O‘zbekistonda yoshlarning turli yo‘nalishlardagi loyihalarini amalga oshirish va ularning tashabbuslarini rag‘batlantirish maqsadida foizsiz qarzlar beriladi. Bu haqida Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish davlat maqsadli jamg‘armasi ma’lum qildi. Mazkur dastur doirasida ikki turdagi qarzlar ajratilishi ko‘zda tutilgan.
Birinchi turdagi qarz
Birinchi navbatda, tadbirkorlik faoliyati uchun zarur bo‘lgan bino va inshootlarni qurish, ta’mirlash va jihozlash ishlari uchun yoshlarga imkoniyat yaratiladi. Bunda 6 ming BHM miqdoridagi mablag‘ 3 yilgacha muddatga, bo‘lib-bo‘lib to‘lash va imtiyozli shartlar asosida taqdim etiladi.
Ushbu qarzdan bir vaqtning o‘zida bir nechta biznes loyihalari uchun foydalanish ham mumkin. Qarzlar 2025–2026 yillarda tajriba sifatida amalga oshiriladi va bu yo‘nalishga 30 milliard so‘m ajratilgan.
Bunday imkoniyatdan foydalanish huquqi quyidagilarga beriladi:
-
ustav fondida ulushining kamida 50 foizi yoshlarga tegishli bo‘lgan tadbirkorlarga;
-
yaratiladigan ish o‘rinlarining kamida 50 foizini yoshlar tashkil etadigan loyihalarga.
Shu bilan birga, yosh tadbirkorlar quyidagi talablarga javob berishi shart:
-
tadbirkorlik subyektlari barqarorlik reytingida so‘nggi 6 oy davomida uzluksiz kamida «BBB» (76–85 ball) ko‘rsatkichini saqlagan bo‘lishi;
-
qarzning 125 foizidan kam bo‘lmagan miqdorda garov taqdim etilishi;
-
kamida 24 oydan beri faoliyat yuritib kelayotgan bo‘lishi.
Ikkinchi turdagi qarz
Ikkinchi turdagi imtiyozli qarzlar esa olis va chekka hududlarda xorijiy tillarni o‘rgatish markazlarini tashkil etishni maqsad qilgan tadbirkorlarga beriladi. Mablag‘ miqdori 320 BHM etib belgilangan.
Bunday kreditlar quyidagi shaxslarga taqdim etiladi:
-
yakka tartibda tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan yoshlarga;
-
ustav fondidagi ulushining kamida 50 foizi yoshlarga tegishli bo‘lgan korxonalarga.
Shuningdek, talabgor yosh tadbirkor xorijiy tillardan kamida S1 darajadagi sertifikatga ega bo‘lishi va uni olganiga ikki yildan oshmagan bo‘lishi zarur.
Tashkil etiladigan kurslardagi o‘quvchilarning kamida 20 foizi “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yigit-qizlardan iborat bo‘lishi shart.
Qarz shartlari
Jamg‘arma va qarz oluvchi o‘rtasida tuziladigan shartnoma asosida mablag‘ 6 oylik imtiyozli muddat bilan, 3 yilgacha bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan ajratiladi.
Mazkur dastur doirasida berilayotgan imtiyozli qarzlar yoshlarning o‘z biznesini yo‘lga qo‘yishi va mavjud faoliyatini rivojlantirishi uchun qo‘shimcha turtki berishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!