10:17 / 07.10.2018
4 454

Fransiya Oʻzbekistonga ilk sunʼiy yoʻldoshga ega boʻlishda koʻmaklashishi mumkin

Fransiya Oʻzbekistonga ilk sunʼiy yoʻldoshga ega boʻlishda koʻmaklashishi mumkin
Oʻzbekiston sunʼiy yoʻldosh yaratish boʻyicha Fransiya bilan hamkorlik aloqalarini oʻrnatmoqchi, deb yozmoqda Turon24. Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9 oktyabr kuni Fransiya rahbari bilan uchrashuvi chogʻida ushbu masalani ham koʻrib chiqadi.

Agar ushbu kelishuv amalga oshsa, bu oʻzbek va fransuz rasmiylari tomonidan oʻtkazilgan bir necha oylik muzokaralarning eng yuqori choʻqqisi boʻladi. Oʻz navbatida, Markaziy Osiyoda uzoq vaqt qolib ketgan Rossiya sunʼiy yoʻldoshlari yakkahokimligiga ham barham beriladi.

Oʻzbekiston bir necha oydan beri fransuz sunʼiy yoʻldosh kompaniyasi – “Thales Alenia Space” bilan hamkorlik masalalarini muhokama qilib keladi. Xususan, Oʻzbekiston Senati raisi oʻrinbosari Sodiq Safoyev va “Thales Alenia Space” kompaniyasi vitse-prezidenti fazoviy tadqiqotlar va sunʼiy yoʻldosh yaratish boʻyicha muzokaralar olib borgan.

Shuningdek, “Thales Alenia Space” Oʻzbekistonda oʻz vakolatxonasini ochishi kutilyapti. Kompaniya Oʻzbekiston bilan bir necha yirik loyihalarni amalga oshirishi, jumladan, Yerni kuzatuvchi sunʼiy yoʻldosh qurishi koʻzda tutilgan.

“Thales Group” Yevropadagi xalqaro fazo va mudofaa kompaniyalari aeronavtika, fazo, kiberxavfsizlik kabi sohalarda yetakchi hisoblanadi. Uning 56 mamlakatda yoʻldoshlari boʻlib, tovar aylanmasi hajmi taxminan 18,45 mlrd dollarni tashkil qiladi.

Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning taklifiga binoan joriy yilning 8-9 oktyabr kunlari rasmiy tashrif bilan Fransiyada boʻladi. Tashrif davomida davlat rahbarlari oʻrtasida muzokaralar, Fransiya parlamenti rahbariyati, yetakchi kompaniyalari va moliya institutlari vakillari bilan uchrashuvlar oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Fransiya Oʻzbekistonga ilk sunʼiy yoʻldoshga ega boʻlishda koʻmaklashishi mumkin