O‘zbekiston U17 terma jamoamiz Indoneziyadagi jahon chempionatida chorak finalga yetib kelgani muhim voqelik. Chunki mundialda 0:3 hisobidagi mag‘lubiyat bilan boshlagan vakillarimiz keyinchalik o‘z kuchlarini namoyish qilib, guruhdan chiqishdi va chorak finalga qadar yetib keldilar. Unda esa Fransiyaga yagona gol evaziga mag‘lub bo‘ldik. Terma jamoamiz uchun musobaqa yakuniga yetgach, bosh murabbiy Jamoliddin Rahmatullayev bilan suhbatlashdik.
- Terma jamoamiz mundialda chorak finalgacha yetib borgani sizni xursand qiladimi? Ya’ni, vazifa bajarildi, deb hisoblaysizmi?
- Savolga keladigan bo‘lsak, bir tomondan xursand qiladi, ikkinchi tarafdan biroz dilni xira qiladigan holatlar bor. Xursand qiladigani shuki, jahon chempionatida kuchli sakkiztalikka kirishimiz o‘ylaymanki, yomon natija emas. Lekin ikkinchi tarafdan aytishim mumkinki, biz yanada uzoqroqqa borishimiz mumkin edi. O‘yinlarimizni kuzatganingizda menimcha o‘zingiz ham guvohi bo‘ldingiz. Lekin shuni ta’kidlab o‘tish kerakki, nimaiki bo‘lsa hammasi yaxshilikka. Bu murabbiylar va futbolchilar uchun keyingi faoliyatimizda yanada ko‘proq mehnat qilishimiz, izlanishimiz uchun katta omil bo‘ladi. Musobaqadan to‘ymagan holda, yanada ko‘prog‘iga munosib edik, degan narsa bilan tark etish albatta keyingi ishlarimizda qo‘shimcha motivatsiya beradi. Vazifa bajarildimi, deganda rahbariyat tomonidan biror-bir katta maqsad qo‘yilmagandi. Qisqa qilib aytganda, guruhdan chiqish vazifasi qo‘yilgandi. O‘ylaymanki, biz undan ko‘ra uzoqroqqacha bordik.
- Fransiyaga qarshi bahsda siz diskvalifikatsiya sababidan tribunada o‘tirdingiz. O‘zingizni qanday his qildingiz? Murabbiylar shtabida emasligingiz futbolchilarga biroz bo‘lsa-da ta’sir qildi, deb o‘ylaysizmi?
- Juda qiyin holatga tushib qoldim. Chunki sizni jamoangiz eng muhim o‘yinlardan birini o‘ynamoqda va siz uchrashuvni zaxira o‘rindig‘ida emas, yuqorida xuddi muxlisdek kuzatish juda og‘ir bo‘ldi. Ammo murabbiylar shtabidagi barcha maksimum qo‘lidan kelgan harakatni qilishdi. Xatoimdan to‘g‘ri xulosa chiqarib oldim, albatta. Yigitlar bilan uchrashuvdan avval juda ko‘p gaplashdik. Futbolchilar yarim finalda meni maydonda bevosita jamoani boshqarishim uchun hamma harakatni qilishdi. Biroq nasib qilmadi. Hammasi Xudodan.
- Terma jamoamiz mundialni Maliga qarshi 3:0 hisobida mag‘lubiyat bilan boshlagani albatta yoqimsiz edi. Ammo shundan keyin jamoamiz irodasini va xarakterini ko‘rsatdi. Bunday omadsiz debyutdan keyin jamoani qanday qilib tiklay oldingiz?
- To‘g‘ri, ta’kidlab o‘tdingiz, yirik mag‘lubiyatdan so‘ng qiyin vaziyatga tushib qolgandik. Lekin hali oldimizda ikkita o‘yinimiz bor edi, hammasi o‘z qo‘limizda turgandi, chorasiz holatga tushmadik. Tan olishimiz kerak, birinchi o‘yindagi mag‘lubiyatdan keyin biroz tanqidlar bo‘lgan bo‘lishi aniq. 17 yoshdagi futbolchilarga bilamizki, bitta gap ko‘p, yarimta gap kam bo‘ladi. Bu tanqidlar ularga psixologik ta’sir qilishi mumkin edi. Bunaqa paytlarda albatta ularni qo‘llab-quvvatlash kerak va shunday bo‘ldi ham. Xalqimizdan dalda bo‘lib turdi, bizga yetkazishdi. Rahbariyat tomonidan ham hech qisi yo‘q, deya hammasi o‘z qo‘limizda deb bizni qo‘llab-quvvatlashdi.
Maksimum harakat qildik. Yigitlarni telefonlardan foydalanmaslikka, turli xil negativ so‘zlarni o‘qimaslikka undadik, oldimizda turgan ikkita o‘yin o‘ta muhimligi, vaqtimiz yo‘qligi, xafa bo‘lishga yoki tushkunlikka tushishga, aybdorni qidirishimizga vaqtimiz yo‘q edi. Biz vaziyatdan chiqib ketish uchun chora topishimiz kerak edi. Yigitlarga katta rahmat. O‘zlarini qo‘lga olishdi, o‘yindan-o‘yinga kuchayib borishdi. Qiyin vaziyatni to‘g‘rilashganligi uchun murabbiylar shtabi, futbolchilar va barchaga rahmat aytaman. Boya aytganimdek, biz yanada uzoqroqqa borishimiz mumkin edi.
- Qaysi uchrashuv terma jamoamiz uchun og‘ir kechdi?
- Birorta o‘yin yengil o‘tmadi. Bu jahon chempionati. Yengil o‘yinlarni kutishni o‘zi noto‘g‘ri. O‘zingiz aytganingizdek, Mali bilan juda qiyin uchrashuv bo‘ldi. Bunaqangi psixologiyadan keyin burilish nuqtasi Kanada bilan o‘yinda bo‘lishi kerak edi. Albatta, hisob 3:0 bo‘lgan bo‘lsa ham raqib kuchli edi. Jismoniy, individual, taktik, umuman har tomonlama yaxshi jamoa edi. Futbolchilarimiz o‘zlarida kuch topa olishdi. Ispaniya bilan 2:0 hisobida orqada qolayotganda bizga katta kuch va xarakter kerak bo‘ldi. Futbol vatani Angliya bilan yigitlarimiz yaxshi harakat qilishgan bo‘lsa ham bu finaldek edi. Yutqazgan jamoa musobaqani tark etardi, buni ikkala jamoa yaxshi bilib turgandi va katta kuch bilan harakat qilishdi. Fransiyaga qarshi afsuski gol o‘tkazib yubordik. Hisobni tenglashtirish uchun jismoniy tomondan qiynalib qolganimizga qaramay, o‘zimizda kuch topa oldik va raqib darvozasi oldida xavfli hujumlar uyushtirdik. Bu ham ularni xarakteridan, qo‘shimcha kuch topa olganlaridan dalolat beradi.
- Mundialda ko‘plab skautlar kuzatishadi. Ayting-chi, terma jamoamizdan qaysi futbolchilarga xorijliklar qiziqib qoldilar?
- Jahon chempionati katta musobaqa. Bu mundialni dunyoni eng kuchli skautlari kuzatib borishadi, bunga shak-shubha yo‘q. Terma jamoamiz futbolchilariga ham skautlar qiziqqanligiga shubha yo‘q. Ammo biz musobaqa jarayonida bu narsani futbolchilarning muvozanati yo‘qolmasligi uchun ularni faqat o‘yin haqida o‘ylashlariga maksimum harakat qildik. Lekin qaysi agent qaysi o‘yinchimizga qiziqqanligi xususida menda hech qanaqa ma’lumot yo‘q. Ammo ishonchim komil, balki endi bunday qiziqishlar bo‘lishi tabiiy. Buni albatta vaqt ko‘rsatadi.
- Endi mundialdan keyingi rejalaringiz qanday?
- Bilamizki, bu yosh toifasida endi katta musobaqalar yo‘q. Rejalarni rahbariyat biladi. Shuni bilamanki, terma jamoada o‘zini ko‘rsatgan futbolchilar o‘zidan katta bo‘lgan U18, U19, balki U23 jamoalaridan chaqiruv olishlari mumkin. Sog‘-omon uyga qaytib olganimizdan keyin rahbariyat bilan gaplashib olamiz.
Shuhratbek Jo‘rayev.
“Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring