
Toshkentda oxirgi kunlarda sezilarli yomonlashgan havo sifati atrofida muhokamalar kuchaydi. “O‘zgidromet” rahbari Sherzod Habibullayev vaziyatga oydinlik kiritib, nega havo ifloslanishi oshgani va qachon barqarorlashishi haqida ma’lumot berdi. Uning ta’kidlashicha, bir nechta tabiiy omil bir vaqtda to‘qnash kelib, muammoni yanada chuqurlashtirgan. Vazirlik kuzatuviga ko‘ra, holat 24 noyabrdan keyin bosqichma-bosqich yengillashadi.
Havoning keskin bulg‘inishiga asosiy ta’sir etgan omil — harorat inversiyasi. Ya’ni sovuq havo pastda yig‘ilib, iliq havo yuqori qatlamda qolib ketishi tufayli atmosfera qavatlari aralashmay qo‘ygan. Bunday sharoitda inson salomatligiga xavf soluvchi PM10 zarrachalari pastda jamlanib, ifloslanish darajasini oshirgan. Shunday holat har yili kuz-qish mavsumida Olmaota, Bishkek va Dushanbe kabi shaharlarda ham kuzatiladi.
Ikkinchi omil — yog‘ingarchilikning deyarli yo‘qligi. Noyabr davomida yomg‘ir tushmagani uchun havo tabiiy ravishda tozalanmadi, natijada chang va kuyik zarrachalari uzoq vaqt atmosferada saqlanib qoldi.
Uchinchi omil sifatida xushklik va tabiiy changning ortishi qayd etildi. O‘Zbekiston quruq iqlimga ega, vegetatsiya pasaygan, global isish kuchaygan — bu omillar chang miqdorining yil sayin o‘sishiga olib kelmoqda. Bu yil esa hatto shamolsiz kunlarda ham PM10 ko‘rsatkichlari me’yordan yuqori bo‘lib qolgan.
Habibullayev bu holat mavsumiy ekanini ta’kidlab, barcha jarayonlar kuzatuv ostida ekanini, zarurat bo‘lsa qo‘shimcha choralar ko‘rilishini bildirdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.