Tojikistonda ichki ishlar tizimida xizmat olib borayotgan xodimlar uchun qo‘yilgan talablar juda qat’iy. Ular nafaqat kasbiy malaka va intizomga ega bo‘lishi, balki jismoniy tayyorgarligi va tashqi ko‘rinishida ham belgilangan me’yorlarga mos kelishi shart. Shuning uchun ham Ichki ishlar vazirligi ortiqcha vazn muammosiga e’tibor qaratdi va bu talablarni bajarmagan xodimlarni xizmatdan chetlatdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yil Ichki ishlar vazirligi tomonidan jismoniy ko‘rinish talablariga javob bermagan 30 nafar xodim ortiqcha og‘irlik sababli ishdan bo‘shatilgan. Bir yil o‘tib, ularning faqat 13 nafarigina tana vaznini yo‘qotib, qaytadan xizmatga tiklanishga muvaffaq bo‘ldi. Qolganlari esa haligacha belgilangan me’yorga yeta olmagan.
Bu haqda Ichki ishlar vazirligining kadrlar va shaxsiy tarkib bilan ishlash boshqarmasi boshlig‘i Husayn Xalilzoda ma’lum qildi. Uning aytishicha, o‘tgan yili 20 mingga yaqin xodim umumiy jismoniy tayyorgarlik sinovidan o‘tkazilgan va ular orasida 30 nafar odam vazn me’yoridan oshgani uchun lavozimidan ozod etilgan. Biroq ularga imkoniyat qoldirilgan — agar belgilangan chegaragacha vaznni kamaytirishsa, yana lavozimiga qaytishlari mumkin.
Vazirlik qoidalariga ko‘ra, Tojikiston politsiyasi safida xizmat qilish uchun erkak nomzodlar bo‘yi kamida 168 sm, ayollar bo‘yi esa kamida 160 sm bo‘lishi lozim. Shu bilan birga, ularning og‘irligi ana shu balandlikka mutanosib kelishi va belgilangan normalardan ortiq bo‘lmasligi shart hisoblanadi.
Mutaxassislarning fikricha, bunday qat’iy talablar xodimlarning jismoniy holatini yaxshilash, xizmat samaradorligini oshirish va aholi xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan. Chunki ichki ishlar tizimida xizmat qilayotgan har bir shaxs jismonan ham, ma’nan ham tayyorgarlikli bo‘lishi zarur.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar