15:07 / 29.03.2025
624

Temur Kapadze: “Mening vazifam futbolchilarning ishini osonlashtirish” (intervyu)

Temur Kapadze: “Mening vazifam futbolchilarning ishini osonlashtirish” (intervyu)
Kun podkastining bu galgi sonida O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Temur Kapadze bilan 2026 yilgi Jahon chempionatiga chiqish imkoniyati, Srechko Katanetsdan so‘ng jamoada amalga oshirilgan ishlar, Qirg‘iziston va Eronga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvlar, futbolchilarning jismoniy va ruhiy holati, iyun oyida bo‘lib o‘tadigan navbatdagi muhim o‘yinlarga tayyorgarlik va boshqa mavzularda suhbatlashildi.

Shu yil yanvar oyida O‘zbekiston milliy jamoasining sobiq bosh murabbiyi Srechko Katanes sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar sabab O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi bilan tuzilgan shartnomani o‘zaro rozilik bilan bekor qilgandi.

Katanes iste’fosidan so‘ng futbol tarixida ilk bor O‘zbekiston olimpiya jamoasini olimpiadaga olib chiqqan va yakunda O‘zbekistonda yilning eng yaxshi murabbiyi sifatida e’tirof etilgan Temur Kapadze bosh murabbiylikka tayinlangandi.

Shu kunlarda Osiyo mamlakatlari o‘rtasida JCH-2026 uchun saralash bosqichi ketmoqda. Bugungacha O‘zbekiston bir nechta o‘yinlarni ham o‘tkazdi. Kun podkasti ijodkorlari aktuallikdan kelib chiqib Kapadze bilan suhbat uyushtirdi. Quyida intervyudan ayrim parchalar keltiriladi.

– Oxirgi 2 ta: Qirg‘iziston va Eronga qarshi o‘yindan keyin hozirgi holatingiz qanday? Ikki uchrashuvda nimalarni yashab o‘tdingiz?

– Ikki o‘yindan ham baribir yomon o‘tmadik, Xudoga shukur. Birinchi navbatda, albatta, mas’uliyat, hammasini tushunib turibmiz. Tashvish vaqt ziqligida bo‘ldi, bu jamoani men endi qabul qildim desam ham bo‘ladi, undan oldingi yig‘inda deyarli boshqa futbolchilar edi, bu yig‘inga endi qo‘shilishdi, to‘g‘ri, biz o‘n oltinchi [sana]da “zbor”ga kirdik, lekin kechga yaqin kirdik.

Futbolchilar o‘n yettinchi yoki o‘n sakkizinchida keldi. Ularning hammasi deyarli 2 kun oldin yig‘ildi, unda ham o‘n sakkizinchida deyarli to‘liq mashg‘ulot o‘tkaza olmadik, taktik mashqlarni bajarishga harakat qildik. Lekin ayrim futbolchilar yo‘ldan kelgani uchun unaqa katta bosim qilmadik yoki oxirigacha mashg‘ulotni o‘tkaza olmadik. Faqat bir kun, ya’ni o‘yindan oldingi mashg‘ulot [qilindi], unda ham bir soat beriladi. Mana shularni tushungan holda, albatta, o‘n yetti va o‘n sakkizinchida kelishgandan keyin, ularni birinchi navbatda tiklash bilan ovora bo‘ldik.

Chunki hammasi o‘yinlardan keyin kelyapti, yo‘ldan kelishyapti. Inson baribir tirik jon, o‘yindan keyin yo‘lga chiqish bor, kechasi bilan uchiladi, yanayam Yevropadan to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslar emas. Bilasizlar, Turkiya orqali yoki, albatta, orasida yana boshqa tranzit yo‘llari bor. Uning ustiga soatida farqi bor, iqlim – hammasi [ta’sir qiladi]. Balki chetdan oson tuyulishi mumkin, lekin futbolchilarga 2 kundan keyin yo‘ldan kelib, maydonga chiqish, bu – moslashiladigan jarayon. Chunki Eldor deymizmi, boshqalarmi – ular optimal formasini his qilmaydi. Buning ustiga Qirg‘izistonga qarshi o‘yinni tushuntirish kerak, eski o‘yinlarni teoriyada ko‘rsatib, kamchiliklarimiz qanday bo‘lgan, ular nima orqali o‘ynayapti, biz nima orqali o‘ynasak bo‘ladi – bu narsalarni tushuntirishga, maydonda o‘sha vaziyatlarni jarayonda bajarishga harakat qildik.

Shu ikki kun davomida ham futbolchilarga bir narsalarni yetkazishga harakat qilib, shu tashvishlar bilan yurdik. Lekin shunga qaramay, Qirg‘izistonga qarshi “nastroyimiz” ham yaxshi edi, ularning motivatsiyasini ham bilamiz, o‘ziga yarasha “derbi”. Lekin o‘ylaymanki, yigitlar o‘yinda deyarli ularga [qirg‘izlarga] imkoniyat qoldirmay harakat qilishdi. “Pressing”da to‘liq ustuvorlik bo‘ldi, faqat 1-2 ta gol yetishmadi, imkoniyatlar ham bo‘ldi, qayerdadir realizatsiya, qayerdadir darvozabon yaxshi ishtirok etdi.

