Sanjar Xoliqov hayotidagi burilishlar va muhabbat tarixi haqida soʻzlab berdi

Xonanda Sanjar Xoliqov YouTube’dagi “Ikkalamiz” dasturida mehmon sifatida ishtirok etib, shaxsiy hayoti hamda ijodidagi tanaffus sabablari xususida batafsil fikr bildirdi. Suhbat jarayonida sanʼatkor turmush oʻrtogʻi Asila Abdullayeva bilan qanday tanishgani, oilasidagi kam uchraydigan qon guruhi va tekstil yoʻnalishidagi tadbirkorlik faoliyati haqida ham toʻxtalib oʻtdi.
Asila Xoliqova:
(Xonandaning turmush oʻrtogʻi)
Uning aytishicha, ular ijtimoiy tarmoqlar orqali tanishib qolishgan.
— Ilgari telefonlarda Snapchat dasturi mavjud edi. Bir kuni oʻsha ilovada videolarimni kimlar koʻrganini tekshirayotganimda, ular orasida Sanjar Xoliqovning nomi chiqib qoldi. “Kim ekan bu?” deb hayron boʻlganman, chunki profilida hech qanday video joylanmagan edi. Keyin dugonalarim orqali surishtirib bildim. Biroq ilk bor yaqindan opamning “Qiz bazmi” marosimida koʻrganman. Togʻalarim uning ijodini yoqtirganlari uchun uyimizdagi tadbirga xizmatga chaqirishgan ekan. Oʻshanda men 17 yoshda edim.

Sanjar Xoliqov:
— Rafiqamning togʻalarini, hatto ularning ajdodlarini ham avvaldan bilardim. Masalan, Mahmud togʻasi Toshkentdagi mashhur restoranlardan biriga egalik qiladi. Asilani birinchi marta opasining qiz bazmida xizmatda boʻlganimda koʻrganman. Hovlida odamlar orasidan oʻtib sahnaga chiqib ketayotganimda, xuddi filmlardagi kabi, Asilaning ustiga nur tushib turganday tuyuldi. Oʻsha lahzada uni koʻrib, yuragim jiz etgan.
Aslida, undan avval Snapchat orqali tasodifan rasmlarini koʻrib qolib, skrinshot qilib olgan va izlay boshlagan edim. Keyin hayotda uchratganimdan soʻng Instagram sahifasini ham topdim. Maʼlum boʻlishicha, Yorqinxoʻja Umarovning konserti boʻlar ekan. Ijtimoiy tarmoqlar orqali Asilaning ham ushbu konsertga borishini bilib, men ham u yerga bordim. “Balkim uchrashib qolarmiz”, deb aytganman unga. Konsert kuni u orqa qatorda, men esa oldingi qatorda oʻtirganman. Tadbir davomida tez-tez orqaga qarab turardim. Yorqinxoʻjaning shu konsertidan ikki yil oʻtib, toʻyimiz boʻldi. Oradagi tanaffusga esa kutilmagan karantin davri sabab boʻldi.
“Uchrashuvlarga chiqmaganman”
— Rafiqamni uchratgunga qadar umuman uchrashuvlarga chiqmaganman. Ota-onam biror qizning uyiga sovchilikka borish haqida gap boshlasa ham, rozilik bermasdim. Chunki oʻsha paytlarda yosh edim, ishlarim yaxshi, mashinam va pullarim bor edi. “Uchrashuvda qizlar shu narsalarga aldanib qolishi mumkin”, deb oʻylardim. Bir-ikki ogʻiz gap bilan ularning eʼtiborini qozonish men uchun qiyin emasdi. Ammo “Keyin inson sifatida yoqmay qolsam, muammolar chiqmasin”, deb qizlar bilan uchrashishdan oʻzimni tiyib yurardim.
“Ikkimizning qon guruhimiz bir xil — kamyob”
— Asilaning qon guruhi birinchi manfiy. Odatda, erkakda rezus-faktor musbat, ayolda esa manfiy boʻlsa, bu yaxshi holat emas deb qaraladi. Bunday vaziyatda farzandli boʻlish qiyinlashishi mumkin. Rafiqamning onasi shuni oʻylab, doim xavotirda yurardi. Qolaversa, bu qon guruhi juda noyob hisoblanadi. Men esa oʻzimni ikkinchi guruh musbat deb bilardim.
Bir kuni qon tahlili topshirdik. Natijasi chiqqanidan soʻng shifokor chaqirib, menda ham birinchi manfiy ekanini maʼlum qildi. U hatto 30 yillik faoliyati davomida birinchi marta ikkala tomoni ham “minus bir” boʻlgan juftlikni uchratayotganini aytdi. Yaʼni mening qonim ham, ayolimniki ham faqat bir-birimizga mos kelar ekan. Hozir esa ikkala oʻgʻlimizda ham birinchi manfiy qon guruhi mavjud.

“Oilamni taʼminlash uchun sanʼatdan vaqtincha uzoqlashdim”
— Karantin paytida barcha uyda qolganida, otam bilan bir yil mobaynida nechta qoʻshiq chiqarganimizni, qaysi ishlar ommalashganini, umuman ijodiy faoliyatimizni tahlil qildik. Shunda angladikki, hozir koʻp jihatlar DJ’larga bogʻliq boʻlib qolgan. Chunki toʻylar qisqardi, odamlar esa telefon orqali musiqa eshitishga oʻtib ketdi. Sanʼatkor daromadining asosiy qismi toʻylardan keladi, garchi keyingi paytlarda konsertlar ham ahamiyat kasb etayotgan boʻlsa-da.
Biroq oilani taʼminlash, daromad topish zarur. Shu bois ijodimda qisqa tanaffus qilib, tadbirkorlikka oʻtishga qaror qildim. Otamning tadbirkor doʻstiga shogird tushib, biznes sirlarini oʻrgandim. Tekstil sohasida oʻz faoliyatimni boshladim. Koʻpchilik tekstil deganda faqat kiyim tikishni tushunadi. Aslida esa bu sohada buxgalteriya, moliya va huquqiy jihatlar ham muhim oʻrin tutadi. Ana shu yoʻnalishlarni asosidan oʻrganib, amaliyotda qoʻllashga harakat qildik.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!