date

Toshkent metro bekatida kutilmagan mo‘jiza: chaqaloq dunyoga keldi

Toshkent metro bekatida kutilmagan mo‘jiza: chaqaloq dunyoga keldi

Metrodagi navbatchi ayol yordamida bola sog‘-salomat tug‘ildi

6-oktyabr kuni Toshkent metropolitenining G‘afur G‘ulom bekatida kutilmagan voqea sodir bo‘ldi — yo‘lovchi ayol to‘satdan tug‘ruq holatiga tushib, chaqaloqni dunyoga keltirdi. Bu haqda “Toshkent metropoliteni” DUK matbuot xizmati ma’lum qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, poyezdlarni kutib olish va jo‘natish bo‘yicha navbatchi xodima Naima Maxamadjonova xizmat davomida ichki ishlar xodimi tomonidan yo‘lovchi ayolning holati haqida xabardor qilingan. U hech ikkilanmasdan, maxsus tayyorgarligiga tayanib, tug‘ruq jarayonida zarur yordamni ko‘rsatishga kirishgan.

Naima Maxamadjonova o‘zining xizmat vazifasidan tashqari, tibbiy ko‘nikmalarini ishga solib, ayolning farzandini sog‘-salomat dunyoga keltirishida bevosita yordam berdi. U chaqaloqning nafas olishini faollashtirib, kindik qismini bog‘lab, ona va bola sog‘ligi uchun zarur choralarni ko‘rgan.

Bu vaqt ichida tez yordam xizmati va ayolning yaqinlari chaqirilgan. Tibbiyot xodimlari kelguniga qadar taxminan 10 daqiqa davomida metropoliten xodimlari ona va chaqaloqni nazorat ostida ushlab, ularning xavfsizligini ta’minlashgan.

Shifokorlar yetib kelgach, ona va chaqaloq shifoxonaga yetkazildi. Hozirda ikkalasining ham sog‘ligi yaxshi ekani ma’lum qilindi.

Ko‘pchilik fuqarolar mazkur voqeani haqiqiy qahramonlik deb baholamoqda. Chunki Naima Maxamadjonova vaziyatni tez anglab, tayyorgarlik va jasorat bilan amalga oshirgan harakatlari tufayli ona va chaqaloqning hayotini saqlab qolishga muvaffaq bo‘ldi.

Metropoliten ma’muriyati xodimning fidoyiligi va kasbiy mas’uliyati uchun minnatdorlik bildirdi. Bu voqea nafaqat xizmatdoshlar, balki ko‘plab yo‘lovchilar xotirasida ham umrbod saqlanib qolishi shubhasiz.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Toshkent metro bekatida kutilmagan mo‘jiza: chaqaloq dunyoga keldi