«Jamiyatimiz ravnaqi yo‘lida hamkorlik zarur» sarlavhasi bilan samarqandlik keksa jurnalist Toshpo‘lat Rahmatullaevdan IIV rahbari Abdusalom Azizov nomiga ochiq xat e’lon qilindi. Ochiq xatda ko‘rsatib o‘tilgan vaziyatlarga har bir jurnalist mubtalo bo‘lishi mumkinligidan, uni o‘z saytimizda e’lon qilishga, mutasaddilarni mushohadaga chorlashga qaror qildik.
«Hurmatli Abdusalom Abdumavlyanovich!
Ichki ishlar organi xodimlari mehnati davlat va jamiyat uchun qanchalik zarur ekanligidan, ular faoliyatidagi qiyinchiliklardan ozmi-ko‘pmi xabardorman. Xuddi shunday jamiyat va davlat kelajagi va rivoju ravnaqi uchun jurnalist faoliyati ham muhim sanaladi. Jurnalist davlat va jamiyatni bog‘lab turuvchi halqadir, u aholining xabardorligini oshirish yo‘lida zahmat chekadi va shu orqali odamlarni ongli ravishda faollik ko‘rsatishga undaydi.
Agar ommaviy axborot vositalari (OAV) xodimlari ishiga sun’iy to‘siq qo‘yiladigan bo‘lsa, u holda ular o‘zlarining mas’uliyatli ishlarini bajara olishmaydi. Bundan jurnalistlardan ko‘ra jamiyat ko‘proq zarar ko‘radi. Shu nuqtai nazardan o‘zim bilan bo‘lib o‘tgan voqeani tahlil qilib ko‘raylik.
2017 yil 1 avgust ertalab test sinovlarining boshlanishi haqida reportaj tayyorlash maqsadida Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filialining yangi binosiga bordim. Undan avval yo‘l-yo‘lakay SamMI abiturientlari imtihon topshirayotgan lisey yonidan o‘tayotib, vaziyat bilan tanishdim va suratlar oldim. TATU binosi oldida bo‘lgan voqea tafsilotlari haqida yozganlarim Internet tarmog‘ida mavjud.
Faqat shuni uqtirmoqchi edimki, u erdagi podpolkovnik unvonidagi zobit yuzlab kishilar ko‘z o‘ngida sodir bo‘layotgan holatni suratga olishga, axborot yig‘ishimga, demakki, jurnalistik faoliyatni olib borishimizga to‘sqinlik qildi.
Ushbu ochiq xatni yozishimdan maqsad — Sizga bo‘lgan voqeaning tafsilotini bayon qilishdan iborat emas. Bu xabar keng tarqaldi va Siz yoki mutasaddilar uni o‘rganib, biror-bir qonuniy xulosa chiqarasizlar, deb uylayman. Shuningdek, podpolkovnikning xatti-harakatiga prokuratura organlari ham mavjud qonunchiligimiz asosida baho berar. Bu erda e’tiboringizni ichki ishlar organlari bilan ommaviy axborot vositalarining yaqin hamkorligini yo‘lga qo‘yish naqadar muhimligi va bu masala ayni kunlarda dolzarblik kasb etayotganligiga qaratmoqchi edim.
Huquq-tartibot organlari faoliyati bilan bog‘liq mavzular doimo aholida qiziqish uyg‘otib kelgan. Shundan foydalanib, ichki ishlar organlari OAV bilan hamkorlikni kuchaytirishi zarur. Bu hamkorlik ichki ishlar organi oldida turgan qator vazifalarni hal qilishda yordam berishi kundek ravshan. Ayniqsa, jamoatchilik o‘rtasida ichki ishlar organlarining ijobiy imijini shakllantirishda, soha xodimlarining obro‘-e’tiborini oshirishda OAV ko‘p ish qilishi mumkin. Jurnalist o‘z chiqishlari orqali soha va uning xodimlari ishini keng ommaga targ‘ib qiladi va ular atrofida jamoatchilik fikrini shakllantirishga yordam beradi.
Ichki ishlar organlari xodimi o‘zining vazifasini sifatli bajarishi uchun muayyan darajada jamoatchilik ishonchiga sazovor bo‘lmog‘i zarur. Buning uchun ichki ishlar organlari faoliyatini muntazam yoritib borish talab etiladi. O‘z navbatida, ko‘pgina hollarda ichki ishlar organi xodimlari jurnalistlar o‘z professional vazifalarini bajarishi jarayonida ularning xavfsizligiga ko‘z-quloq bo‘lib turishadi.
OAV bilan har tomonlama keng hamkorlikni yo‘lga qo‘yilishi alohida shaxs yoki butun mamlakatning informasion xavfsizligini ta’minlash vositalaridan biri hisoblanadi. Jurnalistlarning chiqishlari orqali aholi o‘ziga kerakli axborotni oladi va shu asosda alohida shaxslar, ijtimoiy guruhlar va butun jamiyatning kayfiyati, qarashlari, jamoatchilik fikri, bo‘layotgan jarayonlarga munosabati shakllanadi.
OAV huquqiy bilimlarni targ‘ib qilish, jamiyatning huquqiy madaniyatini oshirish, nigilizm (jamiyatdagi har qanday prinsip, norma, qonunlarni mensimaslik) darajasini kamaytirish orqali jinoyatchilikni oldini olishda amaliy yordam ko‘rsatadi. Shuningdek, ichki ishlar organlarining OAVdan foydalangan holda tarqatgan xabari asosida aholining jinoyatni fosh etishda hissa qo‘shganligi xususidagi misollar oz emas.
OAV yordamida jinoyatchilikning oldini olishning muhim yo‘nalishi — qilingan jinoyat uchun jazoning muqarrarligini targ‘ib qilishdan iborat. Chunki jinoyatning jazosiz qolishi yangi qonunbuzarliklarga asos bo‘ladi.
Ichki ishlar organlari va OAV hamkorligini quyidagi shakllarda amalga oshirish mumkin:
a). OAVga muntazam ravishda materiallar taqdim etib turish;
b). Jurnalistlar so‘rovi bo‘yicha ularga vaqtida axborot etkazish;
v). Jurnalistlarga intervyu berish, brifing va matbuot anjumanlari o‘tkazib turish;
g). Ichki ishlar organi xodimlarining OAVda chiqishini yo‘lga qo‘yish.
Samarqandda viloyat IIB bilan jurnalistlar o‘rtasidagi hamkorlikning yaxshi tajribasi mavjud. 1995 yildan boshlab besh yil davomida har yilda ikki marta IIB boshlig‘i matbuot anjumani o‘tkazardi. Sohada amalga oshirilayotgan ishlar muntazam OAVda yoritib borilardi. Bu an’anani general Urayimjon Abduraimov boshlab bergan edi.
Hurmatli Abdusalom Abdumavlyanovich!
Ichki ishlar organlari va ommaviy axborot vositalari hamkorligining ahamiyati haqida ko‘p gapirish, misollar keltirish mumkin. Hozirgi bosqichda Prezidentimiz talabidan kelib chiqqan holda, OAV xodimlarining o‘z faoliyatini risoladagidek bajarishi, ura-urachilikdan qutilib, haqqoniy so‘zni aytishiga imkon yaratilishi Siz rahbarlik qilayotgan tizimning ularga bo‘lgan munosabatiga ham bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Men bilan bo‘lgan voqeaga sababchi bo‘lgan podpolkovnikka o‘xshab jurnalistga muomala qilinadigan bo‘lsa, aksariyat kasbdoshlar qo‘rqib, hech bir ishga qo‘shilmasdan, loqaydlik va jimjitlik girdobidan chiqolmasdan yuraverishadi. Bu kimga kerak? Bundan kimga foyda?
O‘sha podpolkovnikning xatti-harakatiga OAV qonunchiligiga asoslanib, quyidagicha baho berish mumkin:
1. Jurnalistik faoliyatni olib borishga to‘sqinlik.
2. To‘plagan informasiyani, ya’ni suratlarni yo‘q qilib yuborish.
3. Shaxsiy mulkka daxl qilish: fotoapparat arxividagi suratlarning bunga asos bo‘lmagan holda tekshirilishi.
4. Milisiya uchastkasiga majburan olib borilishim.
Zobitning yana bir qonunbuzarligi bu — o‘zini tanishtirmaganligidir.
«Ichki ishlar organi haqida»gi Qonunning 8-moddasida «Ichki ishlar organi xodimi fuqaroga murojaat etgan taqdirda, o‘z lavozimini, unvonini, familiyasini, ismini, otasining ismini aytishi, fuqaroning talabiga ko‘ra xizmat guvohnomasini ko‘rsatishi, shundan so‘ng murojaat qilishi sababi va maqsadini ma’lum qilishi» shartligi ko‘rsatib o‘tilgan.
Qonunning «Ochiqlik va shaffoflik prinsipi» deb atalgan 9-moddasida ichki ishlar organliri o‘z faoliyatini ochiq va shaffof tarzda, davlat va bir qator jamoat tashkilatlari, jumladan ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikda amalga oshirilishi ta’kidlangan.
Menga qattiq ta’sir etgan zobitning yana bir gapini keltirmoqchiman va bu haqda xizmat surishturuvi doirasida aniqlik kiritilishini so‘rardim. U hatto xizmat guvohnomamni ochib ko‘rmasdan: «men sizni yaxshi bilaman, nima yozishingizni va kimga xizmat qilishingizni ham bilaman», dedi. Men kimga xizmat qilarkanman? Aytsin! Barcha faoliyatim ochiq, jamoatchilik ko‘z oldida o‘tmoqda. Yozganlarimni tahlil qilib ko‘ringlar. Bundan olti yil asos solgan «Sogdiana» blogimda 775ta xabar va maqola joylashtirilgan. O‘sha tahlil qiluvchilar bir qiziqib ko‘rishsin-chi, olti yil uchun bu ozmi yoki ko‘pmi? Boz ustiga, maosh yoki qalam haqi olmadim. Axir, blog o‘zimniki bo‘lsa, menga kim ham haq berardi?
Mana endi erkin ijod qilish davri kelmoqda. Prezidentimizga ayni paytda haqiqatni tik ayta oladigan, jasur jurnalistlar, ijodkorlar kerak. Men bunday davr kelishini qanchadan beri orzu qilardim. Ammo «ahvol qachon yaxshi bo‘lsa, so‘ngra yozaman», deb kutib yotmadim. Tahdidlarga qaramasdan, kamchiliklarni qalamga oldim, o‘zining shaxsiy manfaatidan boshqani o‘ylamaydigan amaldorlarning noqonuniy ishini oshkor qilishga harakat qildim. Natijada, o‘sha to‘ralar birlashib, meni badnom qilishga intildi va ma’lum ma’noda bunga erishishdi ham. Shu sababli, Sizdan avvalgi rahbarlar davrida men idorangizning «qora ro‘yxati»da edim. O‘sha podpolkovnik hozirgacha eski zamonda qolib ketib, eskicha tasavvurlar bilan yashayotgandir va meni «yaxshi bilishi» shundan bo‘lsa kerak.
Ammo so‘nggi 7–8 oy davomida ahvol o‘zgardi. Chiqishlarim asosida yopilgan ko‘chalar ochildi, Samarqandda elektr tokining o‘chib yonishiga deyarli barham berildi, eshaklar «kushxonasi» tugatildi, ishi bitmay yurgan bir qator tadbirkorlar taqdiri jamoatchilikka va mutasaddilarga oshkor bo‘ldi va hokazo. Hatto viloyat yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi foliyatidagi kamchiliklarni ochiq ko‘rsatilgan maqolamdan keyin qator yo‘l belgilari almashtirildi, yangilandi... Aytganimdek, bularning hammasini Internetda o‘qib olsa bo‘ladi. Shu asosda mening kimga xizmat qilayotganligimni bilib olish mumkin.
O‘tgan yildan boshlab «Novosti Uzbekistana» sayti bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydim. Yangilik va maqolalarim ushbu saytga joylashtirilishi oqibatida mamlakatimizda sodir bo‘layotgan voqealar bilan tanishayotganlar soni yanada ortdi.
Chiqishlarim orqali viloyatda bo‘layotgan o‘zgarishlaru yangilanishlar bilan dunyo ahlini tanishtirishga xizmat qilayotganligimdan xursandman. O‘sha zobitingiz blogimga kirsin va uni qaysi mamlakat vakillari o‘qiyotganligini ko‘rsin. Umuman olganda, kim kimga xizmat qilayotganligini Alloh ko‘rib turibdi va bunga xalq ham o‘z bahosini beradi. Faqat shu bugun bilan yashayotgan o‘sha zobitga o‘xshaganlarning bahosi aslida bir chaqaga ham arzimaydi.
Gapning ochig‘i, men ushbu maktubni yoza turib, keyingi paytlarda davlatimiz rahbari Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning ijod ahlini dadillikka chaqirgan da’vatlari qulog‘im ostida jaranglab turdi va bu menga qo‘shimcha kuch bag‘ishladi. 25 yanvar kuni Samarqand viloyat xalq deputatlari sessiyasida Bosh vazir o‘rinbosari Zoir Mirzaev chiqish qilib, mening elekr energiyasi bilan ta’minlashda bo‘layotgan uzilishlar haqida yozgan maqolamni tilga olib, jurnalist to‘g‘ri yozganligini, to‘g‘ri so‘zi uchun uni ta’qib etmaslik kerakligini muhtaram Prezidentimiz alohida ta’kidlaganliklarini uqtirib o‘tgan. Buni kaminaga sessiya ishtirokchilaridan bir necha kishi etkazgan edi.
Yuqoridagi faktni keltirishimdan maqsad ichki ishlar organi xodimlari zamon o‘zgarib borayotganligini anglab etishi, nafaqat jurnalistlar, balki barcha fuqarolar bilan bo‘lgan munosabatlarida, demokratik davlatlarda bo‘lgani kabi, ular faqat qonun talablariga tayanib faoliyat yurgizishi kerakligini eslatishdan iborat.
Hurmatli Abdusalom Abdumavlyanovich!
Sizga qilgan bu murojaatimga javob kutarkanman, podpolkovnikning xatti-harakatiga qonuniy baho berilishi bilan birga IIV tizimi va OAV o‘rtasida manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish taklifimga munosabat bildiriladi, deb ishonaman.
Oxirida o‘zim haqimda: jurnalist va bloger. Oilali, yoshim 68da.
Hurmat bilan,
Toshpo‘lat Rahmatullaev.
Manba: Kun.uz “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
20 yoshli o‘zbekistonlik qizni qarindoshi Turkiyaga sotib yubordi
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)