15:56 / 18.05.2020
3 072

Xoinlikda ayblangan millat. 18 may – Qrim tatarlari deportatsiyasi kuni

Xoinlikda ayblangan millat. 18 may – Qrim tatarlari deportatsiyasi kuni
Tarixdan ma’lumki, ba’zi xalqlar geosiyosiy sabablar tufayli bir tuzum, hukumat tomonidan majburan yashab turgan joyidan surgun qilib kelindi. Ana shunday geosiyosiy maqsad asosida majburan surgun qilingan xalqlardan biri Qrim tatarlaridir. 18 may kuni Stalin buyrug‘i bilan Qrim tatarlarining o‘z yashab turgan joylaridan deportatsiya qilinganiga 76 yil to‘ldi. «Daryo» sana haqida hikoya qiladi.

Surgunlik

1944 yil may oyida Ikkinchi jahon urushi qizg‘in pallaga kirgan payt Stalin Qrim yarimorolida yashayotgan Qrim tatarlarini go‘yo fashistlar bilan hamkorlik qilgani uchun Markaziy Osiyoning O‘zbekiston, Qozog‘iston va Tojikistonning O‘zbekistonga yaqin hududlariga ko‘chirish haqida qaror qabul qiladi. Asosiy qism O‘zbekistonga jo‘natilgan bo‘lsa-da, yana kichik guruhlar Mari ASSR va sovet Rossiyasining boshqa hududlariga deportatsiya qilib yuboriladi. Deportatsiya jarayoni 1944 yilning 18–20 may kunlari bo‘lib o‘tadi. (Bugay N. Deportatsiya narodov / Voyna i obshchestvo. 1941–1945. Kn. II. M.: Nauka, 2004).

Operatsiya 18 may kuni erta tongda boshlanib, 20 may kuni 16:00 da nihoyasiga yetdi. Operatsiyani amalga oshirishga 32 mingta NKVD xodimi jalb etildi. Odamlarning tayyorgarlik ko‘rishlariga bir necha daqiqagina ruxsat berildi. Odamlarga shaxsiy buyumlar, kiyim-kechak, ro‘zg‘or buyumlari va oziq-ovqatdan iborat 500 kilogrammcha yuk olishga ruxsat berilgan bo‘lsa-da, ammo amalda juda kam narsalar olingan. Odamlar uylaridan yuk mashinalarida vokzalga olib borilib, u yerdan hayvonlarni tashishga mo‘ljallangan vagonlarda O‘zbekistonga jo‘natilgan. Qarshilik qilganlar yoki ketishga imkoni yo‘qlar otib tashlangan (Deportatsiya krimskiy tatar 18 maya 1944-goda. Kak eto bilo (vospominaniya deportirovannix). Sostavitel: Refat Kurtiyev. Simferopol, Odjak, 2004).

Deportatsiya qilinganlarni tashib ketish uchun 70 ta eshelon ajratildi. 19 may kuni Qrimda deyarli birorta Qrim-tatar qolmadi. NKVD ma’lumotlariga ko‘ra, jami 193 865 qrim-tatarlar deportatsiya qilingan. Ulardan 151 136 nafari O‘zbekistonga, 8 597 nafari Mari ASSRga, 4 286 nafari Qozog‘istonga deportatsiya qilingan bo‘lsa, qolgan qismi Molotov (10 555), Kemerovo (6 743), Gorkiy (5 095), Sverdlov (3 594), Ivanov (2 800), Yaroslavl (1 059) oblastlariga majburiy ishlarda ishlatish uchun olib ketilgan (Rossiya davlat arxivi, f.9479, op.1, d.187, l.1.).

Yo‘lda sakkiz mingdan ortiq kishi vafot etgani manbalarda qayd etilgan. Ochlik, suvsizlik va kasallik o‘limlarning asosiy sabablari bo‘lgan bo‘lsa-da, rasmiylar o‘lim sababini qarilikdan deb hisoblaydi. Beriyaga berilgan rasmiy xabarda vafot etganlar 191 kishi ekani ko‘rsatilgan (Telegramma № 1476, 8 iyunya 1944, 13 chasov 00 min L. Berii iz Tashkenta ot Babadjanova. GARF, f.9479, op.1s, d.179, l.241). Yo‘ldagi sharoitlar haqida voqea guvohlarining so‘zlariga quloq tutsak:

‘Har kuni tongda salom o‘rniga haqorat va bitta savol: o‘liklar bormi? Odamlar o‘liklarga yopishib oladi, yig‘laydi, bermaydi. Askarlar kattalarning jasadlarini eshikdan, bolalarnikini derazadan uloqtirishadi…’

‘Tibbiy yordam yo‘q edi. O‘liklarni bekatlarda qoldirishardi, dafn etishga qo‘yishmasdi’.

