date
views 3 417

Nelar topdik, nelar yo‘qotdik?

Nelar topdik, nelar yo‘qotdik?
Ona tilim - oltin sandig‘im

O‘zbek tilining chinakam boyligi va qudrati rosmana o‘rganilmagan. Tilimiz dunyoning eng zangin va rangin tillaridan biridir. Negaki, u buyuk turk tili negizida tarkib topgan, arab, fors tillarining boy xazinasini keng miqyosda istifoda etgan, xalqaro atamalardan bahramand bo‘lgan, dunyo tillaridan so‘zlar olib boyigan tildir.

O‘zbek tili kabi so‘z yasash imkoniyati keng, shevalarga va sinonimlarga ― ma’nodosh so‘zlarga boy til ham dunyoda kam. Lekin afsuski, keyingi yetmish yil ichida “Devonu lug‘otit turk”da ulug‘langan, “Muhokamat ul-lug‘atayn”da tavsiflangan tilimiz boyish o‘rniga kambag‘allashdi.

Tilshunoslikda “arabizm”, “forsizm”ga qarshi, adabiyotda “saroy tili”, “kibor tili”ga qarshi avj oldirilgan kurash, yo‘qsil tili yo‘qsilcha degandek, oxir-oqibat keng xalq ommasini Navoiy va Fuzuliydan, Ogahiy va Mashrabdan uzoqlashtirdi. Ularni o‘qib tushunmaslik darajasiga yetib keldik. Esimda bor, oltmishinchi yillarda yozgan ko‘pgina g‘azallarim muharrirlardan bir sababu bahona bilan qaytardi: tili murakkab, qiyin, xalq tushunmaydi. Matbuot xodimlarining o‘ziga xos “mantiqi” ko‘pincha shunday bo‘lar edi: adabiyotchi bo‘laturib menki tushunmasam, oddiy ishchi-dehqon qanday tushunsin?

Aslida tuvakda o‘sgan gul kabi o‘z idorasidan tashqarini bilmagan, xalq turmushidan uzoq bo‘lib qolgan o‘sha muharrirdan ko‘ra oddiy ishchi-dehqon so‘zga boyroq, zukkoroq, fahmliroq bo‘lgan. Lekin proletar mafkurasining dastyorlari o‘z g‘oyalarini og‘ishmay amalga oshirdilar. Mana shu g‘oya bilan mumtoz shoirlarimiz qo‘llagan so‘zlar adabiy tilimizdan bir-bir chiqib ketdi, tilimiz bir inson umri davomida batamom “ishchi -dehqon tili”ga aylanib bo‘ldi.

Bu-ku sho‘ro siyosatining oqibati edi. Tarixiy qadriyatlarni tiklash davlat siyosatiga aylangan bugungi kunda ham o‘sha faqirona dunyoqarashning mavjudligiga nima deysiz? Hali-hamon tilimizga kiraboshlagan ”bekat”, “tayyora”, “tuman” kabi so‘zlarni kulgi qilib, “ostanovka”, “samolyot”, “rayon” deyishga xalq o‘rgangan, yangi so‘z topishning nima keragi bor, deguvchilar kammi?

Agar bunday dunyoqarash o‘tgan asr boshida yashagan ma’rifatparvar jadidlar orasida ham hukmron bo‘lganda, bugun bir gazetamizning nomi “Qishloq pravdasi”, bir jurnalimiz “Jahon literaturasi”, bir jamiyatimiz nomi “Kultura va prosvesheniye” bo‘lar edi. Bir vaqtlar Chingiz Aytmatov qirg‘iz tilida “haqiqat” degan so‘zning yo‘qligini aytib faryod qilgan edi. Mustay Karim gazetalarning birida bosilgan maqola sarlavhasini aytib davrani kuldirgan edi: “Sovetlar Rossiyasinda krestyanlar polojeniyesi”!!

Kulgili sarlavha. Lekin boshqalardan kulmaylik-da, o‘z tilimizga e’tibor beraylik. Hammamiz ham rus so‘zlarini aralashtirmasdan gapiramizmi?

Bir zamonlar Farg‘onaning yo‘llarida bir guruh yosh yozuvchilar shu mavzuda bahslashib qoldik. Men bir o‘yin taklif qildim: kim gapida rus so‘zini ishlatsa, bir so‘m shtraf to‘lasin. (O‘sha vaqtda bir so‘m ham pul edi) Odatda garov o‘ynashni yaxshi ko‘radigan O‘tkir Hoshimovga taklifim yoqib tushdi va dabdurustdan: ― Davay, o‘ynaymiz! ― deb yubordi. “Qani, davay uchun bir so‘m shtraf” — dedim men hazillashib. Avval siz to‘lab qo‘ying, dedi O‘tkir, — shtraf emas, jarima deyish kerak edi. Shunday qilib Farg‘onaga yetgunimizcha bir ziyofatning puli yig‘ildi.

Tayyorada to‘qilgan she’r:
Parvoz chog‘i tayyoraning dilbar kelini
Ko‘k yuzini bizga taxti Sulaymon qildi.
Lekin e’lon o‘qiganda o‘zbek tilini
Davlat tili bo‘lganiga pushaymon qildi.


O‘zbek tilining bugungi darajasi, turkiy tillar ichida tutgan mavqei uchun biz ko‘p jihatdan o‘tgan asr boshida yashagan jadid ziyolilardan minnatdor bo‘lishimiz kerak. Ular o‘zbek tilining so‘z yasash imkoniyatlaridan dadil va mohirona foydalandilar, xalqda milliy g‘ypyp, ona tiliga hurmat tuyg‘usini tarbiya qildilar. Hali ruslashtirish siyosati avjiga chiqmasdan ilgari yuzlab, minglab ruscha va baynalmilal so‘zlarni o‘zbekchalashtirib ulgurdilar. Birgina tilshunoslik bilan bog‘liq atamalar qancha! “Ot”, (“atokli va turdosh ot”), “Sifat”, (“sifatdosh”), “Son” (“Sanoq son”, “tartib son”), “Olmosh” (“Kishilik olmoshi”, “ko‘rsatkich olmosh”), “Ravish” (Ravishdosh), “Kelishik qo‘shimchalari” (Bosh kelishik, qaratqich, tushum kelishiklari)...

O‘quv qo‘llanmalarini eslang: siyohdon, o‘chirg‘ich, chizg‘ich, bir chiziq daftar, katak daftar, qalamdon, jilt, bo‘r va hakozo. Axir yuqorida keltirilgan so‘zlarning ham baynalmilal yoki ruscha nomlari bo‘lgan. Tayyor so‘zlarni qabul qilsalar oson edi, bosh og‘rig‘i kam bo‘lardi. Biz bugun gapning egasi va kesimi, deyish o‘rniga predlojeniyening podlejashcheyesi va skazuyemoyesi, deb yurgan bo‘lardik. Lekin o‘sha zamon ziyolilarining ijodiy jasorati bois biz bugun shunday boy mulkka egamiz. O‘sha atamalar allaqachon ongimizga joylashib, o‘zimizniki bo‘lib ketganki, biz ularni kimdir izlab topganini, yaratganini, bahsu munozaralar bilan qabul kilinganini o‘ylamaymiz ham. Vaholanki, tilga bir yangi so‘zning kirishi yengil jarayon emas.

Erkin VOHIDOV,
O‘zbekiston xalq shoiri
"So‘z latofati" kitobidan
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Nelar topdik, nelar yo‘qotdik?