JCH-2026 3-saralash bosqichi doirasida bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston - KXDR uchrashuvidan avval matbuot anjumani tashkil etildi. Uning ikkinchi qismida terma jamoamiz ustozi Srechko Katanes hamda sardorimiz Eldor Shomurodov qatnashdi. Quyida anjumanning to‘liq variantini o‘qishingiz mumkin.
- Barchaga salom. Terma jamoamizda hozircha barchasi yaxshi, futbolchilar sog‘lom. O‘yinchilarimiz ertangi bahsga yuz foiz tayyor. Futbolchilar e’tiborini bir joyga jamlashgan va bu meni xursand qilmoqda. Ertaga albatta g‘alaba qozonishni maqsad qilganmiz.
Eldor Shomurodov:
- Nihoyat ushbu kunlar keldi. Buni uzoq vaqt kutdik. Barcha o‘yinlarga tayyor. Maqsadimiz bor va u uchun borimizni beramiz.
Eldor Shomurodovga:
- Bundan avval ikki marotaba Jahon chempionati saralashida ishtirok etgansiz. Bu safar uchinchi saralash siklida ishtirok etmoqdasiz. Avvalgi saralashlardan bu safargisi siz uchun nimasi bilan farq qiladi va avvalgi bosqichlardan nima saboqlar chiqarsak bo‘ladi?
- Bundan avvalgi saralashlarda yosh futbolchi bo‘lganman. Terma jamoada tajribali, yetakchi futbolchilar ko‘p edi. Bu safargisi biroz boshqacharoq, sababi bu safar men terma jamoa sardoriman va o‘sha tajribali futbolchi menman. Endi ko‘p yuk mening yelkamga tushadi. Tajribali futbolchilardan o‘rgangan narsalarimizni endi qo‘llaymiz. Avvalgi Jahon chempionati saralashlarida bir nima yetishmagani sabab, biz mundialga chiqa olmaganmiz. Ayni damda, bir oila bo‘lib vazifani bajarishimiz kerak.
- Zich taqvim sabab, uchinchi saralash bosqichini o‘rtoqlik o‘yinlarisiz boshlayapmiz. Shu haqda fikr bildirib o‘tsangiz. Terma jamoaning hozirgi holati qanday?
- KXDR va bizning o‘rtamizda farq shundaki, KXDR terma jamoasi yig‘in tashkil eta oldi va o‘rtoqlik o‘yinlarini o‘tkazdi. Biz uch yildan beri birgamiz va barcha futbolchilar nimani maqsad qilganimizni juda yaxshi bilishadi. Futbolchilar terma jamoa ixtiyoriga bir xil holatda yetib kelgani yo‘q, qaysidir futbolchilar ko‘proq o‘ynamoqda, qaysidir futbolchi esa kamroq. O‘yinchilar dushanba kuni terma jamoa bilan shug‘ullanishni boshladi. Ikkita mashg‘ulot o‘tkazdik, bugun rasmiy mashg‘ulotda ishtirok etamiz va ertaga o‘yin, lekin futbolchilar nima qilishni juda yaxshi bilishadi. Shuningdek, juda ko‘p xohish ham yaxshi oqibatlarga olib kelmaydi. Bu shunchaki ortiqcha bosim xolos. Motivatsiyaning ko‘payib ketishi yoki umuman bo‘lmasligi ham yomon. O‘z ishimizni bajarishda davom etishimiz kerak, KXDR ham bekorga so‘nggi bosqichga qadar yetib kelmagan.
- O‘zbekiston terma jamoasi bunga qadar hech qachon bunday tizimli tayyorgarlik ko‘rmagan. Biz uch yildan beri bir maqsadga erishish uchun ishlab kelmoqdamiz. Bu vaqt ichida tarkibimizda o‘zak tashkil qilindi. Nima deb o‘ylaysiz, ushbu o‘zak yaqin kelajakda o‘zgarishi mumkinmi? Masalan, Jahon chempionatiga chiqsak, ayni damdagi tarkibimizda o‘zgarishlar bo‘lishi mumkinmi?
- Biz Jahon chempionatiga chiqishga ulgurdik (kuladi). Ertaga nima bo‘lishini bilmayman va shu sababli kelajak haqida bir nima deyish noto‘g‘ri. Ertangi uchrashuvda yaxshiroq o‘yin namoyish etishga harakat qilaylik.
- Ertangi uchrashuvda tarkibda o‘zgarishlar kuzatilishi mumkinmi? Qaysi futbolchilar qanday holatda ekanligini ayta olasizmi?
- Barchasini ertaga bilib olasiz. OAV oldida qaysidir futbolchim bunday holatda deb aytib o‘tishim noto‘g‘ri va shu sababli ushbu savolingizga javob bera olmayman, afsuski.
Eldor Shomurodovga:
- Olimpiya o‘yinlarida biroz o‘yiningiz qovushmadi. Ertangi uchrashuvda maydonga tushib barchasini isbotlayman degan hissiyot sizda bormi?
- Albatta. O‘zbekiston terma jamoasiga chaqirilganimda har doim eng yuqori xohish bilan o‘ynaganman. Esimni taniganimdan beri barcha insonlarning orzusi - O‘zbekistonimiz Jahon chempionatiga chiqishi. Bu barchamizning orzumiz va ushbu orzuni amalga oshirish uchun borimizni beramiz.
- KXDR terma jamoasini o‘rganish uchun ixtiyoringizda oldingi saralash bosqichidagi uchrashuvlar va yaqinda o‘tkazilgan o‘rtoqlik uchrashuvlari bor edi. So‘nggi o‘rtoqlik uchrashuvlarida KXDR aynan O‘zbekiston terma jamoasiga qarshi tayyorgarlik ko‘rgan. Ushbu uchrashuvlarning tahlili davomida KXDR terma jamoasida qanday o‘zgarishlarni sezdingiz?
- To‘g‘risini aytsam, KXDRni tahlil qilish oson vazifa emas ekan. Sababi, ular juda ko‘p rotatsiyaga qo‘l urishadi. Yaponiyaga qarshi uchrashuvda boshqa tarkib, Suriyaga qarshi esa boshqa tarkib maydonga tushirilgan, aniqrog‘i 4ta o‘zgarish bo‘lgan. Jamoa murabbiy nima istayotganini juda yaxshi bilar va murabbiy ko‘rsatmalarini yaxshi bajarar ekan. Himoyada yuqori intizom bor. Raqibimiz asosan, qarshi hujumlarga tayangan holda o‘yin olib boradi. Keling, o‘zimiz haqimizda ko‘proq qayg‘uraylik, biz kuchliroq jamoamiz va biz o‘z uyimizda o‘ynamoqdamiz. Bu yerda kim xo‘jayin ekanligini ko‘rsatib qo‘yish kerak".
“Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Netanyaxuni hibsga olishga order berdi
Qozog‘iston Ukraina atrofidagi vaziyat tufayli harbiy va fuqarolik obyektlari xavfsizligini kuchaytirdi
O‘mon sultonligi elchisi: «Urushlarni harbiy kuch bilan hal qilib bo‘lmaydi»
2026 yilda bo‘lajak mundialning favoritlari reytingi taqdim etildi
Shavkat Mirziyoyev Rossiya bosh prokurori bilan uchrashuv o‘tkazdi
22 noyabr kuni Cobalt avtomobiliga shartnoma ochilishi e’lon qilindi
Italiya sudi Quddus Isroil poytaxti emasligi haqida qaror chiqardi