date

O‘tgan oyda 28 mingdan ortiq ota-onalar suyunchi pulini oldi


O‘zbekistonda sentyabr oyida suyunchi to‘lovlari amalga oshirildi. Yangi tug‘ilgan chaqaloqlar uchun 25 milliard so‘m suyunchi to‘landi

Ijtimoiy himoya milliy agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, sentyabr oyi davomida O‘zbekiston bo‘ylab 28 mingdan ziyod fuqarolarga farzand tug‘ilganida beriladigan bir martalik suyunchi puli to‘langan.

Ma’lumotga ko‘ra, jami 40,6 ming nafar fuqaro uchun 47,9 milliard so‘m miqdorida bir martalik nafaqa to‘lovlari amalga oshirilgan. Shuning 25,6 milliard so‘mi — ya’ni 28 784 nafar ota-onaga farzand tug‘ilgani munosabati bilan suyunchi puli sifatida berilgan. Shuningdek, 11 827 nafar fuqaroga yaqinlarini dafn etish uchun 22,3 milliard so‘mlik nafaqa to‘langan.

Suyunchi nafaqasini olish uchun bola tug‘ilgandan so‘ng olti oy ichida uning otasi yoki onasi shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar bilan “Xalq banki”ning istalgan filialiga murojaat qilishi yoki “Xazna” mobil ilovasi orqali onlayn tarzda ariza yuborishi mumkin.

Dafn etish nafaqasi ham xuddi shu tartibda to‘lanadi — FHDYO bo‘limi tomonidan berilgan gerbli o‘lim guvohnomasi asosida pul belgilangan shaxsga ajratiladi. Biroq agar murojaat qiluvchi shaxs huquqqa ega bo‘lmasa, sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan bo‘lsa yoki o‘lim qayd qilinganidan so‘ng 60 kundan keyin ariza berilsa, to‘lov amalga oshirilmaydi.

Hozirgi kunda suyunchi nafaqasining rasmiy miqdori 893 513 so‘mni, dafn etish nafaqasi esa 1 884 000 so‘mni tashkil etadi.

Avvalroq ayrim ijtimoiy tarmoqlarda suyunchi puli belgilangan miqdordan kam to‘lanmoqda degan xabarlar tarqalgan edi. Milliy agentlik bu ma’lumotlarni rasman rad etdi va to‘lovlar belgilangan tartibda amalga oshirilayotganini tasdiqladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » O‘tgan oyda 28 mingdan ortiq ota-onalar suyunchi pulini oldi