21:16 / 22.02.2022
2 383

Xonanda A’lo Rahimova qizi tufayli Istanbulga ko‘chib ketgani haqida

Xonanda A’lo Rahimova qizi tufayli Istanbulga ko‘chib ketgani haqida
Xonanda A’lo Rahimovani o‘rta yosh vakillari yaxshi tanishadi. U «Borolmadim», «Otash» va «Otmagay tong» qo‘shiqlari bilan xalq mehrini qozongan. Afsuski, uzoq yillik tanaffus va boshiga tushgan og‘ir musibatlar uni ijoddan uzoqlashtirdi. Xonanda o‘tgan yili «Olov kelin» teleloyihasida boshlovchilik qilishni boshlaganda ko‘pchilik uni ijodga qaytdi, deb taxmin qilgandi. Afsuski, teleloyihadan so‘ng xonanda qizi Shodiyabegim Mirzatillayeva bilan Turkiyaga ko‘chib ketdi va ko‘rsatuvning ba’zi sonlari Istanbul shahrida suratga olindi. Buning sababini bilish maqsadida xonanda bilan bog‘landik.

«Qizim uchun Turkiyaga keldim»

Foto: Instagram / @aloraximova_singer
— Qizim o‘tgan yili maktabni tamomlab, Istanbul universitetiga onlayn hujjat topshirgandi. Omadi kelib, talabalikka qabul qilindi. Ochig‘i, 18 yashar qizni yolg‘iz xorijga jo‘natishga qo‘rqdim. Xorijda o‘qib nima qilasan, deb qaroridan qaytarmoqchi ham bo‘ldim. Ammo kun kelib o‘zim istagan oliygohda o‘qitmagansiz, deb armon qilmasin deb, u bilan Turkiyaga keldim.

Bu qarorni osonlikcha qabul qilganim yo‘q. Chunki qizimga ham ota, ham onaman. O‘zbekistonda oddiy davlat ishida ishlaydigan xodim bo‘lganman. Ancha yillardan buyon to‘y xizmatlariga chiqmasligimni yaqinlarim yaxshi bilishadi. Ilgari ham musofirlikni boshdan o‘tkazib, Andijondan Toshkentga kelib, o‘rnimni topganman. Ammo u vaziyat bilan xorijga kelish o‘rtasida farq bor ekan. Hozir pulni tejashga ko‘proq harakat qilyapman. Negadir odamlardan «Toshkentdagi uyingizni sotib keldingizmi?» degan gapni ko‘p eshityapman. Yo‘q, uyimni sotganim yo‘q. Vatanimda ham bir kulbam bo‘lishi kerak. Ayni kunlarda uy sotish haqida emas, Istanbuldan kichikroq bo‘lsa-da, uy olish haqida o‘ylayapman.

«Hech qanday oyliksiz ishlayapman»

Foto: Instagram / @aloraximova_singer
— Hozircha muqim ishim yo‘q. Turkiyaga kelganimdan so‘ng o‘zbek kinoijodkorlari qatnashgan kinofestival va O‘zbekiston madaniyati kunlarida ishtirok etdim. Yaqinda O‘zbekiston elchixonasi bilan birgalikda «O‘zbek xotin-qizlarini himoya qilish» jamiyati ish boshladi. Mana shu jamiyatga ko‘ngilli sifatida qabul qilindim. Hozircha hech qanday oyliksiz ishlayapman. Nasib, jamiyat oyoqqa turib, rivojlanib ketsa hech gap emas.

Turk tili o‘zbek tiliga juda yaqin. Shu bois hozircha qiyinchilikka uchrayotganim yo‘q. Turklar bilan muloqotda ba’zi so‘zlarni aytolmasam yoki eshitganimni tushunmasam, buni to‘g‘ri qabul qilishadi. Muloqot jarayonida esa so‘z boyligim yanada ortyapti.

«Yotib yesang, tog‘ ham chidamaydi»

Foto: Instagram / @aloraximova_singer
— Yoshlik paytlarimda to‘ylarda juda faol bo‘lganman. To‘ylarning keti uzilmasligidan uxlashga zor bo‘lgan kunlarim ham bo‘lgan. Hatto to‘ylar ko‘pligidan bozorga tushib, yangi ko‘ylak yoki poyabzal olishga ham vaqtim bo‘lmasdi. Kunduzgi to‘ylarni o‘tkazib, kechki nikoh oqshomlariga borardik. Har narsaning o‘z vaqt-soati bor ekan. Yashirmayman, kech farzandli bo‘lganman. Shu bois 2003 yilda homilador bo‘lib, sog‘lig‘imga jiddiy e’tibor berishim kerakligini anglaganman. Qizim tug‘ilgach, uni hech kimga ishonmaganman. Chunki qiyinchilik bilan erishilgan natijaning qadri baland bo‘lar ekan. 2004 yildan keyin bor e’tiborimni qizimning parvarishiga qaratdim.

To‘ylarga taklif qilishsa, rahmatli turmush o‘rtog‘im Rahmatilla Mirzayev «Topadigan 100 AQSH dollar pulingni o‘zim beraman, bola bilan uyda o‘tir», derdi. Shu gap sabab butunlay to‘ylarga chiqmay qo‘ydim. Ammo turmush o‘rtog‘im vafot etganidan so‘ng moddiy qiyinchiliklar bo‘ldi. «Yotib yesang, tog‘ ham chidamaydi», deyishgani rost ekan. Qizimning o‘qishi, yeb-ichishi uchun harakat qilishim kerakligini tushundim. O‘shanda kursdoshim Xosiyat Husanova bilan bir-ikki to‘ylarga chiqdim. Ammo avvalgi to‘ylarning gashtini his qilganim yo‘q. Fonogrammaga o‘rganolmay, chiqishlarimdan ko‘nglim to‘lmadi. Nolimayman, Yaratgan nasibaga yarasha rizq-u nasibamizni yetkazyapti.

«To‘rt yil Istanbulda yashaymiz»

Foto: Instagram / @aloraximova_singer
— Qizim Shodiyabegim bolaligidan san’atga qiziqadi. U Gliyer nomidagi musiqa maktabining eng oldi o‘quvchilaridan biri edi. Afsuski, ustozlari barmoqlarining kaltaligi sabab boshqa musiqa asbobni o‘rganishni tavsiya qilishdi. Bu qaror qizimga va dadasi rahmatliga yoqmadi. Shunda ham umidini uzmay, bir necha oy davomida barmoqlarini o‘stiruvchi mashqlar qilgandi. Hozir qizim 18 yoshda, Istanbul universitetida kino san’ati bo‘yicha tahsil olmoqda.

Qizimning o‘qishi bitguniga qadar 4 yil shu yerda bo‘lishim aniq. Balki Toshkentga qaytarmiz, balki shu yerda qolarmiz. Buni vaqt ko‘rsatadi. Alloh umr va kuch-quvvat bersa, qizimni ota-ona sifatida qo‘llab-quvvatlashga va hayotda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashaman.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Xonanda A’lo Rahimova qizi tufayli Istanbulga ko‘chib ketgani haqida