
Futbol olamida kutilmagan tanqidlar yangradi. Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA)ning sobiq rahbari Zepp Blatter butun dunyo bo‘ylab futbol o‘yinlari soni haddan tashqari ko‘payganini ma’lum qildi. Uning fikricha, bu tendensiya nafaqat futbol sifatiga, balki sportchilarning sog‘ligiga ham jiddiy tahdid solmoqda, deb xabar berdi The Athletic.
Eslatib o‘tamiz, 14 iyundan 13 iyulgacha AQSH mezbonlik qilgan Klublar o‘rtasidagi Jahon chempionati yakunlandi. Hal qiluvchi finalda Angliyaning “Chelsi” klubi fransuz grandi PSJni 3:0 hisobida mag‘lub etdi va yangi formatdagi musobaqaning ilk g‘olibiga aylandi.
Biroq ushbu musobaqa atrofidagi muhokamalar hali to‘xtamagan. Zepp Blatterning bildirishicha, bu kabi turnirlar futbolni ortiqcha yuklama bilan to‘ldirmoqda.
“Futbol Saudiya Arabistoniga boy berildi. U yerda futbol o‘ynash taklifi qilindi va ular buni rad etmadi. Eng ajablanarlisi, FIFAning bu holatga qarshi chiqmaganidir. Bugungi kunda futbolchilar ham, klublar ham to‘liq dam olish imkoniyatidan mahrum. Ularni majburiy ravishda maydonga qayta-qayta chiqarish – azoblash bilan barobar. AQSHdagi Klublar o‘rtasidagi mundialda kuzatilgan issiqlik esa inson sog‘ligi uchun xavfli darajada edi. Buni mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydi”, – deya ta’kidladi Blatter.
1998 yildan 2015 yilgacha FIFA prezidenti lavozimida faoliyat yuritgan Zepp Blatter oradan yillar o‘tsa-da, jahon futbol siyosatiga befarq emas. Uning gaplarida nafaqat sportchilar haqida qayg‘urish, balki futbolning umumiy rivojlanish yo‘nalishlari borasida ham jiddiy xavotir bor.
Blatterning so‘zlariga ko‘ra, futbol faqat tijorat asosida emas, balki inson resursini inobatga olgan holda tashkil etilishi kerak. “Har kuni maydonda to‘p surish bilan futbol rivojlanmaydi. Aksincha, charchoq, jarohat va ruhiy tanazzulni kuchaytiradi”, – deydi u.
Ayni paytda futbol jadvali jahonning turli go‘shalarida deyarli uzluksiz musobaqalar bilan to‘lib ketgan. Qit’alar miqyosidagi chempionatlar, milliy ligalar, kuboklar, xalqaro turnirlar va endi Klublar o‘rtasidagi Jahon chempionati – bularning barchasi futbolchilar zimmasida ulkan yuk bo‘lib qolmoqda.
Shu bilan birga, muxlislar orasida ham turli fikrlar yangramoqda. Ayrimlar bu kabi musobaqalarni intiqlik bilan kutsa, boshqalar futbol mazmuni va sifatini pasayishiga shubha bilan qaray boshladi.
Blatterning keskin bayonoti kelgusida FIFA siyosatlariga ta’sir ko‘rsatishi mumkinmi? Bu haqda hozircha aniq gap bo‘lishi qiyin. Ammo bir narsa ravshan – futbolning kelajagini faqat g‘alabalar emas, sog‘lom yondashuv hal qiladi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar