.
Muhabbat ShARIFOVA suhbatlashdi.
Manba: Tasvir.uz “Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
Rashida Tolib Kongress a’zolariga «achchiq haqiqat»ning suratini ko‘rsatdi
Shimoliy Koreya Rossiyaga uzoqqa zarba beruvchi qurollar yubordi
Ijtimoiy tarmoqlar davrida ruhiy salomatlikni qanday saqlash mumkin?
Bayden va Jinping Peruda uchrashdi: «Agar bir-birimizni raqib deb bilsak, munosabatlarni buzamiz»
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin
Eron AQSHdan 1 trln dollar kompensatsiya talab qildi
Turkiya Isroil prezidenti samolyotini havo hududiga kiritmadi