date
views 3 621

Saida Mirziyoyeva bugunning kechiktirib bo‘lmas vazifalarini sanadi

Saida Mirziyoyeva bugunning kechiktirib bo‘lmas vazifalarini sanadi
Foto: «O‘zA»
Prezident Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoyeva Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida O‘zbekistonning chet ellarda ijobiy imijini shakllantirishga, shuningdek, agentlikning davlat organlari axborot xizmatlari faoliyatini muvofiqlashtirishga mas’ul etib tayinlanganiga ko‘p vaqt bo‘lgani yo‘q.

Bu orada u davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan 5 ta tashabbus bo‘yicha, maktablarda aholini qiynayotgan muammolar va ularing yechimi borasida, davlat organlari matbuot xizmatlari faoliyati haqida va boshqa qator masalalarda o‘z nuqtai nazarini bayon etishga ulgurdi.

Ammo, Saida Mirziyoyevaning bugun, 28 may kuni Toshkentdagi «Hyatt Regency» mehmonxonasida tashkil etilgan tadbirdagi chiqishi uning o‘z vazifasiga jiddiy kirishganini yaqqolroq ko‘rsatib berdi.

AOKA direktori o‘rinbosari axborot xizmatlari faoliyati samaradorligini oshirishga oid yangi huquqiy hujjatlarni qabul qilishni davrning o‘zi oldimizga qo‘yayotganini ta’kidlab, bu borada quyidagi kechiktirib bo‘lmas vazifalarni amalga oshirishni maqsadga muvofiq deb bildirdi.

Yagona davlat axborot siyosati to‘g‘risida konsepsiya qabul qilinadi

Davlat organlarining axborot siyosati sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasida yagona davlat axborot siyosati to‘g‘risida Konsepsiyasini qabul qilish zaruriyati tobora oshib bormoqda.

Ushbu huquqiy hujjat vazirlik va idoralarning axborot sohasidagi faoliyatining aniq yo‘nalish, vazifa va vakolatlari hamda majburiyatlarini belgilab beradi.

Matbuot kotibi maqomi davlat organi rahbarining maslahatchisi darajasiga ko‘tariladi

«Davlat hokimiyati va boshqaruvi, xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda boshqa tashkilotlarning jamoatchilik bilan aloqalarini tubdan takomillashtirish hamda axborot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish chora- tadbirlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorini qabul qilish taklifi ilgari surilmoqda.

Ushbu qaror loyihasi ishlab chiqilgan va hozirgi vaqtda keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan. Unda ilk bor axborot xizmatlarining asosiy vazifalari, vakolatlari, majburiyatlari, matbuot kotiblarining tashkilotdagi o‘rni va maqomi, moddiy-texnik va moliyaviy ta’minoti, shart-sharoitlari, malaka oshirshi imkoniyatlari tubdan yaxshilanib, huquqiy kafolatlari bayon etilgan.

Jumladan, axborot xizmati rahbarining maqomini oshirish, uni davlat organi rahbarining maslahatchisiga aylantirish, ish haqi, transport va tibbiy xizmat ko‘rsatish masalasi bo‘yicha rahbar o‘rinbosariga tenglashtirish taklif etilmoqda.

O‘zbekistonning imiji va nufuzini oshirish bo‘yicha yangi mexanizm

O‘zbekistonning imiji va nufuzini xalqaro maydonda oshirish bo‘yicha mutlaqo yangi mexanizm yaratish, ya’ni respublikamizning chet eldagi elchixonalari va diplomatik vakolatxonalarida mavjud press-attashe lavozimlarini axborot ishi bo‘yicha maslahatchi lavozimiga o‘zgartirish haqida taklif kiritilgan.

Loyihada axborot xizmatining vazifalari aniqlashtirilgan. Bunda veb-saytni yuritish, ommaviy axborot vositalari uchun tadbirlar tashkil etish kabi umumiy vazifalar qatoriga tashkilotlar imidjini shakllantirish va rivojlantirish, davlat organlari haqida jamoatchilik fikrini o‘rganish, ijtimoiy so‘rovlar o‘tkazish kiritilmoqda.

Bundan tashqari, ommaviy axborot vositalari va internet tarmog‘ida e’lon qilingan hamda aholining keng muhokamasiga sabab bo‘layotgan chiqishlarga tezkor munosabat bildirish kabi vazifa va yo‘nalishlar qo‘shilmoqda.

Axborot xizmatlaridagi xodimlar soni oshiriladi

Axborot xizmatlari davlat organlari va boshqa tashkilotlarning markaziy apparati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarida kamida to‘rt nafar, davlat organlari va boshqa tashkilotlarning bo‘ysunuvidagi tashkilotlar va hududiy boshqarmalari, tuman-shahar hokimliklarida kamida ikki nafar xodimdan iborat tarkibda tashkil etilishi belgilanyapti.

Shuningdek, keyinchalik davlat mukofotlariga tavsiya qilish, taqdirlash va rag‘batlantirish maqsadida axborot xizmatlari faoliyati samaradorligini baholash mezonlari va reyting tizimi ham ishlab chiqiladi.

Jurnalistika universitetida yangi fakultet ochiladi

O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha yangi fakultet hamda matbuot kotibi tayyorlash bo‘yicha magistratura yo‘nalishini tashkil etish rejalashtirilmoqda.

Axborot xizmatlari rahbarlari va xodimlari malakasini muntazam oshirib borish, ularga sohaning zamonaviy tendensiyalari va bilimlarini yetkazib berish maqsadida Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida har ikki yilda kamida bir marotaba malaka oshirish kursi tashkil etish ko‘zda tutilgan.

«Ushbu ishlarning ijrosi ochiq va adolatli demokratik jamiyatda aholining axborot maydonidagi faolligini, siyosiy va huquqiy bilimlarini oshirishga xizmat qiladi. Ushbu qaror loyihasini yanada takomillashtirish bo‘yicha o‘z fikr-mulohaza va amaliy takliflaringizni bildirishingizni so‘rar edim», — dedi ma’ruzasi yakunida Saida Mirziyoyeva.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Saida Mirziyoyeva bugunning kechiktirib bo‘lmas vazifalarini sanadi