‘Tibbiy yordam haqida gap ham bo‘lishi mumkin emasdi. Odamlar suvni hovuzlardan ichishar va zaxira uchun olishardi. Suvni qaynatishga imkoniyat yo‘q edi. Odamlar dizenteriya, ich qotishi, bezgak, qoraqo‘tir, bitlar bilan kasallanishni boshladi. Havo issiq edi, doimiy chanqoq qiynardi. Marhumlarni yo‘lda qoldirishdi, ularni hech kim ko‘mmadi’

(Deportatsiya qrimskiy tatar 18 maya 1944-goda. Kak eto bilo (vospominaniya deportirovannix). Sostavitel: Refat Kurtiyev. Simferopol, Odjak, 2004).


Deportatsiya qilinganlar hududlarda juda og‘ir sharoitlarda yashashga majburlandi. Mahalliy aholiga esa ularga nisbatan nafrat uyg‘otuvchi tashviqotlar qilindi. Shu sababdan deyarli hech kim ularga yaqinlashmasdi. Deportatsiya qilinganlardan ko‘pchilik Bekoboddagi Farhod GESi qurilishida, Samarqanddagi «Qo‘ytosh», «Toshkent-Stalinko‘mir» konlarida, Toshkent, Samarqand, Andijon, Shahrisabzdagi kolxozlarda ishlashga jalb etildi. Yashash sharoitiga ega bo‘lmagan baraklarda yashadi. Ular «Qo‘ytosh»da ochiq osmon ostida qolib ketdi.

Surgunlik sabablari

SSSR rasmiylari Qrim tatarlarining ommaviy deportatsiya qilinish sababi sifatida ularning nemislar bilan hamkorlik qilgani va ular safida jang qilganini keltiradi. Haqiqatan ham ular nemislar safida jang qilgan edimi? Tarixchi Jonatan Otto Pol 9 mingdan 20 minggacha Qrim tatarlari antisovet guruhlarda faoliyat yuritganini qayd etgan. Ayrimlar o‘z qishloqlarini ukrain millatchilaridan muhofaza qilishni istagan bo‘lsa, qolganlari fashistlar tomonidan asirga olingan va asirlikdagi hayotlarining yaxshilanishiga erishish maqsadida nemislar safiga qo‘shilgan. Qizil armiya saflarida 15 foiz Qrim-tatar erkaklari jang qilgan. Surgun paytida ular armiyadan chaqirilib Sibir va Uralga majburiy mehnatga jalb etilgan.

Ana endi ushbu sabab va bahonalar ortida yotgan maqsadlarga to‘xtalsak. Buning tarixi uzoqroqdan boshlanadi. Qora dengizda joylashgan bu hudud Oltin O‘rda tarkibida bo‘lgan. Oltin O‘rda parchalanib ketgach, yarimorolda Qrim xonligi vujudga keladi. Mamlakat aholisi asosan turkiy tilli musulmon xalq edi. XVIII asrda Usmonli imperiyasi nazoratiga o‘tgan Qrim 1783 yilda Rossiya tomonidan bosib olindi. Qrim tatarlarining hududni tark etishi ana shundan keyin boshlandi. Ko‘pchilik tatarlar Usmonli imperiyasiga ko‘chib ketdi.

1853–1856 yilgi Qrim urushi navbatdagi ommaviy emigratsiyaga sabab bo‘ldi. Shunday qilib oxirgi ikki yuz yillikda tatarlar Qrimda etnik ozchilik vakillari sifatida qoldi. Hudud to‘liq ruslashtirish siyosati girdobida qoldi. Bu siyosat sovet davrida ham davom etdi. Ko‘chib ketgan va deportatsiya qilingan Qrim-tatarlar o‘rniga rus, ukrain va boshqa slavyan xalqlar joylashtirildi. 1921 yilda Qrim SSSR tarkibida avtonom maqomga ega bo‘ldi. Ammo 20 yillardagi kollektivlashtirish siyosati katta ocharchilik keltirib chiqardi.

Shu yillari yuz mingga yaqin qrimlik halok bo‘ldi, hosil esa SSSRning boshqa muhimroq hududlariga tashib ketildi (Olson, James Stuart; Pappas, Lee Brigance; Pappas, Nicholas Charles. An Ethnohistorical Dictionary of the Russian and Soviet Empires. — Westport, Conn.: Greenwood Publishing Group, 1994. P185). Ba’zi manbalarda keltirilishicha, halok bo‘lgan har to‘rt marhumdan uchtasi Qrim tatarlaridan bo‘lgan. Demak, deportatsiyaning yashirin maqsadlaridan biri bu hududni ruslashtirish.

Deportatsiyaning geosiyosiy sabablaridan biri Turkiya bilan munosabatlar. Ikkinchi jahon urushida Turkiya betaraf qolgan edi va shu bilan birga Germaniya bilan «o‘zaro hujum qilmaslik» to‘g‘risida bitim ham tuzilgandi. Ammo Sovet hukumati bu «betaraflik»ni dushmanona deb hisobladi. Chunki SSSRning janubi-g‘arbiy chegaralari asosan turkiy tilli va musulmon xalqlardan iborat edi va bu hududlar, jumladan, Qrim ham tarixan Turkiya bilan bog‘liq edi. Stalin uchun Qrim Turkiya bilan yuz berishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy qarama-qarshilikda «sotqin va xoinlar»dan qutulish maqsadida edi. (Bugayev A.M. Pochemu Stalin viselyal narodi? // Izvestiya vuzov. — 2009. — № 3a. — S. 88—91.)

Yana shuni ham qayd etish kerakki, janubiy va shimoliy Kavkazda istiqomat qiluvchi boshqa xalqlar, chechenlar, ingushlar, qorachoylar va bolqorlar ham aynan mana shunday geopolitik sabablar tufayli urush yillari o‘z yashab turgan hududlaridan deportatsiya qilingan. Shuningdek, o‘sha paytlarda mazkur hududlarda istiqomat qiluvchi noslavyan millat vakillariga nisbatan yuqori ishonchsizlik ham Sovet ma’murlarini majburiy deportatsiyaga undagan sabablardan biridir.

Qrim tatarlarining ommaviy deportatsiyasining yana bir sababi sifatida ba’zi manbalar u yerning yahudiylar uchun bo‘shatish lozim bo‘lgani bilan izohlaydi. XX asrning 20 yillarida yahudiylar ommaviy ravishda Qrimga ko‘chib kela boshlaydi va o‘sha paytda Qrim Yahudiy avtonomiyasi tuzilishi haqida fikrlar paydo bo‘la boshlaydi. 1939 yilgi aholini ro‘yxatga olish natijalari shuni ko‘rsatadiki, 1926 yilda Qrimdagi yahudiy millatiga mansub fuqarolar 16 593 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, 1939 yilga kelib bu ko‘rsatgich 65 452 kishiga yetadi. Yahudiy koloniyalari Ukraina janubida va Qrimning shimoliy qismida tashki etiladi.

Surgun natijalari va Qrim tatarlari reabilitatsiyasi

Qrim tatarlari surguni natijasida dastlabki uch yilda surgun qilinganlarning 20 foizdan 46 foizigacha ochlik, kasallik, qashshoqlikdan qirilib ketdi. Surgunning ilk yilida 16 yoshdan kichik bo‘lgan bolalar vafot etganlarning yarmini tashkil qilgan.

Tatarlar surgunidan keyin Qrimdan greklar, bolgarlar va nemislar 1945 yil iyunida ko‘chirib yuborildi va Qrim avtonomiyasi tugatildi ham RSFSR tarkibidagi viloyatga aylanib qoldi. Asosan Qrim tatarlari istiqomat qiladigan janubiy hududlar bo‘shab qoldi. Hukumat u yerlarga ruslar va ukrainlarni ko‘chirib olib keldi. Sovet hukumati tatarlar obidalarini buzib tashladi, qo‘lyozmalar va kitoblarini yoqdi, masjidlar esa do‘kon va kinoteatrlarga aylantirildi.

1944 yildan to 1989 yilgacha birorta qrim tatarlarga o‘z vatanlariga qaytishga ruxsat berilmagan. Ular yashab kelayotgan maxsus lagerlarda sharoit 50 yillar ikkinchi yarmidan boshlab yaxshilangan bo‘lsa-da, ularning vatanga xiyonatlari haqidagi ayblovlar olib tashlanmadi. O‘tgan asrning 50—60 yillarida ular o‘z vatanlariga qaytish uchun kurashdi, ammo bunga erisha olmadi. Sovet Ittifoqi arboblaridan biri Anastas Mikoyan Qrim tatarlarining o‘z vatanlariga qaytarilmaganining va Qrim-Tatar avtonom SSRning qayta tiklanmaslik sababini quyidagicha izohlaydi: «Qrim-tatar avtonom respublikasi tiklanmaganining asosiy sababi quyidagicha edi: uning hududida boshqa xalqlar istiqomat qilar va tatarlar qaytib kelganidan keyin ko‘p odamlar yana ko‘chirilishi kerak edi».

SSSR Oliy Kengashi Prezidiumining 1967 yil 5 sentabrdagi 493-sonli «Qrimda yashovchi tatar fuqarolari to‘g‘risida» gi qarori, «1944 yilda Qrimni fashistlar istilosidan ozod qilgandan so‘ng Qrimda yashovchi tatarlarning ma’lum bir qismining nemis bosqinchilari bilan faol hamkorlik qilish faktlari asossiz ravishda barcha Qrim aholisiga qarshi qo‘llanilgani tan olindi. 1989 yil 15 noyabrda SSSR Oliy Kengashi tomonidan Qrim tatarlari va boshqa xalqlarning deportatsiya qilinishi noqonuniy deb topildi va jinoyat deya baholandi.

Qrim tatarlarining ommaviy qaytishi SSSR Ministrlar Sovetining 1990 yil 11 iyuldagi 666-sonli qarori bilan boshlandi. Qaytish boshlangan dastlabki to‘rt yilda jami 250 ming kishi o‘z yurtiga qaytib keldi.

2014 yil 21 aprelda Qrim Rossiyaga qo‘shib olingandan so‘ng Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Qrim tatarlari va Stalin qatag‘onidan aziyat chekkan boshqa xalqlarni reabilitatsiya qilish to‘g‘risida qaror imzoladi. Ammo muammo bu bilan hal bo‘lib qolmadi. Ba’zi OAVlar va xalqaro tashkilotlarning xabar berishicha, Qrim Rossiya tarkibiga qo‘shib olinganidan so‘ng mahalliy tatarlarga nisbatan Rossiya hukumat doiralarining repressiyalari ortgan. Qrim Majlisi ekstremistik tashkilot deya ro‘yxatga olingan va bir qator majlis a’zolarining uylari tintuv qilingan.

Vasvi Abduraimovning so‘zlariga ko‘ra, Qrim tatarlarini reabilitatsiya qilish Rossiya Federatsiyasining «18.06.1991 yildagi siyosiy qatag‘on qurbonlari reabilitatsiyasi to‘g‘risida»gi 1761-1-sonli Rossiya qonunining huquqiy hujjatlariga asoslanishi kerak. Abduraimovning so‘zlariga ko‘ra, Qrim-tatarlar muammosi bilan bog‘liq deyarli barcha masalalarning yechimi Qrimda to‘sib qo‘yilgan.

Ba’zi mutaxassislar fikricha, qrim-tatar xalqining deportatsiyasi BMT normalariga muvofiq genotsid deb baholanishi mumkin. Shu sababli 2015 yilda Ukraina Oliy Radasi Qrim-tatar xalqining deportatsiyasini genotsid deb tan oldi va 18 mayni qrim-tatar xalqining genotsid qurbonlari xotirasini yod etish kuni etib belgiladi. 2019 yil 10 may kuni Latviya, 6 iyun kuni Litva mazkur deportatsiyani genotsid deb tan oldi.

Jahongir Oston tayyorladi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Xoinlikda ayblangan millat. 18 may – Qrim tatarlari deportatsiyasi kuni