"Bavariya" Chempionlar ligasi o'yini oldidan "PSJ"ni mehmonxonasiz qoldirdi

"Bavariya" va "PSJ" o'rtasidagi Chempionlar ligasi yarim final javob uchrashuvi oldidan mehmonxona borasida kelishmovchilik yuzaga keldi. Parijliklar dastlab Myunxen chekkasidagi to'rt yulduzli "Infinity" mehmonxonasida qolishni rejalashtirgan edi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Biroq, Germaniya chempionlari ushbu mehmonxonani allaqachon band qilib qo'ygan. "Infinity" mehmonxonasi stadiondan atigi 15 daqiqalik masofada joylashgan bo'lib, "Bavariya" uchun uy o'yinlari oldidan sevimli joy hisoblanadi.
Jamoa bosh murabbiyi Vinsent Kompani va sport direktori Kristof Froynd o'zlarining odatiy joylaridan voz kechishni istamadi. Kompani matbuot anjumanida «Bu bizning shahrimiz, biz Infinity mehmonxonasida qolamiz» deb ta'kidladi.
"PSJ" o'tgan yili Chempionlar ligasi finalida "Inter" ustidan g'alaba qozonganida aynan shu mehmonxonada qolgan edi. Endi esa Fransiya chempionlari "Andaz" dizayn-mehmonxonasiga joylashishga majbur bo'ldi.
Parijliklar seshanba kuni Myunxenga yetib kelgach, to'g'ridan-to'g'ri yangi besh yulduzli mehmonxonaga yo'l oladi. Shundan so'ng stadionda matbuot anjumani va yakuniy mashg'ulot o'tkaziladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!