20:53 / 28.09.2018
8 972

Iqlim oʻzgarishlari Oʻzbekistonga qanday taʼsir qilmoqda?

Iqlim oʻzgarishlari Oʻzbekistonga qanday taʼsir qilmoqda?
Bugun “iqlim oʻzgarishlari”, “global isish”, “ekologik tanglik”, “issiqxona effekti” singari tushunchalar tilimizga ancha oʻrnashib qoldi. Qolaversa, ommmavy axborot vositalari bu haqda anchadan beri tinimsiz bong urib kelayotir.

Oʻzi nimalar boʻlyapti

Aslida, iqlim oʻzgarishlari bir-ikki yilda yuzaga keladigan hodisa emas. Zotan, sayyoramiz tarixida uning tegrasidagi harorat muntazam ravishda oʻzgarib kelgan. Bu jarayonlar koʻplab jonivorlar yoki oʻsimliklarning yoʻqolib ketishi, oʻzgacha hayot tarzi, yangicha tiriklik belgilari paydo boʻlishiga zamin yaratgan.

Jahon meteorologiya tashkilotining maʼlumotlariga koʻra, ming yillar davomida uglerod tabiiy usulda biosfera, atmosfera va dunyo okeani boʻylab bir xil meʼyorda harakatlanib kelgan. Bu jarayon atmofserada karbonad angidrid va boshqa gazlarning havodagi miqdorini meʼyorida tutib kelgan.

Soʻnggi bir yarim asrda iqlim oʻzgarishlariga inson omili katta rol oʻynayotir. Ishlab chiqarish shiddat bilan rivojlanib, atrof-muhitga chiqarilayotgan zararli chiqindilar miqdorining ortishi, demografik oʻsish, avtomobillarning koʻpayishi havoning oʻrtacha harorati ortishiga sabab boʻlyapti. Iqlimni moʻʼtadil saqlashda katta ahamiyatga ega boʻlgan oʻrmonlar maydoni yildan yilga qisqarib borayotir.

Shunday davom etaversa, asrimiz oxirlariga borib, havoning oʻrtacha harorati +4 darajaga oshadi. Bu esa, Antarktida, Grenlandiya va Shimoliy qutbda katta miqdordagi asriy muzliklarning erib, okeanga qoʻshilishi, dunyo okeani sathining koʻtarilishi natijasida quruqlikdagi koʻplab shaharlar, kichik orollarning suv ostida qolishi demakdir.

Mutaxassislar faqatgina havoga uglerod gazlari chiqarish miqdorini qisqartirish orqali iqlim oʻzgarishlarining oldini olish mumkin deyishmoqda. Shu sababli dunyodagi 180 dan ortiq korxona energiyadan qayta tiklanadigan manbalaridan foydalanish yoʻliga oʻtmoqda. 18 ta transmilliy korporatsiyalar toʻliq elektromobillardan foylanishni rejalashtirgan.

Sammitlar va hujjatlar ish beryaptimi?

Oʻtgan asrning oxirlarida global isishning oldini olish dunyo hamjamiyatini eʼtiborini tortdi. 1992 yil Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida BMTning iqlim oʻzgarishlari boʻyicha doiraviy konvensiyasi qabul qilindi. 1997 yili Yaponiyada iqlim oʻzgarishlariga olib keluvchi “parnik gaz”larini atmosferaga chiqarishni qisqartirish yuzasidan Kioto protokoli imzolandi. 2005 yil 16 fevraldan rasmiy kuchga kirgan protokolni dunyoning 156 davlati ratifikatsiya qilgan.

Kioto protokoliga muvofiq sanoat rivojlangan davlatlar 2008-2012 yillargacha oʻrta hisobda atmosferaga “parnik gaz”lari chiqarishni 1990 yildagi koʻrsatkichdan 5 foizga qisqartirishi lozim edi. Buning uchun har bir davlatga aniq kvotalar belgilandi. Ammo, bu kelishuv amalda kutilgan natijalarni bermadi.

2015 yilning 30 noyabr-12 dekabr kunlari ushbu protokolning davomi oʻlaroq, Parijda oʻtkazilgan sammitda 80 mamlakat vakillari qatnashdi. Bitimdan koʻzlangan maqsad haroratning global oʻsishini Selsiy shkalasi boʻyicha oʻrtacha 2 darajadan past holatda ushlab turish va harorat oʻsishi 1,5 darajada cheklanishi uchun saʼy-harakatlarni ishga solishdan iborat.

Tabiatda “parnik gaz”lari kamayishini tezlashtirish uchun konferensiyada ishtirok etgan davlatlar oʻz zimmalariga yangi majburiyatlarni olgan. Masalan, Rossiya 2030 yilga borib atmosferaga SO2 (karbonat angidrid) gazi chiqarishni 1990 yildagi koʻrsatkichdan 30 foiz kamaytirishi joiz. Atmosferaga uglerod gazlari chiqarish boʻyicha dunyoda Xitoydan keyin ikkinchi oʻrinda turuvchi AQSH esa 2025 yilga borib, 2005 yildagi koʻrsatkichni 26-28 foiz qisqartirishi shart.

Albatta, taraqqiyotni toʻxtatib boʻlmaydi. Aholi sonining oʻsib borishi ishlab chiqarish va sanoatni ham rivojlantirishini talab etmoqda. Biroq, texnogen jarayonlar shu taxlit rivojlanaversa sayyoramizni muqarrar xavf-xatar kutadi.

Shu bois, uglevodorod uning oʻrnini bosuvchi, nisbatan arzon, atrof-muhit uchun xavfsiz resurslar, jumladan, quyosh, shamol, suv, atom va boshqa energiya manbaridan foydalanish haqidagi takliflar ilgari surilmoqda.

Keyingi besh yil juda issiq keladi

Sammitlar oʻtkazilgani, hujjatlar imzolanganiga qaramay, hozircha iqlim oʻzgarishlarida “oʻzgarish” sezilmayapti. Sayyoramizning iqlimiy kelajagi haqida olimlar yakdil xulosaga kelishgani yoʻq. Bir guruh olimlar iqlim oʻzgarishlari global harorat koʻtarilishiga olib kelmoqda, degan fikrni ilgari sursa, boshqa bir guruh global muzlik davri yuzaga kelishini yaqinlashtiradi, degan fikrni bildirishgan.

Joriy yil qish oylarida shimoliy mintaqalarda havo keskin sovub ketgani, yoz esa kutilganidan ancha issiq kelgani, Yaponiya, Kanada, Gretsiya singari mamlakatlarda havonining meʼyoridan issiq kelishi bir qator muammolarni keltirib chiqargani oʻrmon yongʻinlari yuz bergani, yuzlab insonlar nobud boʻlgani ham ayni haqiqat.

Yaqinda Brest va Sautgempton universitetlari mutaxassislari 2018 yildan boshlab keyingi toʻrt yil davomida sayyorada harorat qoʻshimcha 0,03 darajaga koʻtarilishini aniqlashdi.

BMT Bosh kotibi Antonio Guterrish esa, oʻz chiqishida iqlim oʻzgarishlarining aql bovar qilmas oqibatlari aqida toʻxtalib oʻtdi. Birgina oʻtgan yili iqlim oʻzgarishlar tufayli yuz bergan tabiiy ofatlar jahon iqtisodiyotiga 320 mlrd dollardan ortiq zarar keltirgan.

Guterrishning aytishicha, oʻrmonlarni tiklash uchun kiritilgan 1 dollarlik sarmoya 30 dollar foyda keltirishi, qayta tiklanadigan enegriya manbalaridan foydalanish 1 mlrd kishini elektr energiyasi bilan taʼminlash imkonini beradi. Joriy haftada AQSHning Kalliforniya shtatida iqlim oʻzgarishlariga bagʻishlangan xalqaro sammit, yil soʻngida esa, Polshaning Katovitse shahrida shu masalada muzokaralara oʻtkazilishi koʻzda tutilgan.

Bizning mintaqada ahvol qanday?

Tabiiyki iqlim oʻzgarishlari keyingi yarim asr ichida bizning mintaqaga ham sezilarli taʼsir oʻtkazdi. Bir paytlar mavjlanib yotgan Orol dengizi maydoni oʻnlab baravarga qisqarib, uning oʻzani qaqroq sahroga aylandi.

Soʻnggi yillarda havo haroratining koʻtarilishi natijasida Sirdaryo va Amudaryoni suv bilan taʼminlaydigan Pomir va Tyanshan muzliklari shiddat bilan erib bormoqda. Tojikiston hamda Qirgʻiziston vakillari baʼzi muzliklar 20-30% eriganini aytishmoqda. Bir necha oʻn yilliklar ichida esa bu muzliklarning yarmidan koʻpi erib bitishi mumkin.

Mintaqamizda ichimlik suvining 80 foizi ana shu muzliklardan kelishini hisobga olsak, ularning erishi yaqin kelajakda suv tanqisligini keltirib chiqarishi mumkin.

“Oʻzgidromet” maʼlumotlari Oʻzbekistonda ham iqlim oʻzgarishlari oʻz taʼsirini koʻrsatayotganini isbotlamoqda, Mamlakatimizda ob-havoni kuzatish 1872 yildan boshlangan. Birgina Toshkent shahrida oʻrtacha yillik yogʻin miqdori 423,4 millimetrni tashkil etgan boʻlsa, oʻtgan bir asr davomida bu koʻrsatkich 60 mm.ga oshgan. Soʻnggi yuz yillik kuzatishlar shuni koʻrsatmoqdaki, birgina Toshkent shahrida oʻrtacha yillik harorat 1.7 darajaga oshgan. Ayni paytda sayyoramiz miqyosida bu koʻrsatkich 0.7-0.8 darajani tashkil qiladi.

Oʻtgan yozda ham havo haroratininig keskin koʻtarilganiga guvoh boʻldik. Joylarda 45 darajadan yuqori harorat kuzatildi.

Koʻpchilikni uzoq kelajak emas, yaqin kunlarda kutilayotgan oʻzgarishlar qiziqtirishi tabiiy. Keyingi yillarda oktyabr oyi ham ancha iliq kelgan. 2002-2003 yillarda ushbu oyda harorat +34-35 darajaga koʻtarilgan. Oyi oxirida harorat +31-32 darajani tashkil etgan. Oktyabr oyi uchun eng past harorat soʻnggi davrlarda 2016 yilda kuzatilgan boʻlib, havo harorati -2-4 daraja sovuqqacha tushib ketgan. Noyabr oyi 2010 yil juda quruq kelgan boʻlsa, 2011 yilda seryogʻin kelgan.

Nima qilmoq kerak?

Iqlim oʻzgarishlarining noxush oqibatlariga qarshi kurashish maqsadida Oʻzbekiston hukumati tomonidan xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlik faol yoʻlga qoʻyilgan. Oʻzbekiston yuqorida tilga olingan xalqaro shartnoma va bitimlarga qoʻshilgan. Jumladan, 2016 yil 19 aprel kuni Oʻzbekiston Parij bitimiga qoʻshildi.

Joylarda keyingi yillarda mintaqa mamlakatlari oʻrtasida oʻzaro hamkorlik muhitininig rivojlanishi, munosabatlarning iliqlashishi iqlim oʻzgarishlarini muvofiqlashtirishga ham ijobiy taʼsir qilishi mumkin. Xususan avgust oyida Turkmanistonda Orol muammosiga bagʻishlab oʻtkazilgan sammitda ham mintaqadagi davlat rahbarlari ana shu masalalarni keng muhokama qilib, zarur chora-tadbirlarni belgilab olishdi.

Biroq, bu masala faqat davlat idoralari, soha mutaxassislari zimmasidagi vazifa emas. Har bir inson global isish, iqlim oʻzgarishlarining oldini olishga qoʻlidan kelgancha hissa qoʻshishi shart. Ishlab chiqarish korxonalarida asosan qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish, imkon qadar ekologik toza transport vositalari (velosiped, elektromobil) xizmatidan foydalanish, yirik shahalarimizda avtomobilsiz kunlarni joriy etish, koʻp miqdorda yoqilgʻi sarflaydigan avtomashinalar uchun toʻlovlarni oshirish singari choralar ham maʼlum maʼnoda iqlim oʻzgarishlarini cheklashga yordam berishi mumkin.

Hududlarda, ayniqsa shahar joylarida daraxtzorlarni yanada koʻpaytirish, daraxtlarning asossiz kesilishiga yoʻl qoʻymaslik kerak. Zotan, tabiiy boyliklarimizga ehtiyotkorona munosabatda boʻlsak, suv, gaz, elektr energiyasining ortiqcha sarfiga yoʻl qoʻymasak, oʻzimiz yashayotgan hudud, hovli yoki koʻchaning toza va ozodaligiga eʼtibor qaratsak, nur ustiga nur boʻlur edi.

Manba: darakchi.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Iqlim oʻzgarishlari Oʻzbekistonga qanday taʼsir qilmoqda?