Endi, albatta, men ham eshitdim yoki ko‘rdim, balki kimdadir qanaqadir afsus bo‘ldi. “Ikki-uch nolgacha bo‘lganida boshqacha bo‘lar edi” deyish mumkin. Lekin bunga ham shukur qildik. Chunki asosiysi 3 ochko oldik, 1:0, balki ikkinchi taymda yana ko‘proq bosim qilishimiz mumkin edi, qildik ham. Lekin ular ochilmadi, ochilganda yana ham [yaxshiroq bo‘lar edi], lekin bizning ham shoshilayotgan joyimiz yo‘q edi.

– Temur aka, siz futbolchi sifatida bu maydonda juda ko‘p o‘ynagansiz. Hozirda maydon og‘ir deb aytishadi. Lekin nima uchun og‘ir his qilinadi, biz muxlis sifatida tushunmaymiz. Buni u yerga tushib o‘ynagan biladi, siz o‘ynagansiz, murabiy sifatida ham chetda turasiz. Nimaga bu maydon og‘ir?

– Endi og‘irligini bilmadim, o‘yinlar balki qiyin o‘tayotgandir. Lekin maydonda yugurayotganda unday og‘irlik sezilmaydi. Ayrim paytlarda maydonda holatlar bo‘lgan, masalan, chim, yoz kunlarida isib ketish bo‘ladi. Lekin hozirgi kunda holati ham yaxshi, yigitlar yoki boshqa odamdan ham bunday narsani eshitmaganman. Endi irimiga ko‘ra, bir vaqtlar shunday qurilgan, norozilik ko‘p bo‘lgan degan narsalar bo‘lgan. Buning ham qandaydir ta’siri bo‘lishi mumkin, odam norozi joyda baraka bo‘lmaydi deyishadi, buni ham bilamiz.

Lekin buning allaqachon vaqti ham o‘tdi deb o‘ylayman. Oldin qandaydir shu haqda gap-so‘zlar ko‘p edi. Boshqa stadionlar bilan solishtirganda ham menimcha, futbolchilar bunga moslashib bo‘lgan. “Bunyodkor” stadionining baribir tribunalari yaqinroq, aurasi boshqacha, muxlisning nafasini, baqirishini sezadi, ko‘proq odam bo‘lsa, bu yanayam sezilar, bu ham rol o‘ynashi mumkin. “Paxtakor”, albatta, bu tarafdan boshqacha, tribunalari uzoqroq va deyarli siz maydondasiz. Unday bosimni his qilmaysiz. Bunda ham futbolchilarda moslashish bo‘ladi, ular buni sezishadi va yashashiga to‘g‘ri keladi.

– Jamoa uchinchi turgacha Katanes bilan keldi, undan keyin murabbiy almashdi. Sizning murabbiyligingizga o‘tgungacha ham yaxshi yutuqlar bilan kelishdi, hozir ham yaxshi davom etyapti. Agar Jahon chempionatiga chiqilsa, bu yerda Katanetsning ham hissasi bor degan fikr paydo bo‘ladi baribir. Lekin agar muvaffaqiyatsizlik bo‘lsa, faqat sizga tosh otilishidan qo‘rqmadingizmi jamoani qabul qilayotganingizda?

– Endi xayoldan hamma narsa o‘tadi. Menimcha, har bir murabbiy bunga tayyor turishi kerak. Bu narsa [murabbiyni tanlash ham] hamma narsa inobatga olingan holda bo‘ladi-ku, tanlov menda qolguncha ham xoh federatsiya, xoh rahbariyat, xoh futbolchilar bo‘lsin, qancha maslahatlar qilingan bo‘ladi. Shu fikrlarni bilib, keyin bitta qarorga kelingan. Hamma tarafdan meni xohlab turishgan bo‘lsa, men nega yo‘q deyishim kerak, bu birinchidan. O‘zimga ham ozmi, ko‘pmi ishonchim bor.

Albatta, xavotir bo‘ladi… Bu futbol, hammasini tushunib turibman. Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritayotganda hatto oxirigacha tashvishda bo‘lasiz, chunki bu sport. Chunki maydonga tushiladi, ming kuchli bo‘lishimiz, ustunligimiz bo‘lishi mumkin, lekin qayerdadir omad, har xil vaziyatlar bo‘lishi mumkin. Subyektiv, psixologik omillar katta rol o‘ynaydi, buni oldindan 100 foiz bilaman, hammasi to‘g‘ri deyolmaysiz. Maydonda raqib jamoa ham bor, xuddi shunday tayyorgarlik ko‘rib chiqqan bo‘ladi. O‘yindan oldin ha, tayyorgarlik ko‘rasiz, lekin bu – futbol. Unga hech kim 100 foiz kafolat berolmaydi.

To‘g‘risini aytsam, qiyin vaziyat ekanini tushunib turibman. Chunki oson o‘yinlar qolmagan, birinchi “krug”ga qaraganda ikkinchisi qiyinroq. Chunki Eron, BAA chiqqan, Koreyadan o‘tildi, faqat Qirg‘iziston. Shuning uchun bu vaziyatda ko‘proq tashvishim vaqt kamligida edi. Chunki tezroq kirishib ketishim, kommunikatsiyada bo‘lishim kerak edi. Futbolchilar keladi, bunga ozgina vaqt kerak edi-da. Birinchi o‘yinda ozgina uzoqroq edik, undan keyin ancha yaqinlashdik. Futbolchilarni yanayam yaxshiroq bilib oldim: harakatlari, kamchiliklari… Undan avval ham ko‘pini tanir edim, lekin ish jarayonidagisi boshqa vaziyat-da.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport