date
views 5 581

“Scorpion”: ishonchsiz va soxta epizodlar, nooriginal g‘oya...

“Scorpion”: ishonchsiz va soxta epizodlar, nooriginal g‘oya...
27 noyabr kuni “PROlogue” IV xalqaro kinofestivali ochilish marosimida yosh rejissyor Muxlisa Azizovaning o‘tkir syujetli ekshn va triller janrlarida suratga olingan “Skorpion” badiiy filmining gala-taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

So‘nggi oylarda hatto zamonaviy o‘zbek kinofilmlariga qiziqishini yo‘qotganlarning ham keng muhokamasiga sabab bo‘lgan, ijtimoiy tarmoqlarda goh-gohida bironta xabar uchqundek chaqnab, hammaning e’tiborini tortgan, film treyleri chiqqanida, ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, tez fursatda bir million marotabadan ortiq tomosha qilingan “Skorpion”dan birgina men emas, balki barcha katta natijalar kutgani rost. Buni hatto mashhur blogerimizning “Tizeri shunday zo‘-o‘-o‘-o‘r bo‘lsa, ana endi filmning o‘zini tasavvur etavering...” qabilida qisqacha taqriz yozgani ham tasdiqlaydi. Va yana ochig‘ini aytish kerak, xalqaro festivalning ochilish marosimiga qiziqishning katta bo‘lgani ham aslida tashrif buyurganlarning “Skorpion”ni birinchilardan bo‘lib ko‘rishga ishtiyoqi balandligi tufayli edi...

Xo‘sh, premerasiga qadar o‘z atrofida ana shunday ulkan shov-shuvlarni yaratgan mazkur kinokartina, haqiqatan ham, ushbu talablarga mosmi? Umuman, bu film aksariyati yoshlardan iborat bo‘lgan tomoshabinlarga nima bera oladi?!

Jamoa rostdan ham kuchli edimi?

Keling, avvalo, “Skorpion” hali tizeri ham e’lon qilinmasdan ilgari ko‘pchilikni nimasi bilan o‘ziga jalb etgani xususida fikr yuritsak. Shaxsan o‘zim uning ustida xorijlik malakali mutaxassislar ishlayotganini eshitib, film o‘zbek kinematografiyasiga qandaydir yangilik olib kirishiga ishongandim. Bannerlari e’lon qilingach esa, kinokartina ssenariysini amerikalik Bob Andervud (qariyb 34 yillik faoliyati mobaynida 9 ta serialning ssenariysini yozgan, asosan, voqealar “yag‘iri chiqquncha” ko‘rsatiladigan uslubda ishlashga ixtisoslashgan oddiy mutaxassis, bunaqa tajribaga ega ssenarist o‘zimizda ham topilardi, ammo “xorijning xo‘rozqandi” degan gaplar bor) yozganini, operator sifatida asli xitoylik bo‘lgan, biroq bugungi kunda Germaniyada yashab ijod qiladigan, Kann kinofestivalining sovrindori ekani aytiladigan Maks Tsui ish olib borganini, qolaversa, kinokartina asosiy vazifasi yoshlarimizni birlashtirish, uyushtirish va ularning qalbida ezgu maqsadlarni, kelajakka ishonch tuyg‘usini uyg‘otishi kerak bo‘lgan O‘zbekiston yoshlar ittifoqining buyurtmasi asosida “O‘zbekkino” Milliy agentligi, Milliy gvardiya, Ichki ishlar vazirligi, Mudofaa vazirligi bilan hamkorlikda (afsuski, qaysi kinostudiya tomonidan ekanligi aniq ko‘rsatilmagan) tasvirga tushirilganini bilib, bu ishonchim yanada ortdi. Axir aktyorlar jamoasi o‘zimizning tajribali va yuksak mahoratli san’atkorlarimiz — Karim Mirhodiyev, Yulduz Rajabova, bugungi kunda, asosan, Rossiyada faoliyat yuritayotgan Farhod Mahmudov, Ra’no Shodiyeva, Akbar Rasulov, Shahzoda Matchonova, Nozim To‘laxo‘jayevdan tashqari, turkiyalik taniqli aktyor Murat Yildirim hamda rossiyalik artist Vyacheslav Razbegayevdan tashkil topganini, ovoz ustida ishlash jarayoni “Mosfilm” kinokonserni mutaxassislari tomonidan amalga oshirilganini, rang-tasvir ustida esa “Legenda (“Afsona”) 17”, “Dvijeniye vverx” (“Yuksaklikka intilib”), “Viking” singari kinokartinalarda ishlagan “Color Kitchen” (Rossiya) kompaniyasi ish olib borganini o‘qib, kinoustalarimizdan nafaqat yaxshi, balki chinakamiga zo‘r film kutmasligim mumkinmidi?! Biroq...

Biroq, filmni tomosha qilgach, “Pufakni qancha katta shishirsang, shuncha tez yoriladi”, degan gap to‘g‘ri ekaniga yana bir karra amin bo‘ldim.

Noaniq syujet liniyasi, to‘qilgan voqealar...

Mening hafsalamni nima pir qildi? Kinofilm nima ekani va uning zimmasiga qanday vazifalar yuklanishini yaxshi biladigan har qanday mutaxassis sifatida, men ham filmning aniq bir syujet liniyasiga ega emasligidan, bosh qahramon kim ekanligi yaqqol ochib berilmaganidan, voqealarning o‘ta sust va to‘qib chiqarilgani shundoqqina ko‘rinib turganidan, umuman, kartinada kechayotgan jarayonning reallikdan mutlaqo uzilib qolgani va umumiy konsepsiyada qandaydir soxtalikning mavjudligi, xuddiki, kimgadir kuchli, ammo o‘xshamagan darajada taqlid qilinganidan ranjidim.

Keling, film syujetini qisqacha bayon etib o‘tay.

Asar Rossiyada tirikchilik qiladigan Jahongir (aktyor Akbar Rasulov) ismli yurtdoshimizning o‘ta ustomonlik bilan dunyodagi eng kuchli jinoiy tashkilot — “Skorpion”ga og‘dirib olinishidan boshlanadi. Uning tushunarsizligi shundaki, barda ichib o‘tirib, to‘satdan (filmda ko‘p voqealar negadir ana shunday to‘satdan, hech bir izchilliksiz kechgan) boshlangan garovda merganlik mahoratini ko‘rsatadi-yu, uni o‘zlariga og‘dirish maqsadida atayin uyushtirilgan qotillikka qo‘l urib, bir zumda jinoiy to‘daning a’zosiga aylanadi-qoladi. Ammo Jahongirning jinoiy to‘daga kelgunigacha bo‘lgan voqealar, uni qayerdan topishdi, nega aynan u tanlandi, nega birdaniga unga ishonib ketishdi, uning o‘tmishi bilan, kimligi, qayerdan kelib qolgani, nimalar bilan mashg‘ulligini kimdir o‘rgandimi yoki yo‘q, bu singari savollar ochiq qolgan.

Keyingi epizod o‘zbek — afg‘on chegarasida kechadi. Kapitan Temur Soliyev (aktyor Farhod Mahmudov) asirlarni ayirboshlash uchun borganida, uning o‘zini asirga olishadi. Oddiy, sodda afg‘on jangarilarini bir zumda o‘ldirib, darrov xuddi shu mashinada ortga qaytgan kapitanni tasvirlashda ijodkorlar ikkita haqiqatni unutib qo‘yishgani ko‘zga tashlanadi. Ya’ni, ming oddiy, ming sodda bo‘lmasin, jangarilar urush ko‘rgan, qurol va qon isi nimaligini biladiganlar ekanini yoddan chiqarmaslik kerak edi. Ikkinchisi shuki, kinematografiya, umuman, san’atda shunday aqida bor: qahramoningning kuchli ekanini ko‘rsatish uchun uning dushmanini kuchsiz qilib tasvirlama. Kuchli qahramon kuchli dushmanning ustidan zafar quchishi kerak. Afsuski, bu epizodda ana shu qoidaga rioya qilinmagan.

Undan keyingi voqealar ham xuddi yuqoridagi singari o‘ta tez tempda kechadi. Chegarada qahramonlik ko‘rsatgan kapitan Soliyev to‘g‘ridan-to‘g‘ri Prezidentga bo‘yinsunadigan general Mahmudov (aktyor Karim Mirhodiyev)ning guruhiga jalb qilinadi. Bu guruh ayni paytda O‘zbekistonga mutlaqo daxli bo‘lmagan, asosiy faoliyat maydoni Yevropa va arab mamlakatlaridan iborat jinoiy to‘da — “Skorpion” bilan qattiq qiziqib qolgan. Jinoiy to‘daning ikki yetakchisi — Piter MakKalister (aktyor Vyacheslav Razbegayev) va Ketrin Trammel (aktrisa Yulduz Rajabova) haqida hamma axborot bor. Uchinchi shaxsning kim ekanligi ham qisman aniq: uni “Jonni” deb atashadi, ammo u haqda boshqa hech qanday ma’lumot yo‘q. Bu ma’lumotlar bilan tanishgan Temur birdaniga yuz ifodasi o‘zgarib, xayolida nimadir reja tuzadi. Uning rejasi “Skorpion” bilan bog‘liq har qanday ma’lumotni o‘g‘rilab, Marokashga (nega aynan u yerga ekani noaniqligicha qolgan) yo‘l olishdan iborat ekani esa film mobaynida oydinlashadi.

Temurning yo‘qolganini, yana deng, qattiq qo‘riqlanadigan binodan barcha zarur axborotni o‘marib ketganini bilgach, maxsus xizmat darhol oyoqqa turadi. Darrov uni qidirishadi, uyiga borib, tintuv o‘tkaziladi. Tintuv chog‘ida Temur va “Jonni” — Jahongirning aka-uka ekanini isbotlaydigan fotosuratni topishadi...

Qiziq, nahotki bugun oddiy tashkilotga ishga kirishing uchun ham ota-onang, yaqinlaringdan tashqari, hatto qaynona-qaynotang haqidagi barcha ma’lumot jiddiy o‘rganiladigan bir zamonda shaxsan Prezidentga bo‘yinsunadigan maxsus xizmatga ishga olinayotgan xodimning ukasi haqida hech kim qiziqib ko‘rmagan bo‘lsa?! Bu savolga yaqinroq boshqa savolga filmning matbuot anjumanida rejissyor Muxlisa Azizovaning javob berishicha, kinokartinadagi voqealar 2021 yilda kechishini (balki beparvolik qilgandirman, ammo filmda buni eslatadigan bironta ham titrga ko‘zim tushmagan edi) hisobga olsak, demak, bugungi reallikka mos kelmaydigan har qanday epizod yoki syujet chizig‘idagi noaniqlikni “fantastika” bilan bemalol bog‘layverishimiz mumkin... Jumladan, kapitan Soliyevning O‘zbekiston chegarasidan osongina Qozog‘istonga o‘tib, Chimkent orqali Marokashga uchib borganini ham, u yerda osongina qamalib, osongina qamoqdan chiqqanini ham, arab shayxlari qayerda to‘planadi, nima masala ko‘riladi, Marokash maxsus xizmatlari hali hech narsa bilmay turib, o‘sha yerga ukasini izlab borishini ham va qo‘lga olinib, maxsus xizmatimiz talabi bilan O‘zbekistonga ekstratsiya qilinishini ham.. Xullas, hammasi to‘qima, hammasi soxta...

Psixolog-tahlilchi, cho‘ldagi hamshira qiz, nogironlik aravachasidagi ota... Maqsad nima edi?!

Asarda qahramoniga hech qanday “yuk” tashlanmagan, borligi ham biron nimani hal qilmaydigan, yo‘qligi ham to‘qima voqelikni (mening nazarimda, albatta) o‘zgartirmasligi aniq bo‘lgan uchta qahramon bor. Bular maxsus xizmat guruhida psixolog-tahlilchi (aktrisa Ra’no Shodiyeva) bo‘lib ishlaydigan, tomoshabinni asosiy “taqlid”dan (bu mavzuga hali qaytamiz) chalg‘itish uchun Sherlok Xolmsning soqol olish va xonaning derazasi qaysi tomonda ekani haqidagi mashhur iborasini to‘tiqushdek takrorlaydigan qahramon, cho‘lning o‘rtasida bir tunni kapitan Soliyev bilan birga o‘tkazgan (g‘arbona oshiq-ma’shuqliksiz, albatta) hamshira ayol (aktrisa Shahzoda Matchonova) va aka-uka Soliyevlarning otasi, bir paytlar balki yaxshi odam bo‘lgan, ammo ayni damda nogironlik aravachasiga “mixlanib” qolgan keksa bir chol (aktyor Nozim To‘laxo‘jayev). To‘g‘ri, rejissyorning matbuot anjumanida aytishicha, mazkur personajlar asosiy qahramonlarning xarakterini ochib berishga xizmat qilgan. Masalan, (voqealarning noaniq izchilligiga qaramasdan — ta’kid bizniki) Jahongirning hali tirik ekaniga otasi ishonadi, uni har kuni tushida ko‘radi, uning qaytib kelishini kutadi. Bu esa uni Vatan kutayotganini anglatadi. Psixolog-analitik xonim obrazi Temur Soliyevga ishonadigan va unga yordam qo‘lini cho‘zishga tayyor turgan bir personajning kerakligi uchungina kartinaga majburlab tiqilgandek... Xuddi shu kabi, otishma chog‘ida to‘satdan Temurga hamroh bo‘lib qoladigan va yana rus tilini mukammal biladigan hamshira qiz ham garchi voqealar rivojida bironta ahamiyatga ega bo‘lmasa-da, filmni shunchaki “boyitib” turish uchun ssenariyga kiritilgandek... Yo‘q, aslida hamma gap boshqa yoqda. Bular, yuqorida aytganimdek, taqlid mahsullari, ayrimlari esa ana shu taqlid yaqqol bilinib qolmasligi uchun malakasizlarcha o‘ylab topilgan “qahramonlar”dir. Nafaqat ular, balki Murat Yildirim yaratgan arab qabilalaridan birining boshlig‘i obrazi ham, dunyo jinoyatchilik olamini boshqarishi aytilgan “Skorpion” to‘dasi ham, hamma-hammasi boshqa bir filmni yodga soladi, xolos...

“Spektr”dan taralgan nur “Skorpion”ni ham yoritayotgandek...

Bu film xususida ortiqcha gapga o‘rin ham yo‘q, aslida. Afsonaviy qahramon, Britaniya razvedkasining josusi Jeyms Bond haqida olingan filmlarning yigirma to‘rtinchisi bo‘lmish “Spektr” kinokartinasi 2015 yil 26 oktyabrda ilk marotaba ommaga taqdim qilingan, jahon kinoteatrlarida esa o‘sha yilning 6 noyabridan e’tiboran namoyish etila boshlangan. “Spektr” — xuddi “Skorpion” singari — dunyoni jinoiy maqsadlarda boshqarish uchun tuzilgan kuchli tashkilot. Uning safidan jahondagi barcha yirik jinoiy to‘dalar boshliqlari o‘rin olgan. Tashkilot rahbari niyati dunyodagi barcha kuchli maxsus xizmatni o‘zida jamlagan, yangi tuzilgan “To‘qqiz ko‘z” loyihasi yordamida jahonni boshqarishdan iborat bo‘lgan Ernst Stavro Blofeld ismli shaxsdir. Ammo uning yana bir hayoti borki, bu Jeyms Bond bilan bog‘liq.

“Spektr”da ma’lum bo‘lishicha, Jeymsni bolaligida Xannes Oberxauzer ismli boy odam asrab oladi. Uning Frans ismli o‘z farzandi ham bo‘lib, u Jeymsdan bir necha yosh katta edi. Xannes Jeysmni xuddi o‘z bolasidek ko‘radi, ardoqlaydi, shu darajada mehr beradiki, bundan uning o‘g‘li — Frans qattiq og‘rinadi. Otasining begona bolaga bu qadar mehribonligi uni qattiq g‘azablantiradi. Ammo bu voqealar uzoq davom etmaydi. Xannes va Frans chang‘i uchish uchun toqqa chiqqanida, ularni qor uyumi bosib qoladi. Xannesning jasadi topiladi, ammo Frans chuqur qor uyumi ostida qolib ketgan deb taxmin qilinadi hamda uning ham vafot etgani e’lon qilinadi.

“Spektr”ning Mexikoda Jeyms o‘ldirgan Marko Skiarra o‘rniga Janubiy Amerika jinoiy to‘dalarini boshqarish uchun yangi rahbar tayinlashga bag‘ishlab Rim shahrida o‘tkazilgan majlisiga yashirincha kirib olgan (bunda unga Skiarraning bandiga sakkizoyoq tasviri tushirilgan uzugi yordam beradi) josus yig‘ilishda hamma qo‘rqib turgan, butun dunyo jinoyatchilarini allaqachon o‘ziga bo‘yinsundirib, jinoyat olamining yagona qiroliga aylangan Ernst Stavro Blofeld timsolida tutingan akasi Frans Oberxauzerni taniydi. Voqealar rivojida shu narsa oydinlashadiki, Frans otasining mutlaqo begona bolaga bag‘ishlayotgan vaqti, berayotgan mehri, hamisha uni Fransga ibrat qilib ko‘rsatishidan bir umr nafratlanib kelgan va shuning uchun o‘z otasini o‘zi o‘ldirgan ekan. U Jeymsni ham o‘ldirmoqchi bo‘ladi, biroq afsonaviy josus nafaqat o‘limdan qutulib qoladi, balki “Spektr”ning butun nayrangini fosh etib, tutingan akasini qo‘lga olishga erishadi.

