Superliganing 15-turi doirasidagi "Bunyodkor" - OKMK uchrashuvidan so‘ng mezbonlar bosh murabbiyi Aleksandr Krestinin matbuot anjumanida qatnashdi.
O‘yin haqida
- O‘yin oxirida mag‘lubiyatdan qutilib qoldik. Bu yaxshi, umuman olganda o‘yinning boshi va oxiridagi 20 daqiqada o‘ynadik. Realizatsiya masalasi muammo bo‘ldi, ishlashda davom etamiz.
- Bugungi o‘yinda oldingi uchrashuvga qaraganda kombinatsion o‘yin, hujumlar biroz o‘xshadi. Biroq, vaziyatni yakunlashda muammo kuzatildi. Bu hujumchilar bilan bog‘liqmi yoki hujum tashkil qilish bilanmi?
- Bu juda katta mavzu. Ikkalasi ham. Pozitsion hujum bu eng qiyini. Jamoa bunga qadar juda kam bunday uslubni qo‘llagan. Vaziyatlarni yakunlashda ham muammolar bor. Uch marta ustunni mo‘ljalga oldik. Shulardan bittasi gol bo‘lishi mumkin edi.
- Farhod O‘tkirov va Umidbek Sultonov bugun yaxshi taassurot qoldirishdi. Ular yaqin kelajakda asosiy tarkibda maydonga tushishlari mumkin bo‘ladimi?
- Tushunmadim, ular sizga pul to‘lashadimi? O‘tgan safar Mahamadjonov haqida so‘ragandingiz. Biz siz bilan o‘yinni tahlil qilib chiqmaymiz, lekin siz shu kabi so‘zlar bilan yosh futbolchilarning faoliyatiga zarar yetkazib qo‘yishingiz mumkin. Bugungi o‘yinda Sultonov qanday ijobiy harakatlarni amalga oshirdi, ayta olasizmi?
- Birinchi bo‘limda yaxshi harakatlandi, qanotlarga yaxshi uzatmalar berdi...
- Biz menimcha ikki xil futbol ko‘rdik. U bitta jarima zarbasi ishladi va ikki marta to‘pni saqlashga o‘ynadi. Siz buni yaxshi deb hisoblaysizmi? Men unday o‘ylamayman. O‘tkirov esa ha, juda yaxshi harakat qildi. Hujumda ham, himoyada ham. Bu masalada savol yo‘q. Umidbek bugun yomon o‘ynadi demayman, u shunchaki o‘z imkoniyatlaridan pastroq futbol ko‘rsatdi. Sultonov umidli futbolchi, lekin uni yaxshi yoki yomon toifaga bo‘lishning hozir iloji yo‘q. U hali to‘liq o‘sgani yo‘q. Siz bunday savollar bilan unga halal berishingiz mumkin. Futbolchilar bunday yoshda psixologik jihatdan bardoshli bo‘lishmaydi. Tushunaman, men ham siz kabi unga ishonaman. Lekin, gap psixologiyada. Jahon futbolida iqtidorli qancha futbolchilar bo‘lgan. Qani hozir ular? Shu sababdan biroz bosiqroq bo‘lishimiz kerak.
- Marchich bugungi o‘yinda yaxshi tassurot qoldirdi. Uning ikkinchi bo‘limda zaxiraga olingani jismoniy holat bilan bog‘liqmi?
- Ha, bugun uning birinchi o‘yini. U sharoitga moslashib olishi kerak. Hozir u eng yaxshi holatda emas. Yevropada mavsum tugagan. Sabab shunda. Bizda esa endi davralar oralig‘i tugadi. Bugun u o‘ziga berilgan vaqtda foydali harakat qildi.
- Uzoq vaqt etgan g‘alabasiz seriya jamoa psixologiyasiga ta’sir qilgan desa bo‘ladimi?
- Ha, qanday xatolarga yo‘l qo‘yayotganimizga qarang. Oddiy vaziyatlardan gol o‘tkazyapmiz. Buni oldin ham aytgandim. Yigitlar bilan shu masala bo‘yicha suhbatlashdik, yechim qidirmoqdamiz. Jismonan, o‘yin tomonlama hammasi yaxshi. Bu yerda gap psixologiyada. Jismonan biz tayyormiz. O‘yin boshida 20 daqiqa yaxshi o‘ynadik, keyin o‘yinni tashlab yubordik. Oxirida ham 20 daqiqa yaxshi o‘ynadik.
- Psixologiyadagi muammoni qanday yechsa bo‘ladi?
- Bu ham katta javob talab qiladigan savol. Albatta, ishlash orqali. Nazariyada, individual suhbatlar va hakazo. Bularning barchasi o‘yinda o‘ziga bo‘lgan ishonchga borib taqaladi. Bu masala hal qilinsa, natija bo‘ladi. O‘yindagi ishonchli harakat natijaga olib keladi.
- Qisqa vaqt ichida jamoada shu masalalar bo‘yicha o‘zgarish qila oldim deb o‘ylaysizmi?
- Menimcha, ha. Biz o‘yin uslubimizni to‘liq o‘zgartirdik. To‘g‘rirog‘i, o‘zgartirishga harakat qilyapmiz. Bu oson emas. Albatta, har kim qandaydir darajada o‘zgartirish kiritadi. Kimdir ko‘p, kimdir kam.
- Farruh Ikromovning o‘yinidan qoniqdingizmi?
- Men natijadan qoniqmadim. Biz tajribali raqibga qarshi o‘ynadik, ha. Biroq, biz uyda o‘ynagandik. Bitta futbolchi hammasini hal qila olmaydi. Butun jamoa harakat qilish kerak. Yaxshi vaziyatlar bo‘ldi, yomon vaziyatlar bo‘ldi, ammo Farruh bu o‘yinda oldingisiga qaraganda yaxshi harakat qildi. Biz uning darajasini bilamiz. Biz kutayotgan o‘yinni u hali ko‘rsatmadi. Bu tushunarli, u yarim yil yetarli o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmadi. Unga vaqt kerak. Tez orada uni avvalgi holatda ko‘ramiz.
- Tairaga nima bo‘ldi?
- U o‘yindan oldingi mashg‘ulotlarda jarohat oldi. Bog‘imlarini jarohatlab oldi. Ertaga tibbiy xulosadan so‘ng vaziyatni bilamiz.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!