O‘zbekistonda uch oyda qancha ishchi ish joyida hayotdan ko‘z yumdi?

O‘zbekistonda 2026 yilning birinchi choragida mehnat faoliyati bilan bog‘liq baxtsiz hodisalar oqibatida o‘nlab insonlar halok bo‘ldi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, uch oy davomida 62 nafar fuqaro ish joyida yuz bergan ko‘ngilsiz hodisalar sabab hayotdan ko‘z yumgan.
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi xabariga ko‘ra, hisobot davrida jami 198 ta ishlab chiqarish bilan bog‘liq baxtsiz hodisa qayd etilgan. Ularning 9 tasi guruhiy tusga ega bo‘lgan bo‘lsa, 139 tasi og‘ir oqibatlarga olib kelgan, 49 tasi esa o‘lim bilan yakunlangan.
Mazkur hodisalar natijasida jami 223 nafar shaxs jabrlangan. Shundan 146 nafari og‘ir tan jarohati olgan, 15 nafari yengil jarohat bilan cheklangan, 62 nafari esa vafot etgan.
Hududlar kesimida tahlil qilinganda, eng ko‘p baxtsiz hodisalar Toshkent shahrida qayd etilgan — 44 ta holat. Shuningdek, Surxondaryo viloyatida 36 ta, Toshkent viloyatida 29 ta holat aniqlangan. Keyingi o‘rinlarda Navoiy viloyati (18 ta), Buxoro viloyati (16 ta), Andijon viloyati (15 ta) qayd etilgan.
Bundan tashqari, Sirdaryo viloyati va Samarqand viloyatida 13 tadan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Farg‘ona viloyati va Qashqadaryo viloyatida 10 tadan hodisa kuzatilgan. Eng kam ko‘rsatkich Xorazm viloyati va Jizzax viloyatida — 5 tadan holatni tashkil etgan.
Sohalar kesimida esa eng ko‘p baxtsiz hodisalar sanoat tarmog‘ida sodir bo‘lgan — 71 ta. Qurilish sohasida 54 ta holat qayd etilgan bo‘lsa, qishloq va suv xo‘jaligida 9 ta, transport hamda savdo va xizmat ko‘rsatish sohalarida 8 tadan hodisa aniqlangan. Shuningdek, ta’lim tizimida 6 ta, sog‘liqni saqlash yo‘nalishida esa 4 ta baxtsiz hodisa ro‘y bergan.
Mutaxassislar bu kabi holatlarning oldini olish uchun mehnat xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya etish, ish joylarida nazoratni kuchaytirish va xodimlarning texnika xavfsizligi bo‘yicha bilimlarini oshirish zarurligini ta’kidlamoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!