“Skorpion”da garchi syujet shu yo‘nalishda kechmasa-da, g‘oyaning o‘xshashligi kishini taajjublantiradi. Axir Muxlisa Azizovaning filmida ham bir oila farzandlarining ikki xil taqdiri hikoya qilinadi-da. “Skorpion”da ham Jahongir onasini o‘gay farzandiga ko‘proq mehr ko‘rsatishda ayblaydi hamda uning o‘limiga sababchi bo‘lib qoladi. Onasi vafotidan keyin esa Rossiyaga qochib, necha yil dom-daraksiz ketadi. Uni bedarak yo‘qolganlar sifatida ro‘yxatga tirkashadi. Va kutilmaganda, Jahongir “Jonni” sifatida “Skorpion” safida paydo bo‘ladi hamda Temur garchi jazolanishi va hatto, qamalishini bilsa ham, ukasini yurtga qaytarib kelish uchun Marokashga yo‘l oladi.

“Skorpion”dagi psixolog-tahlilchi hamda “Spektr”dagi Iv Manipenni, maxsus xizmat xodimi Rasulov va MI6 xodimi Q bir-birini aynan takrorlaydiki, buni ikkala filmni ko‘rgan har qanday tomoshabin osongina anglaydi. Birgina farqi shundaki, bizning qahramonlarimizga tashlangan “yuk” xuddi Sem Mendes filmida bo‘lgani kabi zalvorli, ishonchli emas. Bog‘lanishlar yo‘q, mantiq oqsagan va tomoshabinda turli savollarni yuzaga keltiradigan joylari nihoyatda ko‘p. Shu kabi hamda boshqa savollarni jurnalist Eldar Asanov “Scorpion”: yaxshi suratga olingan yomon film” sarlavhali maqolasida keltirib bo‘ldi va o‘ylaymanki, bu savollarga yana alohida to‘xtalishga aslo hojat yo‘q.

Javobi notayin bo‘lgan boshqa savollar

Film ijodkorlari bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida o‘zimni qiziqtirgan beshta savol bilan murojaat qildim. Ammo afsuski, birontasiga to‘liq javob ololganim yo‘q.

Masalan, menda oylar davomida megaloyiha sifatida tanishtirilgan “Skorpion”ning byudjeti qancha ekanligini bilish istagi tug‘ilgandi. Biroq bu savolimga kinokartina prodyuseri kelgusida “Skorpion” qancha daromad keltirganini aytishga va’da berish bilan cheklandi, xolos.

Ikkinchi savolim “Bugun jahonda mamlakatimiz imidjini yaxshilash harakati ketayotgan bir paytda ertaga bu film xalqaro sahnalarga chiqsa, biz haqimizda qanday xulosalarga sabab bo‘lishi mumkin?!” degan mazmunda edi. Afsuski, bunga “Vatanni sevish, yurtimiz bayrog‘ini ko‘p ko‘rsatganimiz” singari oldi-qochdi javobdan boshqasini ololmadim.

“Filmni maxsus xizmatlar ko‘rib berganmi?!” qabilidagi uchinchi savolimga ham matbuot anjumanida “ko‘rsatilgan, maslahatlashilgan” kabi “navbatchi” javoblar berildi. Film rejissyori kinokartinada maxsus xizmatlarimizning kuchini ko‘rsatishga e’tibor qaratilganini bildirib, “Skorpion” guruhi butun dunyoda erkin yurgani, ammo uni aynan O‘zbekistonda bartaraf etishgani buning tasdig‘i bo‘la olishini bayon etdi. Lekin matbuot anjumanidan keyin film prodyuseri bilan suhbatlashganimda, u erkin bo‘lmagan har qanday film kassabop bo‘lmasligi hamda tomoshabinni o‘ziga tortib ololmasligini aytib, bunga misol sifatida “Baron” filmini keltirdi. “Mana bu so‘zni qo‘shasan yoki mana bu epizodni olib tashlaysan”, deyildimi, tamom, kinokartina ham, ijod ham “o‘ladi”, dedi u aniq qilib.

Biroq bu savolni bejiz bermagan edim. Sababi shundaki, kinokartinada qaysidir qahramonni bo‘rttirib ko‘rsatish uchun maxsus xizmatlarning noqobilligini yaqqol namoyish qiladigan bir nechta epizod mavjudki, bu har qanday tomoshabinni hayratlantirmasligi mumkin emas. Masalan, Temur Soliyevning bemalol Marokashga borib-kelishi, Ra’no Shodiyeva yaratgan obrazning jinoyatchiga yordam ko‘rsatishi, kapitan va psixolog o‘rtasidagi na boshi, na oxiri bor munosabat tufayli mayorning Soliyevga nisbatan dushmanona kayfiyati... Hammasidan o‘tib tushgani, “Skorpion” haqida barcha ma’lumotga ega bo‘lgan general Mahmudov guruhi ularning O‘zbekiston chegarasidan o‘tib, poytaxtimizdagi qaysidir mehmonxonaga joylashganini bilmay qoladi. Qiziq, nahotki ism-sharifini alishtirgan, qiyofasini o‘zgartirgan har qanday jinoyatchi sarhadlarimizni osongina kesib o‘tadi-yu, bizning maxsus xizmatlarimiz ulardan bexabar aeroportda mudrab o‘tiradi?!. Jinoyatchilar Qirg‘iziston chegaralarida yurishadi-yu, ularni Toshkentdagi boshqa bir mehmonxonada, katta anjumanda “kutishadi”. Eng g‘alatisi, “skorpion”chilar Qirg‘iziston orqali Navoiydagi cho‘lga borisharmish-u, yo‘lda hech kim ularni to‘xtatmas emish. Bu bilan nima deyilmoqchi o‘zi?! Voqealar 2021 yilda kechgan taqdirda ham bu darajada soddalik, bu darajada anqovlikka yo‘l qo‘yilishiga aql bovar qiladimi?!

Filmning mafkuraviy ahamiyatiga doir savolimga ham umumiy javoblar orasida aniq javob qaytarilmadi. Lekin prodyuser bilan suhbatimizda u “Bugun kino — mafkura quroli emas. Dunyo miqyosida olganda ham, kino ko‘ngilochar ashyoga aylangan. Filmni yaratarkanmiz, odamlar qandaydir mafkuradan bahra topish ilinjida emas, dam olish, charchoqlarini unutish uchun film tomosha qilishini hisobga oldik”, degan javobni aytdi. Qiziq, O‘zbekiston yoshlar ittifoqining puliga-ya?! Mafkura emas, loaqal milliy mentalitetimiz, oila, tarbiya degan iboralarga mos keladimi bu taqlid mahsuli?! Yoki xorijdan uyoq-buyog‘ini tekislab, qayeridir moslashtirilib, qayeridir xuddi shundoq tarzda ko‘chirilgan har qanday film ne-ne umidlarda tuzilgan Yoshlar ittifoqining puliga “megaloyiha” sifatida olinib ketaveradimi?!

Oxirgi savolim “Skorpion”ning “Spektr”ga o‘xshashi haqida edi. Bunga film prodyuseri ham, kartina rejissyori ham mutoyiba bilan javob berishga harakat qilishdi. Jumladan, Muxlisa Azizova Jeyms Bondning afsona ekanini, Temur Soliyevning esa millat qahramoni ekanini ta’kidladi. Qiziq, nahotki filmda “real voqealarga asoslanadi” degan titr ham bor edi-yu, men beparvolik qilib buni ham o‘tkazib yuborganman...

Balki adashgandirman... balki “Skorpion” va “Spektr”ni bog‘lab turadigan bironta ham syujet liniyasi, bir-biriga o‘xshash bironta ham voqea yo‘qdir... “Skorpion”ning original ekaniga ham ishonaman. Biroq ertaga bu film jahon kinosahnasiga chiqsa, xorijlik kinoshunoslar uning omadsizlarcha qilingan taqlid emasligiga ishonisharmikin?

Bilmadim... Buni endi vaqt ko‘rsatadi.
Hasan TOShXO‘JAYeV,
san’atshunos.

Muallif talqini tahririyat nuqtai nazarini anglatmaydi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » “Scorpion”: ishonchsiz va soxta epizodlar, nooriginal g‘oya...