Boksdagi ayyorona yurish. Xitoy Osiyo o‘yinlarida O‘zbekistondan peshqadamlikni qanday tortib oldi?
Hangjouda o‘tgan Osiyo o‘yinlarida boks bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoasi oltin medallar soniga ko‘ra, kurashchilardan keyin dzyudochilar bilan birga eng muvaffaqiyatli ishtirok etgan sport turi vakillariga aylanishdi. Ammo Tokioda Olimpiadadagi peshqadamlik qo‘ldan chiqarilgan bo‘lsa, Hangjouda o‘zbek boksining Osiyo o‘yinlaridagi gegemonligini mezbon Xitoy tortib oldi. Bokschilarimizni shohsupaning eng yuqori pog‘onasida ko‘rishga odatlanganimizdan bo‘lsa kerak, shu natija ham yakkahokimlik qo‘ldan chiqarilgani sabablarini o‘rganishga undadi.
Osiyo o‘yinlariga qanday tarkib yo‘l olgandi?
Hangjou-2022 boks bahslarida jami 13ta vazn toifasidagi medallar komplekti uchun janglar o‘tkazildi. To‘lqin Qilichev bosh murabbiyligidagi O‘zbekiston erkaklar jamoasi 7ta vazn toifasidagi – (-51 kg:) Hasanboy Do‘smatov, (-57 kg:) Abdumalik Xalokov, (-63,5 kg:) Ruslan Abdullayev, (-71 kg:) Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev, (-80 kg:) To‘rabek Habibullayev, (-92 kg:) Lazizbek Mullojonov va (+92 kg:) Bahodir Jalolov singari bokschilar bilan ishtirok etdi. Jakarta-2018dan farqli o‘laroq, murabbiylar shtabidan mahalliy mutaxassislar Rahmatjon Ro‘zioxunov, Farrux Qilichev, Akmal Hasanov, Davron G‘afurov, Ziyatdinbek Toygonboyev, Yergali Yarashovdan tashqari, Steyners Tissert, Xuan Enrike, Li Echeveriya Xulio, Morales Montero, Xesus Alberto singari kubalik murabbiylar joy olgandi.
Elshod Rasulov bosh murabbiyligidagi O‘zbekiston ayollar jamoasi esa avvalgi Osiyo o‘yinlaridan farqli o‘laroq, uch vaznda emas, 6ta vazn toifasida – (-50 kg:) Sabina Boboqulova, (-54 kg:) Nigina O‘ktamova, (-57 kg:) Sitora Turdibekova, (-60 kg:) Rayhona Qodirova, (-66 kg:) Navbahor Hamidova, (-75 kg:) Aziza Zokirova kabi bokschilar bilan Xitoyga yo‘l olgandi. Rasulovning murabbiylar shtabidan Timur Axbayev, Anna Sidorova, Islom Tojiboyev singari mahalliy mutaxassislar o‘rin olgandi.
Hangjou-2022da Jakarta-2018dagi natija nega takrorlanmadi?
Boks bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoasi avvalgi Osiyo o‘yinlari-2018da 10ta vazn toifasida ishtirok etgan bo‘lsa-da, medallar jamg‘armasida jami 7 ta – 5 ta oltin va 2 ta kumushga ega chiqib, boks bo‘yicha Osiyoda gegemoniya o‘rnatgandi. Xususan, erkaklar o‘rtasida 7 ta vazn toifasida qatnashgan vakillarimiz shundan 5 tasida chempionlikni (Jasurbek Latipov, Mirazizbek Mirzaxalilov, Iqboljon Xoldorov, Bobo-Usmon Baturov, Isroil Madrimov) rasmiylashtirgandi. Hasanboy Do‘smatov va Shunqor Abdurasulov esa kumush medaliga ega chiqqan. Bokschi qizlar esa medalsiz qaytgandi.
Hangjoudagi Osiyo o‘yinlarida esa bokschilarimiz 13 ta vazn toifasidagi medallar komplekti uchun jangga kirishgan bo‘lsa-da, ular orasida faqat uch nafari – Hasanboy Do‘smatov, Abdumalik Xalokov va Bahodir Jalolov oltinga ega chiqdi. Ushbu uchlik may oyida Toshkentda o‘tgan jahon chempionatida ham yurtimizga oltin medallarni taqdim etgandi. Jahon chempionatida zafar quchgan Asadxo‘ja Mo‘ydinxujayev, Ruslan Abdullayev va Osiyo chempionati g‘olibi sanalmish Lazizbek Mullajonov bu safar kutilgan oltinni taqdim eta olishmadi.
Elshod Rasulov boshqaruvidagi ayollar jamoasidagi 6 nafar bokschidan esa faqatgina Nigina O‘ktamova bronzaga ega chiqdi, Osiyo chempionati-2022 g‘olibi Navbahor Hamidova bu safargi turnirdan medalsiz qaytdi. Medallar kutilgan charmqo‘lqop ustalarining muvaffaqiyatsizligi yakunda O‘zbekistonning medallar jamg‘armasidagi holatiga ta’sir qildi va bokschilar Hangjou-2022 peshqadamligini Xitoyga topshirib, jami 3ta oltin va 2ta bronza bilan 2-o‘rinni egallashdi.
Ayyorona yurish: Xitoy O‘zbekistonni qanday qilib ortda qoldirdi?
Chin yurti vakillari nafaqat Osiyo o‘yinlarida, Olimpiadalarda ham peshqadamlar qatorida borayotgani barchaga ma’lum. Ammo xitoyliklarning endi boksda ham cho‘qqilarni zabt etishni boshlagani Osiyoda hammadan ham ko‘ra, ko‘proq o‘zbek boksi mutaxassislarini tashvishlantirishi, har holda yirik turnirlardagi medallar ulushida boksning o‘rni katta ekanini inobatga olsak, o‘zbek boksi uchun bu xavotirli va ogohlik qo‘ng‘irog‘idek yangrayotgandek, go‘yo.
Ammo, qayd etish joiz Xitoy o‘zi mezbonlik qilgan Osiyo o‘yinlaridagi boks bo‘yicha bahslarda erkaklar o‘rtasidagi janglar bilan emas, ayollar o‘rtasidagi vazn toifalarni 3tadan 6taga oshirilishi evazigagina O‘zbekistondan yetakchilikni tortib olish mumkinligini tushundi. Har holda Guanchjou-2010da ham, Incheon-2014da ham, Jakarta-2018da ham ayollar o‘rtasidagi bahslarda vazn toifasi 3tadan oshmagandi, Hangjou-2022dan oldin esa negadir gender tengligi haqida gapira boshlandi va yakunda nozik jins vakillari o‘rtasida ham vaznlar oshirildi. Bu esa Xitoy manfaati uchun xizmat qilishi aniq edi. Sababi xitoyliklar so‘nggi Olimpiadalarda ham, avvalgi ikki Osiyo o‘yinlarida ham erkaklar o‘rtasidagi boks bahslarida birorta ham oltin medalni yutmagan. Faqatgina ayollar o‘rtasidagi bahsda ustun bo‘lgan chin yurti vakilalari bu ustunliklarini ishga solishdi. Natija esa kutilgandek bo‘ldi – Xitoy Hangjou-2022da boks bo‘yicha 5ta oltinga ega chiqdi, shundan 4tasi ayollar o‘rtasidagi bahslarda qo‘lga kiritildi. Bu esa erkaklar o‘rtasidagi bahslarda Osiyoda tengsiz bo‘lgan O‘zbekistonning zarariga ishladi – 3ta oltinning barchasi erkaklar o‘rtasidagi janglarda qo‘lga kiritildi. Shu tariqa, Xitoy boks bo‘yicha umumjamoa hisobida 1-o‘rinni egalladi, O‘zbekiston esa 2-o‘ringa tushdi.
Endi nima qilish kerak?
Ayollar boksining yirik turnirlar umumjamoaviy reytingida ta’siri ortayotgan ekan, O‘zbekiston boks federatsiyasi ham Eldosh Rasulov murabbiyligidagi boks bo‘yicha O‘zbekiston ayollar jamoasi natijalarini chuqur tahlil qilib, tanqidiy ko‘rib chiqishi, Xitoy yo‘lidan borib faqat erkaklar jamoasida emas, ayollar jamoasida ham jahonda yetakchi bo‘lgan Kuba boks maktabi mutaxassislarini taklif etish masalasini ko‘rib chiqishi maqsadga muvofiqdek ko‘rinmoqda.
Shu o‘rinda qayd etish joiz, Olimpiada yoki Osiyo o‘yinlaridek yirik turnirlardagi natija bokschilarimizning jahon yoki Osiyodagi o‘rni pasaygani yoki yuqorilaganiga aniq baho bo‘la olmaydi. Bu borada Osiyo va jahon chempionatlaridagi natijalar asosiy mezon sanaladi. Chunki unda turli vaznlar toifasidagi sportchilar soni ko‘proq, yirik sport musobaqalarida esa vaznlar toifasi qisqaradi. Boks bo‘yicha 2023 yilgi jahon chempionati va 2022 yilgi Osiyo chempionatida esa O‘zbekiston medallar jamg‘armasida yaqqol peshqadamlik bilan 1-o‘rinni egallagan. Xitoy esa atigi bitta bronza bilan Mo‘g‘ulistondan keyingi 10-o‘rinda qolgan.
Usmon Ibodov
“Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring