Surxondaryoda 4 nafar shaxs 32 yoshli erkakni kaltaklab, uning oʻlimiga sabab boʻldi

Surxondaryo viloyatining Denov shahrida 32 yoshli erkak bir guruh shaxslar tomonidan kaltaklanib, hayotdan koʻz yumdi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 27 aprel kuni soat 17:50 atrofida Denov shahri “Bogʻishamol” mahallasi hududida joylashgan avtotransport yuvish nuqtasi oldida 1970 yilda tugʻilgan A.U. hamda uning oʻgʻli 1994 yilda tugʻilgan A.A. bilan, pul masalasi yuzasidan avvaldan kelishmovchilikda boʻlgan jiyani 1989 yilda tugʻilgan Q.Sh. va uning sheriklari — 1996 yilda tugʻilgan T.Sh., 1997 yilda tugʻilgan X.Sh. hamda 1996 yilda tugʻilgan T.Sh.lar oʻrtasida janjal kelib chiqqan. Oqibatda ular A.A.ni urib, turli darajadagi tan jarohatlari yetkazib, soʻngra uni Gentra rusumli avtomashinada voqea joyidan olib ketishgan.
Shu kuniyoq jabrlanuvchi Denov tuman tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan. Biroq u olgan ogʻir, hayot uchun xavfli tan jarohatlari sabab, koʻrsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan, 28 aprelga oʻtar kechasi vafot etgan.
Dastlab mazkur holat yuzasidan Denov tuman IIB tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi (qasddan badanga oʻrtacha ogʻir shikast yetkazish) 2-qismi “k” va “ye” bandlari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, toʻrt nafar ishtirokchi protsessual tartibda hibsga olingan. Keyinchalik jinoyat ishi ushbu moddaning 3-qismi “d” bandiga qayta tasniflangan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!