Superliganing 19-turidan o‘rin olgan “Nasaf” – “Sho‘rtan” (2:0) bahsidan keyin mehmon jamoa bosh murabbiyi Eldor Moyliyev matbuot anjumanida ishtirok etib, o‘yin haqida va jamoaning holati bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
— Bugungi bahsda asosiy taktikamiz qarshi hujumlardan unumli foydalanish edi, — dedi Moyliyev. — Birinchi bo‘limda bu reja ma’lum darajada ish berdi. Yaxshi himoyalandik, ba’zi vaziyatlar ham yaratdik. Burchak to‘pidan keyin gol urish imkoniyati bo‘ldi, ammo undan foydalana olmadik. Ikkinchi taymda esa diqqatni biroz yo‘qotdik. Ayniqsa, tayanch yarim himoyachilarimiz birinchi golda yordamga kelishi shart edi, lekin diqqat yetishmadi. Ikkinchi gol esa o‘z xatomiz oqibatida yuz berdi. “Nasaf”ning himoya chizig‘ini buzib o‘tish biz uchun juda qiyin kechdi. Shu bois raqibni munosib g‘alaba bilan tabriklayman.
Murabbiy jamoada tajribali o‘yinchilarning kam qo‘llanilayotgani haqida ham izoh berdi:
— Jasur Hakimov hozircha individual mashg‘ulot bilan cheklanmoqda. Nuriddin Hasanov esa endigina jarohatdan tuzalib, asta-sekin tarkibga kirishmoqda. Keyingi bahslarda ulardan foydalanishga harakat qilamiz.
Anvar Berdiyev jamoani tark etganidan keyingi o‘zgarishlar haqida so‘ralganda esa u quyidagicha javob qaytardi:
— Asosan markaziy yarim himoyachi va hujumchilarni taklif qildik. Bir-ikki nafar legioner olish niyatimiz bor edi, lekin omad yuz bermadi. Ko‘zlagan futbolchilarimizni chaqirolmadik. Shunga qaramay, yoshlar bilan nimadir qilishga urinyapmiz.
“Sho‘rtan”ning ikkinchi davradagi qiyinchiliklari haqida to‘xtalib, Moyliyev shunday dedi:
— Ikkinchi davraga tayyorgarlikni ko‘plab yangi futbolchilar bilan boshladik. Ular jamoaga tez moslashishi qiyin bo‘lyapti. O‘z maydonimizda yaxshi harakat qilyapmiz, ammo qarshi hujumlarda ko‘p gol o‘tkazib yuborayapmiz. “Xorazm” va “Qo‘qon-1912”ga qarshi juda muhim — olti ochkolik o‘yinlarda ham imkoniyatni boy berdik.
Murabbiy jamoaning ko‘p gol o‘tkazishi haqida ham fikr bildirdi:
— Buni faqat darvozabon yoki himoyachilar xatosi bilan bog‘lash to‘g‘ri emas. Zamonaviy futbolda butun jamoa himoyalanishi kerak. Agar hujumchilar va yarim himoyachilar orqaga qaytib yordam bermasa, darvozani himoya qilish deyarli imkonsiz. Bu yerda barchamizning xatoimiz bor.
So‘nggi savol sifatida jamoaning Superligada qolish imkoniyati haqida so‘raldi:
— Hali imkoniyatlarimiz yo‘qotilgani yo‘q. Bu yo‘lda nafaqat bizga, balki boshqa jamoalarga ham qiyin bo‘ladi. Ammo biz oxirigacha kurashishdan to‘xtamaymiz, — dedi Moyliyev qat’iyat bilan.
Xulosa qilib aytganda, “Sho‘rtan” Karshida mag‘lub bo‘lgan bo‘lsa-da, Eldor Moyliyev jamoasini ruhan tushkunlikka tushmaganini va so‘nggi turgacha kurash olib borish niyatida ekanini ma’lum qildi. Uning so‘zlaridan jamoaning asosiy shiori aniq: mag‘lubiyatdan saboq olish va maydonda bor imkoniyat bilan harakat qilish.
Eldor Moyliyev: “Mag‘lubiyat alamli, ammo kurashni to‘xtatmaymiz”
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar