1 082
"Surxon"da umuman sharoit yo‘q edi. Rahbariyat o‘yinimizni emas, natijani tahlil qildi" – Anxel Lopes bilan ochiqchasiga suhbat
"Surxon" sobiq bosh murabbiyi Anxel Lopes bilan o‘z yurtiga ketish oldidan suhbat uyushtirdik.
Unda quyidagi mavzular qamrab olindi:
— "Surxon"dan ketish sababi;
— Coca Cola Superligasidagi iste’folar;
— Hamidjon Aktamovning kelishi;
— Hakamlarning kimgadir yon bosishi holatlari;
— Legionerlar limitining kamligi;
— O‘zbekistonning yetakchi jamoalarida o‘yin uslubi yo‘qligi;
— Top-murabbiy mavjud emasligi.
Quyida mazkur suhbatni batafsil o‘qishingiz mumkin.
- "Surxon"da yetarlicha muammolarga yo‘liqqan Anxel Lopesning bosh murabbiylikdan ketishi ham kutilgan, ham kutilmagan bo‘ldi. Garchi natijalar qoniqarsiz ko‘rinish olgan bo‘lsa-da, o‘yin borasida yaxshi taassurot qoldirayotgandi...
- "Surxon"dagi faoliyatim davomida o‘zim uchun katta tajriba orttirdim, deya olaman. Bu yerga ilk bor fevral oyida kelgandim. "Surxon" men uchun juda qiyin loyiha edi. Chunki jamoa hali hamon o‘z maydonida to‘p tepayotgani yo‘q. Bundan tashqari, men yangi mavsumga tayyorgarlikning yarmida jamoa boshqaruvini qo‘limga oldim. Jamoani o‘zim tayyorlaganim yo‘q. Shunga qaramay, biz o‘z uslubimizni yaratdik va juda yaxshi o‘yin ko‘rsatdik. Klub rahbarlarining meni iste’foga chiqarganini qabul qilishdan boshqa choram qolmadi. Lekin "Surxon" va O‘zbekiston haqida ijobiy xotiralarga ega bo‘ldim. Kelajakda yurtingizda yana faoliyat olib borish niyatim bor.
- Odatda katta-katta loyihalar, istiqbolli rejalar tuziladi. Biroq klublarimizda bu aksariyat hollarda oxiriga yetmaydi. Siz ham bu loyihaning bir qismi edingiz...
- Bitta kuchli loyihani amalga oshirishingiz uchun ma’lum vaqt zarur. 1-2 oyda barcha narsani o‘zgartirishning iloji yo‘q. Mening boshqaruvimda "Surxon" futbolchilari o‘sishga erishdi, deb o‘ylayman. Futbolchilar ham buni sezishdi. Bu men uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Futbolchilarning murabbiyga bo‘lgan munosabati iliq edi. Hattoki yetarlicha o‘yin amaliyotga ega bo‘lmagan futbolchilar bilan o‘zaro ziddiyatga bormadik. Agar futbolda o‘sishga erishmoqchi bo‘lsangiz, sizga barqarorlik va o‘zingizga nisbatan ishonch kerak. O‘yin tomonlama yomon to‘p tepmadik. Superligada qolishimizga ishonchim komil edi. Jamoamiz o‘tgan oyda AGMK, "Nasaf", "Navbahor"ga qarshi o‘yinlarda juda yaxshi harakat qildi. Bugundan boshlab "Surxon"da yangi davr boshlanadi.
- "Surxon"dagi sharoitlarni ko‘rib yevropalik murabbiy sifatida o‘zingizni boshqa olamga tushib qolgandek his qildingizmi?
- Men uchun juda qiyin davr edi. Fevral oyida klubga kelganimda jamoa uchun minimum sharoitlar yaratilgandi. Mavsum boshidan boshlab Termizda to‘p tepishni talab qildim. Loaqal Toshkentda shug‘ullanib, Termizda o‘yinlarimizni o‘tkazishimizni istardim. Buni ko‘p bor klub mutasaddilariga aytdim, chunki muxlislar daldasi juda zarur va kerakli omil sanaladi. Stadionda ta’mirlash ishlari olib borilayotgani uchun buning imkoni bo‘lmadi.
Statistikaga e’tibor berganda, jamoa o‘tgan mavsum 25 ochko to‘plagan. Shundan 20 ochko uydagi bahslarda qo‘lga kiritilganini ko‘rish mumkin. Faqatgina 5 ochko safarda ishlangan. Joriy mavsumda barcha o‘yinlarimizni safarda o‘tkazganimizni unutmaslik lozim. Bunday holat kamtargina "Surxon" uchun qiyinchilik tug‘dirishi tabiiy.
- Iste’foga faqat qoniqarsiz natijalar sabab bo‘ldimi?
- Mening klubdan ketishim faqat natijaga bog‘liq. Mavsumning dastlabki qismida 13 ochko to‘pladik. Ikkinchi davrada ham kamida shu ko‘rsatkichni qayd etishimizga ko‘zim yetardi. Ammo klub rahbarlari sabr qilishmadi. Ular faqat natijaga qarashdi, ko‘rsatayotgan o‘yinimizga emas.
- Bu bilan klub rahbariyati sizga nisbatan adolatsiz qaror qabul qildi, deb o‘ylaysizmi?
- Albatta, adolatdan emasdi. Yuqorida aytganimdek, ko‘rsatayotgan o‘yinimizni ko‘pchilik iliq baholamoqda. Jamoaning tarkibini men tanlamadim. Umuman sharoit yo‘q edi. Gapirishda davom etsam, gap ko‘p. Bizning oxirgi 3 ta o‘yindagi natijalarimizga qarab ishdan bo‘shatishdi. To‘g‘ri, biz mag‘lub bo‘ldik. O‘zbekiston Kubogida "Nasaf"ga qarshi bahsda raqibdan yaxshi o‘yin ko‘rsatdik. "Navbahor"ga yetarlicha muammo tug‘dira oldik. AGMKga qarshi o‘yinda raqib tarkibidagi futbolchilar bir bosh ustunligiga qaramay, biz yetarlicha bosh og‘riq bo‘ldik. Men jamoa o‘yinidan qoniqdim. Natijaga e’tibor bermadim. "Olimpik" bilan o‘yinda ketma-ket 2 ta qizil kartochka, penaltiga qaramay, o‘z uslubimizdan chekinganimiz yo‘q. Murabbiy sifatida o‘yinni doim tahlil qilaman. Klub mutasaddillari esa faqat natijani tahlil qilishdi. Hattoki mavsumning birinchi o‘yinidan bir kun avval bizda formamiz yo‘q edi.
- Hamidjon Aktamovning kelishi haqida...
- Uni bilmayman. Men uni faqat 2-3 kun ko‘rdim. Murabbiylik qilgan paytim hamma qarorlarni o‘zim qabul qilardim. Kimdir rejalarimga aralashishiga yo‘l qo‘ymasdim.
- Jamoalarda bir yilda 3-4 marta murabbiy o‘zgarmoqda...
- Stabillik bo‘lmasa, o‘sishga erishish qiyin. Agar bitta loyihani boshlasangiz, natija kelishiga ishonishingiz kerak. 1-2 ta mag‘lubiyat yoki g‘alabaga qarab, bunga baho bersangiz, albatta rejalaringiz o‘xshamaydi. Bundan tashqari, siz o‘zingiz olib kelgan murabbiyga ishonasizmi yoki yo‘qmi, bu ham hal qiladi. Bu – futbol. Baxtga qarshi ko‘p jamoalarda qiyin pallada murabbiyga ishonishda sabr yetishmaydi. G‘alabami yoki mag‘lubiyatmi, men uchun muhim emas. Odamiylik va professionallik jihatdan klub bizga ishonadimi yoki yo‘qmi, shu muhim.
- Sharoit yo‘qligi bilgansiz. Klub qanday va’dalar bergandi?
- Bizda juda katta muammolar bor edi. Stadion, klub qarorgohi va hokazo. Mashg‘ulot uchun ko‘p bor stadion o‘zgatirishimizga to‘g‘ri keldi. Toshkent bo‘ylab biz 4-5 marta mashg‘ulot maydonlarini o‘zgartirdik. Toshkent bizning uyimiz emas. O‘yinlarimiz va mashg‘ulotlarimiz uchun stadionlarni ijaraga oldik. Shunga qaramay, mavjud qiyinchiliklarga qarshi kurashishga tayyorlangandim. Har safar jamoamga qaraganimda futbolchilar menga ishonardi, qo‘llab-quvvatlardi. Mening ko‘rsatmalarimni so‘zsiz amalga oshirishgani uchun o‘zimda ishonch oshib borayotgandi.
- O‘zbekistonda hakamlarning qaysidir jamoaga yon bosishi kabi holatlarni sezmadingizmi?
- Agar o‘zbek futbolida sog‘lom raqobat yuzaga kelmasa, futbol hech qachon rivojlanmaydi. Xalqaro maydonga o‘z ta’sirini o‘tkazadi. Hakamlarni davlat miqyosida tekshirish kerak. O‘zbekistonda mentalitetni tushunish qiyin bo‘ldi. Osiyo davlatlaridan BAA va Xitoyda ishlaganman. Futbolchilarning yashash tarzi, ruhiyatini tushunib olishga vaqt kerak bo‘ldi. O‘zbekistonda 7 oydan beri istiqomat qilmoqdaman.
- "Surxon"ning ertasini qanday ko‘rmoqdasiz?
- Ular nima qilmoqchi ekanligini bilmayman. Nimalarni o‘zgartirmoqchi, keyingi murabbiy kimligini bilmayman. Shunchaki bu klubdagi faoliyatimni yakunladim. "Surxon" doim qalbimda qoladi. O‘zbekistonda futbol albatta rivojlanadi. O‘zbekiston terma jamoasi Osiyoda eng zo‘rlaridan biri bo‘lishi shubhasiz. Bundan tashqari, chempionatingiz sog‘lom muhitga boy tarzda o‘tadi.
- Termizliklar sizga ikkinchi bor taklif bilan chiqishsa, qanday munosabatda bo‘lasiz?
- Bu ular menga qanday taklif berishiga bog‘liq. Yetarlicha vaqt beradimi yoki yo‘qmi? "Surxon"da ishlash ajoyib bo‘ldi. Bu klubdagi faoliyatim oxirigacha muxlislar daldasini his qilib turdim.
- O‘zbek klublari ichida o‘zining aniq uslubi va o‘yin falsafasiga ega jamoani ko‘rsata olasizmi?
- Men klublar ichidan "Nasaf"ni ko‘rsataman. Ular boshqacha o‘yin namoyish qilishadi. "Nasaf"da barcha sharoitlar bor. Jamoa o‘yinini darvozabondan boshlaydi. Qolgan jamoalarni ko‘rib xayron qoldim, chunki top-klublarda ham aniq uslub yo‘q. AGMK, "Navbahor"ga o‘xshagan jamoalar bitta gol urib, himoyaga yotib oladi. Keyingi gol haqida o‘ylamaydi. Ularda "A" yoki "B" emas, faqat bitta reja bor. Futbolda jamoaning zaxira rejalari ham bo‘lishi kerak. O‘yindan kelib chiqib murabbiy jamoa o‘yinini o‘zgartira olishi darkor. O‘ylashimcha, bu yerdagi futbolchilarning darajasi yuqori. Murabbiylar haqida esa bunday deya olmayman.
- Boshqa klubda ish boshlagan taqdiringizda, uslubingizni saqlab qolasizmi?
- Men o‘z uslubimga ega murabbiyman. Menga ko‘proq o‘yinni boshqarish, to‘p bilan, tajovuzkor, hujumkor futbol ko‘rsatish yoqadi. Himoyaga yotib olmayman.
- O‘zbekiston terma jamoasining azaliy orzusi – Jahon chempionatiga chiqish. Sizningcha, dastlab rivojlanish muhimmi yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri mundial yo‘llanmasini maqsad qilish?
- O‘zbek futbolchilarining xalqaro tajribasi kengayishi zarur. Mahalliy futbolchilar ko‘proq xorijda to‘p tepishsin. Yaxshi saviyadagi chet ellik futbolchilar chempionatingizda o‘ynashi lozim. Mahalliy futbolchilarning darajasi oshadi. Futbol – bu jamoaviy sport turi. Agar sizning jamoadoshlaringiz kuchli bo‘lsa, siz ham o‘sishga erishasiz.
Hozirgi kunda o‘zbek futbolida "4+1" limiti bor. Buni 7-8 tagacha ko‘tarishni o‘ylab ko‘rilsa, yomon bo‘lmasdi. Buning natijasida mahalliy futbolchilar katta o‘sishga erishadilar. Mazkur jihat o‘sishning eng asosiy faktori. Ispan futbolini 1990 yildan beri bilaman. O‘sha paytlar faqat 3 ta futbolchiga ruxsat bor edi. Buning natijasida Ispaniya terma jamoasi past natijalar ko‘rsatdi. Bu limit olinishi natijasida Ispaniya terma jamoasi ancha yuqoriladi, Jahon, Yevropa chempionatlarida g‘olib chiqdi.
Xitoyda ishlaganimda 3 nafar legionerdan foydalanish imkoni berilgandi, keyin bu 2 taga tushdi. Ular bu harakati bilan mahalliy futbolchilarning darajasini keskin tushirib yuborishdi. Yurtingizda top-futbolchilar ko‘p. Jahon chempionatiga chiqa olmaslik yaxshi futbolchilar yo‘qligida emas, assotsiatsiya tomonidan to‘g‘ri ish olib borilmaganida.
- Kelajakdagi rejalaringiz...
- Men yangi chaqiruvlarga tayyorman. Agar O‘zbekistonda boshqa klubda faoliyatimni davom ettirsam ajoyib bo‘lardi. Bu yerning mentalitetini bilaman. Chempionat, raqiblardan xabardorman. Qaysidir ma’noda bu yer menga begona yurt hisoblanmaydi.
Abdulaziz Iskandarov suhbatlashdi
Uchqun Azimov tarjimasi
Uchqun Azimov tarjimasi
Intervyu1, O‘zbekiston MTJ1, Superliga1, O‘zbek futboli1, Anxel Lopes1, Surxon1 “Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Netanyaxuni hibsga olishga order berdi
Diniy qo‘mita Umra ziyoratini tashkil qilish uchun 12 ta turfirmaga litsenziya berdi
Qozog‘iston Ukraina atrofidagi vaziyat tufayli harbiy va fuqarolik obyektlari xavfsizligini kuchaytirdi
Xonanda Ruxshona uylanmagan yigitga turmushga chiqqani haqida so‘zlab berdi
22 noyabr kuni Cobalt avtomobiliga shartnoma ochilishi e’lon qilindi
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Ramzan Qodirov G‘arb davlatlariga hujum qilishga chaqirdi: “Haqiqiy urush qandayligini his qilishsin”
Kreml saroyida O‘zbekiston yulduzlari konserti qanday o‘tdi?