23:00 / 05.03.2021
5 769

Tomoshabinni «ekranga mixlab qo‘yadigan» turk seriallari (foto)

Tomoshabinni «ekranga mixlab qo‘yadigan» turk seriallari (foto)
Butun dunyo bo‘ylab turk kino ijodkorlari tomonidan suratga olingan loyihalarga bo‘lgan talab kundan kunga oshib bormoqda. Dam olish kunlari va kechki hordiq chiqarish uchun qanday serial ko‘rsam ekan, deb bosh qotiradiganlar uchun qiziqarli voqealar rivojidan tashkil topgan va mahoratli aktyor hamda aktrisalar ishtirok etgan ijod namunalarini tavsiya qilamiz.

«Qahraton»

Foto: Cosmopolitan
«Sevgi iztirobi» ijodkorlari tomonidan suratga olingan mazkur serialda muxlislar Feruza ismli oddiy turk qizi haqidagi voqealarga guvoh bo‘ladi. Qiz otasining qamoqqa olinishiga sababchi bo‘lgan odamning tashkilotiga ishga kiradi. Yangi ishi sabab Feruza bundan bir necha yil avval besabab yo‘q bo‘lib qolgan sobiq sevgilisi bilan uchrashadi. Shundan keyin qiz nafaqat oila a’zolari bilan bog‘liq muammolarni hal qilishi, otasini qutqarishi, balki sevgisi uchun ham kurashishiga to‘g‘ri keladi.

«Elchining qizi»

Foto: Cosmopolitan
2019 yilda taqdim qilingan «Elchining qizi» muxlislar qalbidan joy olishga ulgurgan seriallardan sanaladi. Unda badavlat oilaning qizi va oddiy oilaning o‘g‘li bir-biriga ko‘ngil qo‘yadi. Ammo kunlardan bir kuni qahramon qiz Nare izsiz yo‘q bo‘lib qoladi. Sevgilisini yo‘qotgan Sanjar hayotini tubdan o‘zgartirishga qaror qiladi. Bir vaqtlar otasi ishlagan korxonada rahbar bo‘lishga erishadi va boshqa bir qizga uylanmoqchi bo‘ladi. Ularning to‘yi kuni sobiq qaylig‘i Nare paydo bo‘ladi. Juftlik turli qiyinchiliklarni boshdan kechiradi, ammo bir-biriga bo‘lgan sevgisi aslo so‘nmaydi.

«Beqaror»

Foto: Cosmopolitan
2019 yilda suratga olingan mazkur serial nafaqat Turkiya balki boshqa mamlakatlarda ham mashhurlikka erishgan. Unda nafratdan tug‘ilgan sevgiga asoslangan voqealar rivojini ko‘rish mumkin bo‘ladi. Miran ismli qahramon oilasining qasosini olish uchun Reyan ismli qizga uylanmoqchi bo‘ladi. Uning sha’ni va familiyasiga loy chaplashni rejalashtirgan yigit o‘zi bilmagan holda qizga bog‘lanib qoladi.

«Shimol yulduzi»

Foto: Cosmopolitan
Mazkur serial ham sevgi va nafrat haqida hikoya qiladi. Unda bir qishloqda tug‘ilib o‘sgan yigit va qiz turmush qurmoqchi bo‘ladi. Ammo hammasi yigitning Istanbulga ketib, boshqa qizni sevib qolganidan keyin o‘zgaradi.

«Farhod va Shirin»

Foto: Cosmopolitan
Tolga Saritash va Leyla Tanlar ijrosini shunchalik qoyillatganidan tomoshabin o‘z muammolarini unutib, ularning munosabati uchun qayg‘urishi mumkin. Kelib chiqishi jihatidan turli oilaning farzandi bo‘lgan yoshlarning muhabbatiga ularning qarindoshlari qarshilik qiladi. Juftlik esa sevgisini saqlab qolish uchun hamma narsaga tayyor bo‘ladi.

«Aziza»

Foto: Cosmopolitan
Hayotini barbod qilgan odamlardan qasd olishga qaror qilgan qiz ismini o‘zgartiradi. O‘ch olishga ahd qilgan qiz dushman oilaning a’zolaridan birini yaxshi ko‘rib qoladi.

«Halqa»

Foto: Cosmopolitan
Serialda g‘alati hodisa sabab uchrashib qolgan ikki yigit bundan bir necha yillar avval amalga oshirilgan jinoyat uchun zo‘ravonlar guruhi rahbarini topib, qilmishi uchun uni jazolamoqchi bo‘ladi. Ammo bu yo‘lda ular turli kutilmagan hodisa hamda qiyinchiliklarga duch keladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Tomoshabinni «ekranga mixlab qo‘yadigan» turk seriallari (foto)